Jahon | 19:00 / 24.04.2023
46400
9 daqiqa o‘qiladi

Xitoy elchisi bilan bog‘liq mojaro. Pekin munosabat bildirdi

Xitoy TIV rasmiysi Xitoy SSSR tarkibiga kirgan barcha mamlakatlarning suverenitetini hurmat qilishiga ishontirdi.

Foto: TF1 INFO

Xitoy tashqi ishlar vazirligi dushanba kuni Xitoy barcha possovet mamlakatlar suverenitetini hurmat qilishini ma’lum qildi. Bu bayonot xitoyliklarning Fransiyadagi elchisi fransuz telekanaliga bergan intervyusida sobiq SSSR davlatlari maqomini shubha ostiga olishi tufayli yuzaga kelgan mojaro fonida berildi.

Elchi Lu Shayning so‘zlariga Ukraina va Boltiqbo‘yi mamlakatlari keskin munosabat bildirdi. Latviya, Litva va Estoniya dushanba kuni Xitoy elchilarini tushuntirish berish uchun chaqirtirdi.

«Tegishli masala bo‘yicha Xitoyning pozitsiyasi o‘zgarmagan. Hududiy suverenitetga kelsak, Xitoyning pozitsiyasi doimo aniq bo‘lib kelgan. Xitoy barcha mamlakatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qiladi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomining maqsad va tamoyillarini qo‘llab-quvvatlaydi», dedi dushanba kuni Xitoy TIV rasmiysi Mao Ning matbuot uchun brifing chog‘ida - undan Fransiyadagi elchining so‘zlari Xitoyning rasmiy pozitsiyasini qanchalik aks ettirishi haqida so‘ralgandi.

«Sovetlar ittifoqi parchalanganidan keyin Xitoy birinchilardan bo‘lib yangi tashkil topgan mamlakatlar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatdi va shu paytdan boshlab ikki tomonlama munosabatlar, do‘stlik va hamkorlikni rivojlantirish uchun doimo o‘zaro hurmat va tenglik tamoyillariga amal qilib keladi», deya davom etgan u.

Shuningdek, Mao Ning ba’zi ommaviy axborot vositalari Xitoyning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini «buzib ko‘rsatayotgani»ni qo‘shimcha qildi, lekin aniq nomlarni aytmadi.

Xitoy TIV matbuot kotibi Mao Ning

Xitoyning Fransiyadagi elchixonasi ham xitoylik diplomatning so‘zlari faqat uning o‘ta shaxsiy fikri bo‘lgani, bu so‘zlar siyosiy bayonot hisoblanmasligi va ortiqcha talqin qilinmasligi kerakligini bildirgan.

Avvalroq Yevroittifoq diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel elchi Lu Shayning so‘zlarini yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan so‘zlar deb atagandi va bu so‘zlar Xitoy hukumatining rasmiy pozitsiyasini aks ettirmasligiga umid bildirgandi.

Litva tashqi ishlar vaziri Gabriyelyus Landsbergis dushanba kuni ma’lum qilishicha, Xitoyning Litva, Latviya va Estoniyadagi elchilaridan Lu Shayning so‘zlari nimani anglatishini tushuntirib berish so‘ralgan.

«[...] ularga eslatib o‘tish kerakki, biz possovet davlatlari emas, balki sovetlar ittifoqi tomonidan noqonuniy bosib olingan davlatlarmiz», degan Landsbergis.

Boltiqbo‘yi mamlakatlari Yevroittifoqni vaziyatga jiddiy yondashishga va bu masalani Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirliklari rahbarlarining dushanba kunga rejalashtirilgan uchrashuvida muhokama qilishga chaqirgan.

Yevroparlament deputatlari Fransiya tashqi ishlar vaziri Ketrin Kolonnadan xitoylik diplomatni chiqarib yuborishga chaqirdi.

Yevrokengash prezidenti Sharl Mishel esa YeI va Xitoy munosabatlari blokning iyun oyidagi sammitida batafsil muhokama qilinishini aytib o‘tgan.

Mojaroning mohiyati

Juma kuni kechqurun Lu Shay sobiq SSSR davlatlari «xalqaro huquq borasida samarali statusga ega emasligi, chunki ularning statusiga suveren davlatlar kuchini taqdim etuvchi xalqaro kelishuv yo‘qligi»ni aytgandi.

Qrim Ukrainaga tegishli ekani haqidagi fikrga javoban Lu Shay shunday degan: «Bu siz masalaga qanday qarashingizga bog‘liq. Buning tarixi bor. Qrim avvalboshdan Rossiyaga tegishli bo‘lgan. Xrushchev esa sovetlar ittifoqi vaqtida Qrimni Ukrainaga berib yuborgan» [iqtibos TF1 Info nashridan, bu mashhur telekanal xuddi LCI kabi TF1 mediaguruhi tarkibiga kiradi].

Xitoylik diplomat shuningdek possovet chegaralari masalasida «bahslar»ni to‘xtatishga chaqirgan.

Shanba kuni Fransiya tashqi ishlar vazirligi bu so‘zlarni «xavotir bilan ma’lumot uchun e’tiborga olgani»ni ma’lum qilib, Xitoydan o‘z pozitsiyasiga aniqlik kiritishni so‘ragandi.

Latviya, Litva va Estoniya tashqi ishlar vazirlari Xitoy elchisining so‘zlarini keskin qoraladi.

Estoniya TIV rahbari Margus Tsaxkna Lu Shayning so‘zlarini «qayg‘uli» va tushunarsiz deb atadi. Estoniya tashqi ishlar vazirligi Xitoyning Tallindagi elchisi chaqirtirilishini ma’lum qildi. «Bizning maqsadimiz - bunday qarashlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, Estoniya esa - suveren davlat ekani haqida tushuncha berish», degan Tsaxkna.

Litva tashqi ishlar vaziri Gabriyelyus Landsbergisning so‘zlariga ko‘ra, Lu Shayning bayonoti - Boltiqbo‘yi mamlakatlari Xitoyga «Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha vositachilikni ishonmasligi» sabablaridan biri ekanini aytdi.

Latviya tashqi ishlar vaziri Edgar Rinkevich elchining so‘zlarini «mutlaqo nomaqbul» deb atadi. «Biz Xitoy tomonidan izoh va bu so‘zlarni to‘la rad etishni kutmoqdamiz», degan Rinkevich.

Bloomberg xabariga ko‘ra, Xitoy elchixonasi 24 aprel kuni Lu Shay nutqining to‘liq stenogrammasini xitoy va fransuz tillarida WeChat sahifasida joylashtirgandi. Ammo biroz vaqt o‘tgach uni o‘chirib tashladi. Agentlikning ta’kidlashicha, suhbat elchixonaning rasmiy saytida ham e’lon qilinmagan.

«Geografiya bilan yaqqol muammosi bor»

O‘z navbatida, Ukrainaning Fransiyadagi elchisi Vadim Omelchenko XXR elchisida yoki «geografiya bilan bog‘liq aniq ko‘rinib turgan muammolar borligi»ni, yoki uning bayonoti rasmiy Pekinning «Ukrainada xalqaro huquq va BMT Ustavining maqsad va tamoyillari asosida tinchlik o‘rnatishga qaratilgan sa’y-harakatlari» bo‘yicha pozitsiyaga zid kelishini aytdi.

Emmanuel Makron va Si Jinping Pekin markazidagi harbiy parad chog‘ida. Foto: EPA

Bunday sa’y-harakatlar Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning aprel oyi boshida Pekinga tashrifi yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan Xitoy-Fransiya qo‘shma deklaratsiyasida ham qayd etilgan. Unda tomonlar «Ukrainada tinchlikni tiklashga qaratilgan barcha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash» majburiyatini olishgan.

«Barcha possovet mamlakatlari xalqaro huquqda mustahkamlangan aniq suveren statusga ega. Darvoqe, Rossiya aldov yo‘li bilan BMT Xavfsizlik kengashidan o‘rin olganidan tashqari, - deya yozgan Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak tvitterdagi sahifasida. - O‘zining ming yillik tarixiga sinchkovlik bilan qaraydigan mamlakat vakilidan «Qrim tarixi»ning absurd talqinini eshitish g‘alati. Agar siz katta siyosiy o‘yinchi bo‘lmoqchi bo‘lsangiz, rossiyalik autsayderlar propagandasini takrorlamang».

Qrim bo‘yicha kelishuv tarixi

  • 1954 yil fevralida SSSR hukumati «Qrim oblastini RSFSR tarkibidan USSR tarkibiga o‘tkazish to‘g‘risida»gi farmonini chiqargan. «Qrim oblasti Ukraina SSR hududiga bog‘langani, umumiy iqtisodiyot va Qrim oblasti hamda Ukraina SSR o‘rtasidagi yaqin iqtisodiy va madaniy aloqalarni hisobga olgan holda», deyilgan farmon matnida.
  • 1954 yil 26 aprelida SSSR Oliy kengashining sessiyasi RSFSR va USSR Konstitutsiyalariga ularning hududlari tarkibiga oid o‘zgartirishlarni tasdiqlaydi. Shu tariqa, Qrim qonunan Ukrainaning bir qismiga aylanadi.
  • Sovetlar ittifoqi parchalanganidan keyin Ukraina va Rossiya bir necha yangi kelishuvlarni imzolaydi, ularda davlatlarning 1991 yildagi hududlari tan olingan.
  • 2014 yil 17 martida, Rossiya qo‘shinlari Qrimga kirib, asosiy harbiy va davlat obektlarini nazoratiga olgach, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qrim Respublikasini mustaqil davlat sifatida tan olish to‘g‘risidagi farmonni, bir kun o‘tib esa Qrimni Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib olish to‘g‘risidagi bitimni imzolaydi.
  • Qrimni dunyoning faqat olti mamlakati Rossiya hududi deb tan olgan: Venesuela, Nikaragua, Suriya, Afg‘oniston, Shimoliy Koreya va Kuba.
  • Qrim anneksiyasi bir necha marta BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyalari bilan qoralangan.

Mavzuga oid