Navalniy ustidan yangi sud: u umrbod qamoq jazosini olishi mumkin
Rossiyalik muxolifatchi ekstremizm va terrorizmda ayblanmoqda. Hozir u 9 yillik qamoq jazosini o‘tayapti.
Moskvaning Basmanniy sudida o‘tkazilgan mahkamada Aleksey Navalniyga «ekstremizm» bo‘yicha ish materiallari bilan tanishish uchun 10 kun muhlat berildi. Jinoyat ishi 196 jilddan iborat. Navalniyga ularni 5 maygacha o‘rganib chiqish buyurilgan.
«Bu Aleksey ishi bo‘yicha katta sud yaqin orada boshlanadi, degan ma’noni anglatadi», deb yozdi Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish. Sud mahkamasi yopiq tarzda o‘tkazildi. Navalniyning so‘zlariga ko‘ra, bu ishdan hech kim xabar topmasligiga ishonch hosil qilishga urinishdir.
Navalniyga nisbatan «ekstremistik jamiyatni tashkil etish» (Rossiya Jinoyat kodeksining 282.1-moddasi) va «Ekstremistik faoliyatni moliyalashtirish» (Rossiya Jinoyat kodeksining 282.3-moddasi) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Birinchi moddada 12 yilgacha, ikkinchisida 10 yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgan. 2022 yil oktabr oyida Navalniy ushbu ishni izohlar ekan, Tergov qo‘mitasi uni «jinoiy guruh rahbari» deb hisoblashini, ushbu guruhda uning safdoshlari, jumladan Leonid Volkov va Ivan Jdanov ham borligini aytdi. Tergov qo‘mitasi ushbu «jinoiy guruh» a’zolarini «terrorizm va ekstremizmga da’vat», «ekstremizmni moliyalashtirish» va «natsizmni reabilitatsiya qilish»da ayblamoqda.
«Advokatlar ushbu moddalarning muddatini hisobga olgan holda, bu yerda jami 30 yil ekanini hisoblab chiqdi», dedi Navalniy. Hozirda u 2022 yil mart oyida «firibgarlik» va «sudga hurmatsizlik» ayblovlari bilan hukm qilingan 9 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda.
Navalniy ishidan «terrorizm» ishi alohida protsessga ajratilgan. Siyosatchi umrbod qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin. Bu haqda Navalniy 26 aprel kuni Basmanniy sudida videoaloqa orqali gapirdi.
«Ular menga 30 yillik qamoq jazosi bilan tahdid qiladigan ekstremizm ishi bo‘yicha bema’ni ayblov qo‘yishdi. Tergovchi Roman Vidyukov kecha bu ishdan «terrorizm» alohida ajratib olinganini, men qamoqxonada o‘tirib, teraktlar sodir etganimni aytdi. Bu holatlar bo‘yicha menga harbiy sud tomonidan alohida hukm chiqariladi. Birinchi ish bo‘yicha meni 30 yil, keyingisi bo‘yicha umrbod qamoq jazosi kutmoqda», dedi Navalniy.
«Ekstremistik jamoa»ni yaratish haqidagi ishda «terrorizm» haqidagi epizod bor, dedi FBK direktori Ivan Jdanov. Uning tushuntirishicha, bu «Populyarnaya politika» kanalida berilgan videolavhadagi epizod bo‘lib, unda Leonid Volkov prezident Vladimir Putin «terrorchi sifatida sudlanishi kerak» degan. Jdanov Volkovga nisbatan «terrorizmga da’vat» moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqidagi qarorning (unda 2022 yil 15 iyul sanasi ko‘rsatilgan) fotosuratini ko‘rsatdi. Hujjatda aytilishicha, Volkov 10 iyul kuni «Populyarnaya politika» kanalidagi videolavhada «Putinning o‘ldirilishini qonuniylashtirish mumkinmi» deb fikr yuritgan.
Ishga «harbiy muxbir» Vladlen Tatarskiyning o‘ldirilishi haqidagi epizod ham qo‘shilishi mumkin, dedi Ivan Jdanov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tatarskiy halok bo‘lgan portlashdan so‘ng «ekstremistik jamoa» ishi qo‘shimcha tergovga qaytarilgan.
«Tergovchining aytishicha, «terrorizm» endi alohida ko‘rib chiqiladi va Tatarskiy bilan bo‘lgan epizod u yerga qo‘shiladi. Epizod qaysi shaklda bo‘lishi noma’lum. Chaqiriq, rag‘batlantirish yoki tashkil etish — bizga qorong‘i. Biz Alekseyni harbiy sud mahkama qiladi va 35 yilgacha bo‘lgan muddatga qamaladi, deb o‘ylagandik. Ammo endi u oddiy sud tomonidan ekstremizm uchun mahkama qilinadi va maksimal muddat - 30 yilgacha. Terrorizm ishi esa aftidan alohida va keyinroq bo‘ladi. Harbiy sudda ko‘riladi. Qamoq muddati qancha bo‘lishi ham noaniq. Agar ular «tashkilotchi» deb hukm chiqarsa, umrbod qamoq jazosini olishi ham mumkin», dedi Jdanov.
Mavzuga oid
13:30
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
15:10 / 09.11.2024
Rossiyada kartoshka va sariyog‘ narxi ko‘tarilishda davom etmoqda
14:30 / 09.11.2024
Zelenskiy RF bilan xavfsizlik kafolatlarisiz sulh tuzishni rad etdi
13:49 / 09.11.2024