O‘zbekiston | 11:31 / 27.04.2023
4097
4 daqiqa o‘qiladi

Rivojlanish uchun vatandoshlarni jalb qilish – Xitoy tajribasi

Xitoy iqtisodiy mo‘jizasi mamlakatni iqtisodiy jihatdan qudratli davlatga aylantirgan favqulodda hodisa bo‘ldi. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti Xitoy iqtisodiy rivojlanishida xorijga ketgan xitoyliklarni jalb qilish tajribasi bo‘yicha tahlillarini e’lon qildi.

Foto: Shutterstock

MHTI mutaxassislari o‘sish omili sifatida vatandoshlarni jalb etish bo‘yicha Xitoy tajribasi tahlillarini Kun.uzʼga taqdim qildi. Unga ko‘ra, iqtisodiy o‘sishda asrlar davomida shakllangan va hozir dunyoning 198ta mamlakati, turli mintaqalaridagi 50 million nafardan 60 million nafargacha kishini tashkil etuvchi Xitoy diasporasi muhim rol o‘ynadi va o‘ynashda davom etmoqda.

Agar iqtisodiy qudrat shakllana boshlagan 80-yillarda xitoylik muhojirlar mamlakatga sarmoya kirituvchi asosiy sarmoyadorlar vazifasini bajargan bo‘lsa, hozir ko‘p hollarda Janubi-Sharqiy Osiyoda Xitoyning “Belbog‘ va yo‘l” tashabbusi targ‘ibotchilari bo‘lmoqda.

Hozirgi kunda ham Xitoyga kiritilayotgan xorijiy sarmoyada xitoylik muhojirlarning ulushi katta. Shu maqsadda so‘nggi yillarda Xitoy hukumati to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar uchun ochiq bo‘lgan tarmoqlar sonini kengaytirish ustida ishlayapti. Bular asosan ishlab chiqaradigan sanoat tarmoqlari, ayniqsa, yuqori texnologiyali sohalardir.

Hukumat xorijiy investitsiyalar bo‘yicha ko‘p cheklovlarni olib tashlagan va tajriba tariqasidagi erkin savdo zonalari mexanizmidan faol foydalanishga o‘tgan.

Bundan tashqari, Xitoy butun dunyo bo‘ylab xorijdagi xitoyliklarning salohiyatini jalb qilish uchun keng tarmoqlangan va faol tizimga ega.

Masalan, Xorijda istiqomat qiluvchi xitoyliklar ishi bo‘yicha departament xorijdagi xitoylik ishbilarmonlar va mahalliy korxonalar o‘zaro kelishib olishi, muzokaralar o‘tkazishi va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi uchun platformalar yaratadi. Departament bu platformalar doirasida xitoylik muhojirlar sarmoyasini jalb qilishga qaratilgan ko‘plab tadbirlarni o‘tkazadi. Ularning orasida Xorijda Xitoy tadbirkorligini rivojlantirish yarmarkasi, Xorijdagi Xitoy sanoat yarmarkasi, Ilmiy-texnikaviy va innovatsion hamkorlik yarmarkasi bor.

Xorijdagi Xitoy tadbirkorlari assotsiatsiyasi, shuningdek, xorijda Xitoy tadbirkorligi yarmarkalarini tashkil etishga ham ixtisoslashgan. Maqsad –Xitoyni rivojlantirish uchun muhojirlarning imkoniyatlaridan foydalanish.

Xitoy hukumati China International Import Expo, Service Trade Fair va Consumer Expo kabi yirik ko‘rgazmalarni tashkil etadi. Bunday tadbirlar yirik kompaniyalar bilan hamkorlik qilish uchun xalqaro platforma hisoblanadi. Xitoylik ishbilarmonlar va xorijdagi Xitoy kompaniyalari ham o‘z brendlarini targ‘ib qilgan va Xitoy bozoriga kirish yo‘llarini rivojlantirgan holda ushbu ko‘rgazmalarda faol ishtirok etmoqda.

Shu bilan birga, Xitoyda chet elga o‘qish uchun ketayotgan xitoyliklar sonining har yili barqaror o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda. Boshqa tomondan, diplom va ilmiy daraja olib, Xitoyga qaytgan fuqarolar soni ham ortib bormoqda. 2021 yilda bir milliondan ortiq xitoylik bitiruvchilar o‘z vataniga qaytdi. Bu 2019 yildagiga (777 ming) nisbatan ancha ko‘p.

O‘sayotgan iqtisodiyot, fan va texnika, iqtisodiyot, ta’lim va davlat boshqaruvi kabi sohalarda yangi ish o‘rinlarining tashkil etilishi bitiruvchilarda o‘z vataniga qaytish istagini kuchaytirmoqda.

O‘zbekiston vatandoshlarni jalb qilish bo‘yicha Xitoy tajribasini sinchiklab o‘rganishi maqsadga muvofiq. Chunki xorijdagi o‘zbek diasporasining salohiyati ham yuqori”, – deya tavsiya qiladi MHTI mutaxassislari.

Mavzuga oid