Sport | 18:25 / 29.04.2023
24437
3 daqiqa o‘qiladi

Osiyo chempionati: Eron va Hindiston faollashdi, O‘zbekiston hamon yetakchi

Samarqandda o‘smirlar hamda yoshlar o‘rtasida baydarka va kanoeda eshkak eshish, shuningdek, parakanoe bo‘yicha Osiyo chempionati bahslari davom etyapti. 28 aprel kuni o‘tkazilgan bahslardan keyin ham O‘zbekiston umumjamoa hisobida ustunlikni saqlab turibdi.

Musobaqaning uchinchi kuniga kelibgina qaysidir jamoa mezbon O‘zbekistondan ko‘proq oltin medal qo‘lga kiritishni uddaladi. O‘zbekistonlik atletlar kun yakunlariga ko‘ra 3 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medal yutishdi. Eron va Hindiston jamoasi esa 4 tadan oltin medal qo‘lga kiritdi. Hindlar kunni 11 ta, Eron esa 6 ta medal bilan yakunladi.

27 aprelda ikki hindistonlik raqibidan ustun kelgan eronlik parakanoechi Islom Jahidi 200 metrga o‘tkazilgan bahslarda ham salkam 4 soniya farq bilan g‘olib bo‘ldi.

Islom Jahidi, Eron

Bir kun avval ayollar o‘rtasidagi parakanoe bahslarida hindistonlik Yadav Prachiga imkoniyatni boy berib, ikkinchi bo‘lgan eronlik Ro‘yo Sultoni bu gal juda kichik farq bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Osiyo chempioni bo‘ldi.

Ro‘yo Sultoni, Eron

O‘zbekiston delegatsiyasiga oltin medallarning ikkitasini qizlar olib kelishdi. Birinchi kundagi miks bahslarida Osiyo chempioni bo‘lgan Xonzoda Erkinova bu gal Gulbahor Fayziyeva bilan birga 200 metrga o‘tkazilgan poygada eronlik va qozog‘istonlik raqiblarini ortda qoldirib, chempion bo‘ldi. Shohsanam Sherzodova esa yakkalik bahslaridagi 200 metrga poygada g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Xonzoda Erkinova, O‘zbekiston

Shuningdek, 1000 metrga o‘tgan ikki kishilik poygada o‘zbekistonlik yoshlar Mirjalol Komilov hamda Kamronbek Axtamovga teng keladigani bo‘lmadi. Ular 2-o‘rindagi hindistonlik raqiblarini 4 soniyaga ortda qoldirishdi. Vaholanki, 500 metrdan keyin bu farq atigi 1 soniyadan ko‘proqni tashkil qilayotgandi.

Shu tariqa O‘zbekiston atletlari uchinchi kungi bahslardan keyin umumiy 19 ta oltin medal bilan yetakchilik qilmoqda. Musobaqa 30 aprelga qadar davom etadi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

Mavzuga oid