Jahon | 21:30 / 29.04.2023
12584
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy 2030 yilga borib Oyga odamlarni qo‘ndirmoqchi 

Shuningdek, Xalqaro Oy stansiyasini quradi va Yer bilan sun’iy yo‘ldosh o‘rtasida uzluksiz aloqa o‘rnatadi. 

Foto: universetoday.com

Xitoy Chinese Lunar Exploration Program (CLEP) dasturi doirasida 2030 yilgacha Oyga odamlarni qo‘ndirmoqchi. Bu haqda Universe Today yozdi. 

CLEP dasturi to‘rt bosqichdan iborat. Birinchi uchtasi muvaffaqiyatli yakunlandi va bir yil oldin Xitoy hukumati o‘z olimlariga to‘rtinchisini boshlashga ruxsat berdi. Bu, boshqa narsalar qatori, odamlarni Yerning sun’iy yo‘ldoshiga yuborishni nazarda tutadi. 

«2030 yilga borib xitoyliklar oyga qadam qo‘yishi aniq. Bu muammo emas», dedi Veyren Vu, CLEP rahbarlaridan biri. 

Birinchi bosqich Oyga kosmik kemalarni yuborish bo‘yicha ikkita missiyadan iborat edi. «Chan’e-1» 2007 yilda ishga tushirildi. «Chan’e-2» - 2010 yilda. Ikkinchi stansiya 4179 Toutatis asteroidini ham muvaffaqiyatli tadqiq qildi, biroq u bilan aloqa 2014 yilda uzildi. 

Keyingi bosqichda oyyurar Oyga yetkazildi. Natijada Xitoy Oyga yumshoq qo‘nishni amalga oshirgan SSSR va AQShdan keyin uchinchi davlat bo‘ldi. Shuningdek, sun’iy yo‘ldoshning orqa tomonida buni birinchi bo‘lib amalga oshirdi. 

Uchinchi bosqich Oyni aylanib o‘tish va tuproq namunalarini Yerga yetkazishni o‘z ichiga oldi. 2020 yil oxirida Chan’e-5 kosmik kemasi bortida 1,731 gramm oy regoliti bilan Yerga muvaffaqiyatli qaytdi. 

Yangi bosqich Xalqaro Oy Stansiyasini (ILRS) barpo qilish va Yer bilan tabiiy yo‘ldoshi o‘rtasida aloqa o‘rnatishni o‘z ichiga oladi. 

«Biz Oy atrofida aloqa, navigatsiya va masofadan zondlash xizmatlarini taqdim eta oladigan sun’iy yo‘ldosh tizimini qurmoqdamiz. Shundan so‘ng biz chuqur kosmik tadqiqotlar olib borishimiz mumkin bo‘ladi», dedi Veyren Vu. 

Bundan tashqari, to‘rtinchi bosqich doirasida xitoyliklar birinchi marta Oyning orqa tomonidan Yerga namunalar olib kelishni va tabiiy yo‘ldoshda suv manbalarini topishni rejalashtirmoqda. Missiya 2030 yilgacha yakunlanishi kerak. 

Mavzuga oid