Sport | 12:53 / 01.05.2023
28344
22 daqiqa o‘qiladi

Holandning 50 goli va Liverpulda triller. Kun o‘yinlari

Yevropa futbolida yakshanba oqshomida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Foto: Premier League

Angliya: ten Hag Emerining sirini fosh qildi va «Enfild»dagi aqlsizlik

APL. 34-tur
Fulhem — Manchester Siti 1:2
Gollar:
Vinisius (15) — Holand (3, penalti), Alares (36). 
Fulhem – Leno, Tete, Rim (Diop, 22), Adarabioyo, Robinson, Rid (Lukich, 76), Uilson (Solomon, 76), Pereyra (Kerni, 58), Palinya, Dekordova-Rid (Jyeyms, 77), Vinisius.
Manchester Siti – Ederson, Uoker, Diash, Akanji, Stounz, Gundo‘g‘an, Grilish, Rodri, Mahrez (Foden, 83), Holand, Alvares (Silva, 83).
Ogohlantirishlar: Tete (70), Grilish (70), Ederson (90+6), Uoker (90+8).

«Fulhem»ni safarda mag‘lub etgan «Manchester Siti» o‘zidan kutilgan ishni bajardi. «Shaharliklar» hozirda juda yaxshi formada va amalda sovrini qo‘shqo‘llab topshirga «Arsenal» kabi xatolarga yo‘l qo‘ymoqchi emas. Natija qaysidir ma’noda zerikarli bo‘lib ko‘rinishi mumkin, lekin o‘yin startidayoq penaltidan gol urgan Holand bilan navbatdagi tarixiy voqea ro‘y berdi.

Norvegiyalik futbolchi barcha turnirlar doirasida urgan gollari sonini 50 taga yetkazdi va unga buning uchun 44 o‘yin yetarli bo‘lgan. Bunaqasi Angliya futbolida 92 yildan buyon kuzatilmayotgandi. 1930/31 yillar mavsumida «Aston Villa» hujumchisi Tom Uoring shuncha gol urgan. Bundan tashqari, Holand bir mavsumdagi aniq zarbalar bo‘yicha APL rekordini takrorladi. Qolgan turlarda u bitta gol urish orqali ham 34 tadan golga ega bo‘lgan Endi Koul va Alan Shirerga tegishli bo‘lgan rekordni qulatishi mumkin.

Manchester Yunayted — Aston Villa 1:0
Gol:
Fernandesh (39). 
Manchester Yunayted – De Xea, Dalot, Shou, Lindelyof, Malasiya, Fernandesh, Eriksen (Fred, 76), Zabitser, Kazemiro, Reshford (Marsiyal, 86), Sancho (Antoni, 76).
Aston Villa – Martines, Yang (Chembers, 64), Mingz, Konsa, Moreno (Din, 75), Makginn, Dendonker (Traore, 64), Buendia (Duran, 76), Luis, Remzi, Uotkins.
Ogohlantirishlar: Fred (87), Malasiya (90+5).

«MYu» a’lo formada bo‘lgan va fevral oyidan buyon yutqazmagan «Aston Villa»ga qarshi jonli o‘yin namoyish etdi. O‘yinning birinchi bo‘limidagi asosiy duel Reshford va Emiliano Martinesning qarama-qarshiligi bo‘ldi. Argentinalik darvozabon qator vaziyatlarda jamoasini qutqardi, ammo u «qizil iblislar» merganining navbatdagi xavfli zarbasini qaytarganida to‘pga birinchi bo‘lib Brunu Fernandesh yetib keldi. Portugaliyalik futbolchi Yevropa ligalaridagi 100-golini o‘zi uchun sevimli bo‘lgan raqib darvozasiga kiritdi - bu uning birminghemliklarga urgan yettinchi goli edi.

Statistika nuqtayi nazaridan Unai Emerida g‘alaba uchun imkoniyat yo‘q edi. «Old Trafford» magiyasi shundayki, APLga asos solinganidan buyon mezbonlar tanaffusgacha ustunlikni qo‘lga kiritgan o‘yinlarida hech qachon yutqazmagan (+289=23). Mezbonlar bu o‘yinda nafaqat mehmonlarning o‘n o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasiga chek qo‘ydi, balki murabbiy almashganidan buyon jamoa 23-o‘yinga kelib ilk bor o‘yinni golsiz tark etishga majbur bo‘ldi. Bunga ikkinchi bo‘limda Lindelyof to‘sqinlik qildi, u darvoza chizig‘i ustida turib boshi bilan to‘pni qaytarib yubordi.

Nyukasl — Sauthempton 3:1
Gollar:
Uilson (55, 81), Uolkott (79, avtogol) — Armstrong (41). 
Nyukasl – Poup, Tripper, Sher, Botman, Bern, Gimaraes, Uillok (Anderson, 90+2), Merfi (Almiron, 69), Joelinton, Gordon (Uilson, 46), Isak (Ritchi, 90+2).
Sauthempton – Makkarti, Voynovich (Meytlend-Naylz, 70), Bednarek, Bella-Kochap, Uoker-Piters, Jyenepo (Uolkott, 64), Armstrong (Elyunussi, 71), Uord-Prouz, Lavia, Alkaras (Adams, 77), Sulemana (Armstrong, 70).
Ogohlantirishlar: Bednarek (4), Uoker-Piters (56), Armstrong (71), Lavia (72), Joelinton (79).

«Nyukasl» o‘yinida turning asosiy sensatsiyasi ro‘y berishi mumkin edi, jamoa turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasida joylashgan «Sauthempton»ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limi oxirida gol o‘tkazib yubordi. Lekin Eddi Hauda bunday vaziyatlar uchun yutuqli retsept mavjud. Buning uchun Uilsonni maydonga chiqarish yetarli va murabbiy tanaffusdan keyin shunday ham qildi. Bu forvard — aprelning eng yorqin o‘yinchisi va uning dubli (yana bir goli VAR aralashuvidan keyin ofsayd tufayli bekor qilindi) va Uolkottning avtogoli «qarg‘alar»ga uchinchi o‘rinni saqlab qolishga imkon berdi. Uilson yakunlangan oyda sakkiz gol urishga ulgurdi. Bu uzoq yillar Shirer egalik qilgan klub rekordining yangilanishi bo‘ldi, u aprel oyida Holanddan ikkita ko‘p gol urgan. Qolaversa, Erling hamisha startda, Uilson esa bu oyda faqat ikki o‘yinni ilk daqiqalardan boshlagan.

Liverpul — Tottenhem 4:3
Gollar:
Jons (3), Dias (5), Saloh (15, penalti), Jota (90+4) — Keyn (39), Son (77), Risharlison (90+3).
Liverpul – Alisson, Aleksander-Arnold, van Deyk, Konate, Roberson, Fabino, Jons (Milner, 86), Elliott (Henderson, 63), Saloh, Dias (Jota, 63), Gakpo (Nunes, 73).
Tottenhem – Forster, Porro (Moura, 90), Dayyer, Devis, Romero, Perishich (Danjuma, 90), Hyoyberg, Kulusevski (Sarr, 66), Skipp (Risharlison, 84), Son, Keyn.
Ogohlantirishlar: Son (52), Konate (70), Jota (81), Milner (90), Risharlison (90).

«Tottenhem» «MYu» bilan o‘yinda ikki to‘p farqini yo‘qqa chiqarib (2:2), yana oldingi holatiga qaytayotgandek ko‘ringandi. Ammo bir necha kun o‘tib «shporlar» xuddi «Sug‘ur kuni» filmidagi holatga tushib qoldi. Faqat detallar turlicha. «Nyukasl» londonliklar darvozasini 9-daqiqaga keliboq uch bor ishg‘ol etib bo‘lishgandi. «Liverpul» uchun 15 daqiqa talab etildi. Uzoq vaqt davolangan va 9 oktyabrdan buyon startda maydonga tushmagan Diasni qaytarish uchun ideal variant.

Saloh 11 metrlik jarima zarbasini aniq ijro etganidan so‘ng barcha bir savolni bera boshladi: Yurgen Klopp jamoasi «Nyukasl»ning natijasini (6:1) takrorlay oladimi? Keynning goli ham bu fikrni o‘zgartira olmasdi, ammo «Tottenhem» «MYu»ga qarshi o‘yinda bo‘lgani kabi tanaffusdan keyin butkul boshqacha bo‘lib qaytdi. O‘yin oxirlariga borib Son Hyong Min oradagi farqni minimumgacha qisqartirdi, keyin esa aql bovar qilmas voqealar ro‘y berdi. Antonio Konte davrida zaxira o‘rindig‘iga mixlangan Risharlison nihoyat chempionatning joriy mavsumidagi ilk golini urdi.

Paradoks: bu turnirda ushbu braziliyalik golni nishonlash uchun futbolkasini yechganida olgan sariq kartochkalari soni hisoblangan gollari sonidan ko‘p (2 ga qarshi 1). Uning golidan keyin «Enfild» shokka tushib qoldi. Ammo «Liverpul» futbolchilari mavsumni qanday o‘tkazayotgan bo‘lmasin g‘alaba uchun kuch topa olishdi. Raqibning uchinchi golidan 99 soniya o‘tib barchasi yana 180 darajaga o‘zgardi. Lekin barchasi silliq kechmadi.

Dioga Jotaga gol urgan vaziyatida savollar yo‘q, lekin mehmonlar fikricha, portugaliyalik hujumchi bir necha daqiqa oldin maydondan chetlatilishi kerak edi. Nima bo‘lganda ham bu endi ahamiyatga ega emas. Klopp yana bir bor gol sezish qobiliyatini namoyish etib, zaxiradan tushirgan futbolchilari 90-daqiqadan keyin g‘alaba golini urishi bo‘yicha Joze Mourino bilan tenglashib oldi (6 tadan). Turnir jadvalida esa «Liverpul» taslim etilgan raqibidan beshinchi o‘rinni tortib oldi.

Italiya: «Inter» to‘rtlikka qaytdi, «Yuventus»da pasayish

Inter — Latsio 3:1
Gollar:
Martines (78, 90), Gozens (83) — Anderson (30).
Inter – Onana, Darmian, DAmbrozio (Dumfris, 46), Acherbi, Bastoni (Gozens, 71; de Vrey, 86), Dimarko, Mxitaryan (Chalxono‘g‘li, 61), Brozovich, Barella, Korrea (Martines, 61), Lukaku.
Latsio – Provedel, Marushich (Pellegrini, 86), Romanyoli, Kazale, Hyusay (Ladzari, 86), Luis Alberto, Kataldi (Vesino, 51), Milinkovich-Savich, Felipe Anderson, Dzakkanyi, Immobile (Pedro, 68).
Ogohlantirishlar: Dzakkanyi (20), DAmbrozio (35), Bastoni (62), Marushich (81), Alberto (83), Romanyoli (90+9).

«Inter» nafaqat o‘z muxlislarini, shu bilan bir vaqtda butun Neapolni ham xushnud etishi mumkin edi. Agar «neradzurrilar» muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, Italiya janubidagi bayram yana ortga surilardi va 77-daqiqacha bunday ssenariy muqarrardek ko‘rinayotgandi. Ammo o‘yin oxirida milanliklar o‘yinda burilish yasadi, bunda Simone Indzagi tomonidan amalga oshirilgan almashtirishlar asosiy rolni bajardi.

Korrea o‘rniga tushirilgan Lautaro Martines dublini nishonladi. Argentinalik futbolchi qora-ko‘klarning so‘nggi 55 yillikdagi qatorasiga uch mavsumda kamida 15 tadan gol urgan uchinchi futbolchisiga (Kristin Veri va Mauro Ikardidan keyin) aylandi.

Zaxiradan tushgan Gozens ham a’lo o‘yin namoyish etdi. Germaniyalik futbolchi Lukaku bilan birgalikda birinchi javob goli urilgan hujumda muhim ishni bajardi, keyin esa qiyin vaziyatdan ikkinchi golni urdi. Shu bilan birga, xavfli sakrashi tufayli jarohat olib, maydonni tark etishga majbur bo‘ldi. Uning qurbonligi natija keltirdi: «Inter» shanba kungi triller ijrochilari «Milan» va «Roma»ni ortda qoldirib, to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Napoli — Salernitana 1:1
Gollar:
Olivera (62) — Dia (84).
Napoli – Meret, Di Lorenso, Rrahmani, Kim Min Chje, Olivera (Jyezus, 82), Lobotka (Simeone, 89), Zelinski (Raspadori, 60), Zambo-Angissa (Ndombele, 90), Losano (Elmaz, 60), Kvaratsxeliya, Osimhen.
Salernitana – Ochoa, Matssokki (Sambiya, 68), Domber, Danilyuk (Lovato, 86), Pirola, Bradarich (Boxinen, 68), Kandreva (Butheym, 46), Vilena (Pentek, 68), Kastanos, Kulibali, Dia.
Ogohlantirishlar: Zelinski (55), Olivera (71), Danilyuk (73), Pirola (75).

Neapoldagi chempionlik bayrami esa kamtargina «Salernitana» tufayli sensatsion tarzda bekor qilindi. Odatdagi kabi, mas’uliyat yuqoriligi «Napoli»ga xalaqit berdi. Mezbonlar birinchi bo‘limda raqib darvozasiga yo‘l topa olishmadi, ammo ikkinchi bo‘lim boshida Olivera Raspadorining burchakdan uzatgan to‘pni darvoza to‘riga yo‘llaganida, janubliklar yelkasidagi ortiqcha yukdan xalos bo‘lgandek ko‘ringandi. Ijtimoiy tarmoqlar skudetto uchun ortga sanoq boshlangani haqida yangiliklar bilan to‘ldi. Bayramni kutish jarayonida neapolitanliklar nafaqat A seriyaning eng yaxshi jamoasi ekani, balki top-5 ligalarda bosh bilan urilgan gollar soni bo‘yicha ham (17) yetakchi bo‘lganini qayd etishdi. Ammo Dia ajoyib zarbasi bilan hisobni tenglashtirib qo‘ydi. Qolaversa, ushbu forvard qanotdan jarima maydoniga yorib kirishdan oldin raqibning mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi Osimhenning oyoqlari orasidan to‘pni olib o‘tdi. Endi keyingi turni kutishga to‘g‘ri keladi, 4 may kuni «Napoli» «Udineze» maydoniga safar qiladi.

Bolonya — Yuventus 1:1
Gollar:
Orsolini (10, penalti) — Milik (61). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Milik (31). 
Bolonya – Skorupski, Posh (De Silvestri, 87), Sumaoro, Lukumi, Kiryakopulos (Kambyazo, 67), Moro (Medel, 81), Sxauten, Dominges (Zirkzeye, 67), Fergyuson (Ebisher, 81), Orsolini, Barrou.
Yuventus – Shchensni, Danilo, Gatti, Sandro, Rabo, Lokatelli (Paredes, 83), Fajoli (Soule, 58), Kuadrado, Kostich (Ayling, 58), Keza (Miretti, 70), Milik (Vlahovich, 83).
Ogohlantirishlar: Posh (2), Kiryakopulos (42), Rabo (55), Paredes (88).

Paradoks: sanksiyalarga duchor bo‘lgan «Yuventus» tom ma’noda qo‘shimcha motivatsiyaga ega bo‘lgan va ajoyib g‘alabali seriyani amalga oshirgandi. Klubga 17 ochkosini qaytarishganida esa, «byankonerilar»ga qo‘shimcha mas’uliyat yuklangandek bo‘ldi. Jamoaga oldin osonroq bo‘lgan bo‘lishi mumkin, chunki hech qanday bosim yo‘q edi, o‘tgan yillardagi xato uchun berilgan jazo esa futbolchilarni g‘azab otiga mindirgandi. Nima bo‘lmasin, Bolonyaga «Keksa sinora» uch mag‘lubiyatdan iborat seriya bilan tashrif buyurdi va «Inter», «Milan» hamda «Roma» klublarini o‘ziga yaqinlashtirib qo‘ydi.

Yakshanba kuni esa turinliklar o‘yin boshidayoq penaltidan gol o‘tkazib yuborishdi va unga javob faqat ikkinchi bo‘limda qaytarildi, birinchi bo‘limda penaltidan gol ura olmagan Milik aybini yuvdi. Lekin shundan keyin darvozalarga boshqa gol urilmadi. Bir tomondan, «Yuve»ning omadi kelmadi, Soule bo‘sh burchakka to‘pni yo‘naltira olmadi.

O‘z navbatida raqib safida Posh va Fergyuson ham yuz foizlik imkoniyatlardan foydalana olmadi. Shunday ekan, durang — mantiqiy natija bo‘ldi. Massimiliano Allegri jamoasi bundan ortig‘iga o‘ynamadi. Agar sudlardagi g‘alabadan keyin «Yuventus» o‘zi Chempionlar ligasi yo‘llanmasini boy berib qo‘yadigan bo‘lsa, bu jamoa uchun haqiqiy omadsizlik bo‘ladi.

Ispaniya: Simeone uchun diqqatvozlik

Valyadolid — Atletiko 2:5
Gollar:
Larin (42, penalti), Eskudero (74) — Molina (20), Ximenes (24), Morata (38), Fernandes (86, avtogol), Depay (90+3).
Valyadolid – Masip, Peres, Xoakin Fernandes, Al-Yamiq, Ongla (Plano, 88), Fresneda (Eskudero, 60), Aguado, Monchu, Kike Peres (Sanches, 60), Plata (Leon, 73), Larin.
Atletiko – Grbich, Molina, Ximenes, Ermoso, Vitsel, Karrasko (Depay, 79), Koke (Saul, 79), De Paul, Lemar (Kondogbia, 68), Grizmann, Morata (Korrea, 64).
Ogohlantirishlar: Monchu (9), Ermoso (40), Kike Peres (44).

«Atletiko» birinchi bo‘limda la liganing so‘nggi oylardagi eng yorqin jamoasi maqomini tasdiqladi. «Matraschilar» kuchli o‘yin namoyish etishdi va «Valyadolid» himoyasini his qilishmadi. Natijada Morata tanaffusgacha top-5 ligalarda JCh-2022 dan keyingi davrdagi eng sermahsul ispaniyalikka aylanib oldi (9 gol), unga assistentlik qilgan Grizmann esa golli uzatmalari sonini 12 taga yetkazdi. Oxirgi bor bunday muddatda bunday samaradorlik Messi tomonidan qayd etilgandi.

Shunga ko‘ra, ikkinchi bo‘limda mehmonlar darvozasiga belgilangan penalti shunchaki bir tushunmovchilikdek ko‘ringandi. Ammo bu epizod o‘yinda burilish yasadi va ligada qolish uchun kurashayotgan mezbonlar o‘yini jonlanib ketdi. Ular avvaliga hisobni qisqartirishdi, yana bir gol ofsayd tufayli hisobga olinmadi, Serxio Leonning zarbasi esa ustun va to‘sin birlashgan nuqtaga bordi. Qo‘shimchasiga to‘p «Atletiko» futbolchisining qo‘liga tegishi bilan bog‘liq bahsli vaziyat yuzaga keldi. Lekin VAR hakamlari bu vaziyatda to‘p futbolchining qo‘lini topgan deb topishdi va ish penaltigacha bormadi. Shunday ekan, Diyego Simeone faqat o‘yin oxiridagi goldan keyin yengil tin oldi. Uning jamoasi — bahorda ochko jamg‘arish bo‘yicha eng yaxshisi (25) va «Real»ga juda yaqin bormoqda.

Germaniya: intrigi yana yo‘qmi?

Bavariya — Herta 2:0
Gollar:
Gnabri (69), Koman (79).
Bavariya – Zommer, Mazraui (Stanishich, 74), Pavar, de Ligt, Kanselu, Goretska (Sane, 46), Kimmix, Mane (Myuller, 61), Koman (Tel, 81), Musiala (Gravenberx, 61), Gnabri.
Herta – Kristensen, Kenni, Uremovich, Roxel, Plattenhardt, Mittelshtedt (Maza, 65), Boetiyus (Shtange, 83), Tuzar, Ngankam (Ejuke, 55), Lukebakio (Sherhant, 83), Niderlehner (Kanga, 55).
Ogohlantirishlar: Goretska (25), Kanselu (67).

Nemislardagi azaliy mavzu — barcha «Bavariya»ning gegemonligidan bezgani haqida. Bunda Dortmund, Leypsig va boshqa shaharlardagi eng yaxshi futbolchilarni sotib olib, raqiblari tarkibini kuchsizlantirish bilan shug‘ullanib keladigan myunxenliklarning o‘zini ham ayblashadi. Bu, shubhasiz, muammo, ammo hech kim gegemondagi inqirozli vaziyatdan foydalana olmasligi baribir normal holat emas. Boshqa jamoalarda ruhiyat bilan bog‘liq muammolar borligi va chempionlik mentaliteti yo‘qligi ko‘rinib olmoqda.

Gap o‘z o‘zidan Dortmundning «Borussiya» klubi haqida ketmoqda, finishga qadar besh tur qolganida bu jamoa birinchi o‘ringa chiqib olgandi, ammo yangi maqomga ko‘tarilganidan keyingi ilk o‘yindayoq bundesligani tark etishga da’vogar bo‘lib turgan «Bohum» bilan o‘yinda muvaffaqiyatsizlikka uchraldi (1:1). «Asalarilar» bu mavsumda zerikarli o‘yin ko‘rsatayotgan va ichki mojarolar girdobida qolgan, rahbariyat tushunarsiz tarzda mavsum o‘rtasida Yulian Nagelsmanni iste’foga chiqarib yuborgan «Bavariya»ga tom ma’noda sovrinni topshirib yubormoqda. Tomas Tuxel esa hozircha o‘z o‘yinini qura olgani yo‘q.

Natijada hatto yaqinda Sandro Shvarsni ishdan bo‘shatgan «Herta»ga qarshi o‘yinda ham jamoa muxlislari hayajon ichida o‘tirishiga to‘g‘ri keldi. Berlinliklar darvozaboni Kristensenni ajoyib o‘yini uchun maqtash mumkin, ammo «Bavariya» futbolchilariga gol urishga asabiylik ham xalaqit berdi. Mane bir metr masofadan turib to‘pni darvoza to‘riga joylay olmaganini yana qanday izohlash mumkin? Natijada faqat Kimmihning paslari chempionni yana shohsupaga qaytara oldi. Ulardan birinchisi ayniqsa diqqatga sazovor. Gnabrining yakunlovchi zarbasi ham.

Fransiya: Parijda yana fiasko

PSJ — Loryan 1:3
Gollar: Mbappe (29) — Le Fe (15), Yongva (39), Deng (88).

PSJ – Donnarumma, Hakimi, Ramos, Markinos, Bernat (Mendesh, 56), Soler (Fabian Ruis, 46), Vitinya (Ekitik, 65), Danilu Pereyra (Zair-Emeri, 79), Verratti, Messi, Mbappe.
Loryan – Mvogo, Kalulu (Katlin, 65), Le Goff, Talbi, Meite, Yongva, Aberjyel, Innosent (Kari, 59), Fevr, Le Fe (Ponko, 90), Kone (Deng, 64).
Ogohlantirishlar: Hakimi (5), Innosent (32), Markinos (51), Le Fe (53), Verratti (73), Deng (77).
Chetlatish: Hakimi (20).

Mavsumning birinchi mavsumida shov-shuv ko‘targan «Loryan» hozirga kelib yana o‘rtamiyona darajaga qaytgan. Shu tufayli jamoaning «Park de Prens»dagi birinchi goli tasodif sifatida qabul qilindi. Lekin shundan keyin Hakimi ikki bor sariq kartochka olib, «PSJ»ni qiyin holatda qoldirdi. Mbappening darvozabonning sovg‘asidan foydalanib, hisobni tezlashtirishi amalda voqealar rivojiga ta’sir ko‘rsata olmadi.

«Loryan» bo‘lim oxiriga borib yana hisobda oldinga chiqib oldi, shundan keyin parijliklar mehmon himoyachilarining devorini buzib o‘tishga besamar urindi. Himoyachilardan o‘tilganda esa darvozabon Mvogo ularning yo‘lini to‘sib chiqdi. O‘yin oxirida parijliklar yana raqib hujumlarini o‘tkazib yuborishdi.

Gollardan birinchisi hisobga olinmagan bo‘lsa-da, bir necha daqiqa o‘tib yana darvoza to‘ri ishg‘ol etildi. Shunday qilib, «PSJ» so‘nggi 11 yil ichida ilk bor o‘z uyida uchta gol o‘tkazgan holda mag‘lub bo‘ldi. Shunday yomon natija ham jamoaga sovrinni o‘ziniki qilishga xalaqit bermaydi, ammo yakshanba kungi va boshqa muvaffaqiyatsizliklar tarixga kiradi. Ko‘rinib turibdiki, yozda Kristof Galte jamoasini — yoki boshqa murabbiy boshqaruvidagi jamoani — qayta qurish kutmoqda.

Kun statistikasi

  • Liga 1’da qolish uchun nazariy imkoniyatlarni ham yo‘qotgan 1-jamoa «Anjye» bo‘ldi. Chempionatni bu qadar erta — finishga besh tur qolganida tark etish to‘qqiz yildan buyon hech bir klub bilan kuzatilmagandi.
  • PSV qatorasiga 2-bor Niderlandiya Kubogini qo‘lga kiritdi. Eyndhovenliklarda bunday seriya so‘nggi bor o‘tgan asrda kuzatilgan, o‘shanda ular qatorasiga uch mavsumda (1988-1990) sovrinni o‘ziniki qilishgandi.
  • «Marsel» Fransiya chempionatining 5 o‘yinida birinchi bo‘lib gol o‘tkazganiga qaramay, g‘olib chiqdi.
  • «Vilyarreal» la liganing so‘nggi 10 turida 22 ochko jamg‘arib, beshinchi o‘ringa ko‘tarildi.
  • «Lids» aprel oyida 24 gol o‘tkazdi — bu APLda bir kalendar oyi davomida o‘tkazib yuborilgan gollar soni bo‘yicha yangi rekord.
  • «Liverpul» APL o‘yinlarida 90-daqiqadan keyin 41 gol urgan. Bu shu ko‘rsatkich bo‘yicha eng yaqin ta’qibchinikidan 11 taga ko‘proq.
  • «Fiorentina» yarimhimoyachisi Kastrovilli A seriya o‘yinlarida 494 kundan buyon gol ura olmayapti.

Mavzuga oid