O‘zbekiston | 19:13 / 02.05.2023
13453
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda bandlik bosh boshqarmasi mansabdori ushlandi

U qalbaki sertifikatni 1,1 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan.

Foto: Videodan kadr

Jizzax viloyati bandlik bosh boshqarmasi mansabdori qalbaki sertifikatni 1 million 100 ming so‘mga sotayotgan vaqtida IIB xodimlari tomonidan protsessual tartibda ushlandi. Bu haqda Jizzax viloyati IIB xabar berdi.

Xabarda uning 1989 yilda Forish tumanida tug‘ilgani, Sharof Rashidov tumanida joylashgan «Olmachi» mahallasida yashayotgani aytilgan. Uning ismi-sharifi va egallab turgan lavozimi oshkor qilinmagan.

Ushbu mansabdor shaxs bir ayolning ukasiga kasb bo‘yicha mutaxassislikka egalik to‘g‘risida sertifikat yasab, sotishini taklif etgan. Ayol bu haqda huquq tartibot idorasiga xabar bergan.

IIB tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs o‘zi mehnat qilayotgan tashkilot oldida qalbaki sertifikatni 1 million 100 ming so‘mga sotayotgan vaqtda ushlangan.

Tadbir davomida uning xonasi ko‘zdan kechirilganda 117 dona yozilmagan hamda 25 dona muhr bosilgan sertifikat blanklari, 8 dona tijorat banki sertifikati, 2 dona faxriy yorliq, 2 dona kompyuter, printer va fleshkarta hamda 1 dona qalbaki muhr hujjatlashtirib olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 228-moddasi 1-qismi hamda 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid