Jahon | 22:16 / 03.05.2023
26633
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: «Biz Putinga hujum qilganimiz yo‘q, buni xalqaro tribunalga qoldiramiz» 

U Putinning Moskvadagi qarorgohiga Ukraina dronlari bilan hujum qilingani haqidagi iddaolarni rad qildi. 

Foto: Getty Images

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Moskvada yuz bergan voqealar bo‘yicha o‘z fikrlarini aytdi. 

Kreml matbuot xizmati 3 mayga o‘tar kechasi ukrainaliklarning ikkita droni Vladimir Putinning Kremldagi qarorgohiga hujum qilishga uringani haqida xabar bergan edi. 

Zelenskiy bu ayblovlarni rad qildi. 

«Biz na Putinga, na Moskvaga hujum qilmayapmiz, biz o‘z hududimizda jang qilyapmiz, qishloq va shaharlarimizni himoya qilmoqdamiz. Buning uchun qurolimiz ham yetarli emas... Shuning uchun biz Putinga hujum qilganimiz yo‘q, buni (xalqaro) tribunalga qoldiramiz», dedi Ukraina prezidenti Helsinkida Shimoliy mamlakatlar rahbarlari bilan qo‘shma brifingda. 

«Biz o‘z vatanimiz uchun va faqat o‘z zaminimizda kurashmoqdamiz. Rossiyada Rossiya fuqarolari bilan nima sodir bo‘layotgani bizni qiziqtirmaydi. Bizni bosqin va Rossiya tajovuzi ostida qolgan Ukrainada nima sodir bo‘layotgani qiziqtiradi», dedi u. 

Shu bilan birga, Zelenskiy butun dunyoga murojaati, Rossiyani Ukraina suveren hududidan siqib chiqarish uchun birlashishga chaqirig‘i borligini aytdi. 

«Urush faqat Rossiya agressiyasi to‘xtatilishi bilan yakunlanishi mumkin», dedi Ukraina prezidenti. 

Finlyandiya, Shvetsiya, Norvegiya, Daniya va Islandiya rahbarlari Ukrainaning NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi va zarur bo‘lgan vaqtgacha Kiyevga siyosiy, moliyaviy, gumanitar va harbiy yordam ko‘rsatishda davom etadi, dedi Finlyandiya, Shvetsiya, Norvegiya, Daniya va Islandiya rahbarlarining qo‘shma bayonotida. 

Zelenskiy Ukraina NATO a’zosi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. 

«Ukraina NATOning 33-a’zosiga aylanadi. Biz tajovuz davrida Ukraina alyansga qo‘shila olmasligini tushunamiz, ammo NATOga kirish jarayoni bo‘yicha siyosiy qaror qabul qilishimizga hech narsa to‘sqinlik qilmayapti», dedi u. 

Shuningdek, Ukraina prezidenti Skandinaviya mamlakatlariga Kiyevni Rossiya harbiy agressiyasini qaytarish uchun zarur bo‘lgan zirhli texnika va o‘q-dorilar bilan zudlik bilan ta’minlagani uchun minnatdorchilik bildirdi. 

Zelenskiy ta’kidlaganidek, yaqin kelajakda Ukraina armiyasining qarshi hujumi kutilmoqda. 

Ushbu sammit orqali Rossiya va Putinga qanday xabar yubormoqchi ekanligi haqidagi savolga javob berar ekan, Zelenskiy Rossiyaga «hech qanday xabar» yubormoqchi emasligini aytdi. 

Mavzuga oid