Jahon | 14:55 / 04.05.2023
25276
7 daqiqa o‘qiladi

Ukraina neft omborlarini, Rossiya tinch aholini o‘qqa tutmoqda. Urush suratlari

Ukrainadagi urushning 434-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • 3 mayga o‘tar kechasi ikkita dron Vladimir Putinning Kremldagi qarorgohiga hujum qilishga uringan. Rossiya hukumati bunda Ukrainani aybladi; Kiyevdagilar hodisaga aloqadorligini rad etdi va bu RF tomonidan provokatsiya bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. Tergov qo‘mitasi terrorizm to‘g‘risida jinoiy ish ochgan.
  • Rossiya qo‘shini Xerson oblastini o‘qqa tutdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tinch aholi vakillaridan 23 kishi halok bo‘lib, 46 kishi yaralangan.
  • Ukrain dronlari Bryansk oblastidagi harbiy aerodromga hujum uyushtirdi. An-124 samolyoti shikastlangan. Jabrlanganlar yo‘q, region rasmiylari hodisa haqida xabar berishmagan.
  • 3 mayga o‘tar kechasi Krasnodar o‘lkasining Taman porti yaqinidagi Volna posyolkasida neft mahsulotlari saqlanadigan rezervuar yonib ketgan. Bu yong‘inga ham dronlar hujumi sabab bo‘lgani aytilgan.
  • 4 mayga o‘tar kechasi Krasnodar o‘lkasi va Rostov oblastidagi neftni qayta ishlovchi zavodlarga dronlar hujumi takrorlandi.

Kremldagi Senat saroyi gumbazida dronlar hujumi asoratlari

3 mayga o‘tar kechasi ikkita dron Kremlga hujum qildi. Birinchisi Senat saroyi gumbazi ustida portladi, ikkinchisi ham qariyb shu nuqtada, 16 daqiqa o‘tganidan keyin. Rossiya hukumati dronlar havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali urib tushirilganini ma’lum qilgan va hujumda Kiyevni ayblagan — lekin bu haqda faqat kun o‘rtalariga kelib xabar berildi. Ukraina hukumati hujumga aloqadorligini rad etgan.
Sefa Karacan / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press

Krasnodar o‘lkasida neft omboriga berilgan zarba oqibatlari

 

3 mayga o‘tar kechasi dron Qora dengiz sohilida, Krasnodardan taxminan 180 kilometr masofada joylashgan Volna posyolkasidagi neft mahsulotlari saqlanuvchi rezervuarga zarba yo‘lladi. Kuban gubernatori Veniamin Kondratevning xabar qilishicha, alanga 1,2 ming kvadrat metr maydonni qamrab olgan, uni faqat 16 soat o‘tib o‘chirishga muvaffaq bo‘lingan.

4 mayga o‘tar kechasi ham dron Krasnodar o‘lkasidagi yana bir obektga zarba berdi — Ilskiy neftni qayta ishlovchi zavodga. Zarbadan keyin boshlangan yong‘in ertalabki soat beshga kelib o‘chirilgan. Taxminan shu vaqtda yana bir dron Rostov oblastining Kiselevka qishlog‘idagi Novoshaxtinskiy zarba bergan, boshqasi Voronej oblasti osmonida portlagan — bu aynan qayerda bo‘lgani va qaysi obekt zarba nishoni bo‘lishi mumkinligiga aniqlik kiritilmagan.

Barcha to‘rt holatda jabrlanuvchilar borligi haqida xabar berilmagan. Moskva ham, Kiyev ham hozircha bu hodisalar yuzasidan munosabat bildirmadi.

Qrim sohilidan Volna posyolkasidagi neft mahsulotlari ombori ustida ko‘tarilgan tutunning ko‘rinishi
Reuters / Scanpix / LETA
Volna posyolkasidagi rezervuarda chiqqan yong‘inni o‘chirishga urinayotgan ishchilar
Rossiya FVV

Xerson o‘qqa tutilishi oqibatlari

3 may tongida Rossiya qo‘shinlari Xerson shahri va Xerson oblastidagi boshqa aholi yashash manzillariga zarbalar berdi. Xersonda Vokzal maydoni, temiryo‘l vokzali hududi, yonilg‘i quyish shoxobchasi, zavod, avtoxo‘jalik va ikkita savdo nuqtasi (ulardan biri — shaharda ishlab turgan yagona gipermarket) zarbalarga yo‘liqqan.

Oblast harbiy ma’muriyati rahbari Oleksandr Prokudin tomonidan e’lon qilingan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xerson shahrida tinch aholi vakillaridan 23 kishi halok bo‘lib, 46 kishi yaralangan (ular orasida ikki bola ham bor).

Rossiya raketalaridan biri kelib tushgan shahar vokzali yaqinida turgan xersonlik ayollar
Carlos Barria / Reuters / Scanpix / LETA
Ukrain harbiylari Xersondagi vokzal platformasi bo‘ylab yaradorni olib ketishmoqda
Carlos Barria / Reuters / Scanpix / LETA
Xerson rossiyaliklar tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida yaralangan ayol
Carlos Barria / Reuters / Scanpix / LETA
Raketalardan biri kelib tushgan gipermarketda halok bo‘lgan xersonlik jasadi ustiga yopib qo‘yilgan mato
Ivan Antypenko / Reuters / Scanpix / LETA
Qurbonlarning jasadlarini gipermarketdan olib chiqayotgan ukrainalik shifokorlar
Dina Pletenchuk / AFP / Scanpix / LETA

Donbass shimolidagi ukrain harbiylari

Davlat chegara xizmati harbiylari Baxmut atrofidagi yerosti boshpanasidan turib o‘z dronlari faoliyatini kuzatmoqda
Dimitar Dilkoff / AFP / Scanpix / LETA
Ukraina QK 28-alohida mexanizatsiyalashgan brigadasi harbiy xizmatchisi Baxmut atrofidagi pozitsiyada turib tankka qarshi granatomyot qo‘llamoqda.
Sofiia Gatilova / Reuters / Scanpix / LETA
Davlat chegara xizmati harbiylari Chasiv Yarda okop qazimoqda — Baxmutdan 13 kilometr g‘arbdagi bu shahar Ukraina QK ta’minotidagi asosiy nuqta hisoblanadi.
Dimitar Dilkoff / AFP / Scanpix / LETA
Anneksiya qilingan Donetsk shahridan taxminan 60 kilometr masofadagi Konstantinovkada yashovchi kishilar otishmalardan keyin yonib ketgan avtomobilni kuzatishmoqda. Rossiya qo‘shinlari 3 may kuni Konstantinovkaga dronlar bilan zarba bergan. Donetsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenkoning ma’lumotiga ko‘ra, bir kishi yaralangan, ikki infratuzilma obekti (aynan qaysilari ekaniga aniqlik kiritilmagan), shuningdek beshta ko‘p qavatli uy va yettita xususiy uy shikastlangan.
Dimitar Dilkoff / AFP / Scanpix / LETA

Kiyevda sakura gulladi 

Poytaxtdagi xiyobonlardan birida gullagan sakuralar orasida sayr qilayotgan kiyevliklar. Fotosuratda xiyobonda ehtimoliy zarba vaqtida yashirinish uchun qum to‘ldirilgan qoplardan tayyorlangan boshpanani ham ko‘rish mumkin
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA

Mavzuga oid