Jahon | 09:16 / 09.05.2023
4273
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa kunida Yevropa komissiyasi rahbari Kiyevga tashrif buyuradi

Ursula fon der Lyayyen Yevropa kunida Kiyevga keladi va Volodimir Zelenskiy bilan uchrashadi. Uning tashrifidan maqsad ukrainaliklarga Yevropa Ittifoqi ularni qo‘llab-quvvatlayotganini namoyish etishdir.

Foto: MICHAL CIZEK / AFP

Yevropa Ittifoqida Yevropa kuni nishonlanadigan 9 mayda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen rasmiy tashrif bilan Kiyevga keladi, deb xabar qildi Yevrokomissiya matbuot xizmati. U yerda u Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashadi. "Rais Ukrainaga Rossiya tomonidan bosqinchilik urushidan himoya qilishda bu davlatni qo‘llab-quvvatlashimizni tasdiqlash uchun boradi. Uning tashrifining asosiy mavzusi - Yevropa Ittifoqi va Ukraina o‘rtasidagi hamkorlik", - deya tushuntirdi Yevropa komissiyasi vakili Erik Mamer brifingda.

Uning qo‘shimcha qilishicha, tashrif Yevropa Ittifoqi va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlarning barcha jabhalariga, jumladan, uning YeIga kirish jarayoniga bag‘ishlanadi. Xavfsizlik nuqtayi nazaridan Bryussel fon der Lyayyenning safari, shuningdek, Ukrainaga avvalgi tashriflari tafsilotlarini oshkor etmayapti.

Bundan tashqari, Yevrokomissiya Zelenskiyning 9 may Ukrainada Yevropa kuni bo‘lishi haqidagi bayonotini olqishladi.

Ukraina prezidentining murojaati fashistlar Germaniyasi 1945 yil 8 mayda taslim bo‘lganining navbatdagi sanasi munosabati bilan  – Rossiya va boshqa bir qator possovet mamlakatlarida nishonlanadigan Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba kunidan bir kun oldin chop etilgan. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u Ukrainada 8 may kuni G‘alaba kunini nishonlashni qonuniylashtirish, 9 mayda esa Yevropa kunini nishonlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini Oliy radaga yuborgan.

“Aynan 8 may kuni dunyoning aksariyat xalqlari natsizm ustidan qozonilgan g‘alabaning buyukligini eslaydilar va hayotni himoya qilgan har bir kishiga ta’zim qiladilar. Aynan 8 may kuni butun dunyo o‘sha urush qurbonlari xotirasini yolga oladi. Bu mafkuraviy aralashmasiz sof tarix”, — deb yozdi Zelenskiy Twitter’da.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid