Jahon | 20:03 / 14.05.2023
30437
24 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an yutqazsa nima bo‘ladi? U mag‘lubiyatni tan oladimi?

U namoyishlarni kuch bilan bostirishi mumkinmi? Harbiy holat e’lon qilinishi ehtimoli bormi?

Foto: Burak Kara / Getty Images

Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning uzoq yillik boshqaruvi tez orada o‘z yakuniga yetishi mumkin. 20 yildan buyon Turkiya boshqaruvini hech kimga bermayotgan Erdo‘g‘an bugun o‘tkazilgan mamlakatdagi prezidentlik saylovlari yakunlariga ko‘ra mag‘lubiyatga uchrashi mumkin.

Erdo‘g‘an saylovdagi asosiy raqibi Kamol Qilichdoro‘g‘liga yutqazsa, mag‘lubiyatni tan oladimi? Yoki kuch bilan taxtda qolishga urinadimi? Erdo‘g‘an yengilsa, Turkiya Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi vazifasida bo‘lishda davom etadimi? Bu savollarga «Meduza» mustaqil nashrining Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassisi Ruslan Sulaymonov javob beradi.

– Saylovdan keyin Turkiyaning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlarga qarashi qanday o‘zgaradi?

– Menimcha, Erdo‘g‘an g‘alaba qozonsa, deyarli hech narsa o‘zgarmaydi. Erdo‘g‘an yevropaliklar uchun, ayniqsa Rossiya uchun qulay variant. U Moskva bilan ham, Kiyev bilan ham aloqada bo‘lib turibdi. Erdo‘g‘an aynan shunga urg‘u berishini ham yashirmaydi. U shu tariqa o‘zini dunyodagi mojarolarni hal qila oladigan siyosatchi sifatida ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Ya’ni, bu avvalo Erdo‘g‘an uchun imij masalasi.

Ammo Qilichdoro‘g‘li g‘alaba qozonsa, bu boradagi munosabatlar qanday bo‘lishi tushunarsiz. Muxolifatning saylovoldi dasturida Ukrainadagi urush haqida hech narsa deyilmagan va faqat Qora dengizdagi Turkiya maxsus iqtisodiy zonasi haqida gapirilganda urush tilga olingan. Muxolifat Erdo‘g‘an olib borgan barcha tashqi siyosat masalalarini qayta ko‘rib chiqmoqchi. Uning Ukraina va Rossiya borasidagi siyosati ham qayta ko‘rib chiqilsa kerak. Muxolifat asosiy e’tiborni mamlakat ichkarisidagi holatga qaratgan. Aynan tashqi siyosat masalasidagi aniq dasturi yo‘qligi uchun muxolifatni ko‘p tanqid qilishadi.

– Yirik nashrlar Turkiyadagi saylovlarni bu yil dunyodagi eng muhim saylov deb atashmoqda. Natijalarga ko‘ra bu jarayon nimalarni o‘zgartirishi mumkin?

– Ko‘p narsani o‘zgartira oladi. Agar Erdo‘g‘an g‘alaba qozonsa, Turkiya muxolifatiga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘ladi. Odamlarning mamlakatda nimanidir o‘zgartira olish umidi puchga chiqadi. Muxolifat mag‘lubiyati Erdo‘g‘anning «qo‘llarini yechib yuboradi». Vaholanki unda shundog‘am superprezidentlik vakolatlari bor. 2017 yil konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar uning vakolatlarini cheksiz qilib yuborgan. Bundan tashqari, Erdo‘g‘an amaldagi konstitutsiya o‘rniga yana yangisini qabul qilmoqchi. Tabiiyki, unda prezidentning vakolatlari yanada oshiriladi. O‘shanda Turkiya despotiyaga aylangani haqida gapirishga asos paydo bo‘ladi.

29 oktyabr kuni Turkiya respublikasining 100 yilligi nishonlanadi. Erdo‘g‘an bu kunni davlat rahbari sifatida qarshi olishni istaydi. Axir uni tez-tez Turkiya davlati asoschisi Mustafo Kamol Otaturk bilan qiyoslashadi, tadbirlarda suratlarini yonma-yon qo‘yishadi. Ammo Erdo‘g‘an, menimcha, o‘zining Turkiyadagi rolini yanada kattaroq deb bilib, o‘zini Usmoniylar davri merosxo‘ri va musulmon olamining katta vakili deb hisoblaydi. Shu bois, Erdo‘g‘an hukmronligini turk musulmonlarining XX asr uchun qasosi deb ham atashadi (o‘tgan asr Turkiyada dunyoviylik hukm surgani nazarda tutilmoqda – tarj.).

Muxolifatning asosiy maqsadi esa mamlakatga parlamentar boshqaruvni qaytarish. Bir narsani unutmaslik kerak, muxolifatda oltita bir-biriga umuman o‘xshamaydigan partiya mavjud. Ular orasida musulmonlar ham, millatchilar ham, liberallar ham bor. Ularning barchasi parlamentar boshqaruvni qaytarish kerak deb hisoblaydi. O‘z navbatida, bu juda og‘riqli o‘tish davri bo‘lishini ham unutmaslik kerak.

– Aynan qanday muammolar yuzaga kelishi mumkin?

– Avvalo, muxolifat ichida ham mavjud bo‘lgan qarama-qarshiliklar yuzaga chiqadi. Ular hozir unchalik ko‘zga tashlanmayapti va odamlarga muammo tug‘dirayotgani yo‘q. Lekin ular bo‘y ko‘rsata boshlasa, qiyin bo‘ladi. Masalan, iqtisodiy islohotlarda, islomning jamiyatdagi o‘rni, Rossiya bilan munosabatlar, NATOga a’zolik masalasida xilma-xil fikrlar murakkab vaziyatni keltirib chiqaradi. Muxolifat koalitsiyasi parchalanib ketishini ham istisno qilmagan bo‘lardim.

O‘tish davri ikki yilgacha vaqt oladi va har qanaqasiga juda qiyin kechadi. Bundan tashqari, [hozirgi konstitutsiyaga ko‘ra] Qilichdoro‘g‘li prezident bo‘lsa, juda katta vakolatlarga ega bo‘ladi, ko‘pchilik uni eshitishga majbur bo‘ladi. 74 yoshli Qilichdoro‘g‘li esa asosiy maqsadi – Turkiyani parlamentar boshqaruvga qaytarib, keyin «sekin oyog‘ini uzatish» ekanini aytmoqda. Muxolifatning ham «kamtarona rejasi» shu deyish mumkin, ammo o‘sha gap – bu ishni amalga oshirish oson emas.

– Natijalar xalqaro hamjamiyatga qanday ta’sir o‘tkazishi mumkin?

– Saylovda muxolifat g‘alabasi butun dunyodagi ko‘plab odamlarni ilhomlantirsa kerak. Chunki bu uzoq yillik avtokratiyani to‘polonsiz, saylovlar yordamida ham ag‘darish mumkinligining yaqqol misoli bo‘ladi.

Erdo‘g‘an davrida saylovdan tashqari boshqa demokratik institutlar faoliyati sustlashdi. Ko‘p muxolifatchilar qamaldi yoki mamlakatdan chiqib ketdi. Muxolifat g‘alabasi Turkiyani yana demokratiya olimpiga qaytaradi. Erdo‘g‘anning g‘alabasi esa demokratiya tarafdori bo‘lganlarni xafa qiladi, xatto Turkiya tashqarisidagilarni ham.

– Odamlarda Putin Erdo‘g‘anni qo‘llashi va u yutishi uchun saylovga aralashishi ham mumkinligi haqida tushuncha bor. Buning imkoni bormi?

– Bor. Bu masala Turkiyada anchadan buyon muhokama qilinadi. Kreml Erdo‘g‘anni qo‘llaydi va buni yashirmaydi ham. Buni Rossiya Turkiyadagi AES uchun 20 milliard dollar ajratganidan ham bilish mumkin. Bundan tashqari, Rossiya o‘tgan yil Turkiyaning gaz uchun to‘lashi kerak bo‘lgan 20 milliard dollarining muddatini kechiktirib berdi. Putin ham Erdo‘g‘an bilan yaxshi munosabatda va uning qolishini istaydi.

Turkiya mustaqil nashrlari Erdo‘g‘an saylov oldilan rus hakerlaridan foydalanishi mumkinligi haqida yozishdi. Hozircha bu borada biror isbot yo‘q, lekin ushbu variatni ham istisno qilib bo‘lmaydi. 11 may kuni Kamol Qilichdoro‘g‘li o‘zining tvitterdagi sahifasida «rus do‘stlar»ga nisbatan yaxshigina keskin bayonot bilan chiqdi va ulardan «turk davlatidan qo‘lini tortish»ni so‘radi. Menimcha, bu Erdo‘g‘an hamon foydalanishi mumkin bo‘lgan rus hakerlariga ishora.

– Ijtimoiy so‘rovlarda muxolifat yetakchisi kichik ustunlikka egaligi ko‘rinmoqda. Ularga ishonish mumkinmi?

– Turkiyadagi ijtimoiy so‘rovlar, jamoatchilik fikriga ishonish murakkab masala. Chunki ko‘pchilik o‘z fikrini ochiq aytishdan qo‘rqadi. Axir oxirgi yillarda so‘z erkinligi haminqadar bo‘lib qoldi, Turkiyadagi yirik nashrlarning 95 foizi Erdo‘g‘anning atrofidagi odamlarga tegishli. «Prezidentni haqorat qilish» ayblovi bilan juda ko‘p ishlar ochilib ketdi, odamlar yozgan tviti uchun ham qamalgan holatlar bo‘ldi.

Buning ustiga ko‘p so‘rovlarni xolis deb bo‘lmaydi. So‘rov o‘tkazadiganlarning qaysisidir muxolifatni, boshqalari Erdo‘g‘anni qo‘llaydi. Nisbatan xolis ijtimoiy tashkilotlarning so‘rovlari esa Erdo‘g‘anning reytingi qulayotganidan dalolat bermoqda.

Erdo‘g‘anning reytingi ayniqsa 6 fevraldagi zilziladan keyin tushib ketdi. Avvaliga u o‘zini millat qutqaruvchisi sifatida ko‘rsatishga urinib, hammani bir dard atrofida to‘plamoqchidek ko‘ringandi. Ammo bu harakatlari o‘xshamadi, chunki Turkiyadagi boshqa partiyalar Erdo‘g‘anning 20 yillik boshqaruvida yo‘l qo‘yilgan xatolarni sanay boshlashdi. Axir uning o‘zi ham 1999 yilgi vayronkor zilziladan 3 yil o‘tib hukumat tepasiga kelgandi. Odamlar zilziladan keyin javob izlagan asosiy savol shunday bo‘ldi: davlat shu kabi falokatlar oqibatida zarar kamroq bo‘lishi uchun nima qildi o‘zi?

Oxirgi haftalarda Erdo‘g‘an katta-katta marosimlarda ishtirok etishga urindi. Masalan, «Aqquyu» AES ochilishida Putin bilan onlayn qatnashdi. U qaysidir ma’noda odamlarni iqtisodiy muammolardan chalg‘itishga urindi. Bu voqealar fonida Erdo‘g‘anning reytingi oshgandek bo‘ldi, ammo Qilichdoro‘g‘lining reytingi ham o‘sishdan to‘xtab qolgani yo‘q. Menimcha, imkoniyatlar teng va Erdo‘g‘an chindan yutqazishi mumkin.

– Jonli efir vaqtida mazasi qochib qolgani Erdo‘g‘anning reytingiga ta’sir qildimi?

– Menimcha, jiddiy ta’sir qilgani yo‘q. Chunki efir vaqtida Erdo‘g‘an bilan qo‘rqinchli nimadir bo‘lmadi. U yiqilmadi, yuragini changallab qolmadi. Shunchaki efir uzilib qoldi va 20 daqiqa o‘tib Erdo‘g‘an oshqozonida muammo borligini aytdi. U 2-3 kunlik tadbirlarda ishtirok etmadi, ammo keyin yana ko‘rinish bera boshladi. U faol saylov kampaniyasi olib bordi deyish mumkin.

Tabiiyki, bu 2002 yil o‘z partiyasini saylovdagi g‘alabaga olib borgan zabardast Erdo‘g‘an emas. U sekin gapiradigan, ohista yuradigan bo‘lib qoldi. Bu tabiiyki odamlarda savollar tug‘diradi. Menimcha, 69 yoshli Erdo‘g‘anga qaragan elektoratning bir qismi u allaqachon oldingidek emasligini payqab, undan voz kechib bo‘lgan. Qizig‘i, Erdo‘g‘anning raqibi undan 5 yosh katta bo‘lishiga qaramay odamlar aynan amaldagi prezident bu holatda boshqaruvni eplay oladimi, deb o‘ylay boshladi.

– Yosh reytingiga ta’sir qiladimi?

– Qiliqdoro‘g‘li haqida bunday deyish qiyin. Ammo u muxolifatning asosiy nomzodi sifatida ko‘rsatilishidan avval muxolifat ichida boshqa yorqin siyosatchilarga reyting borasida yutqazgani bor gap. Masalan, 2022 va 2023 yilgi so‘rovlarda Istanbul meri Akrom Imomo‘g‘li va Anqara meri Mansur Yavoshning reytingi ancha yuqori bo‘lgan. Shu sabab Qilichdoro‘g‘lini nomzod sifatida ko‘rsatish jiddiy muhokama qilingan, hatto muxolifat parchalanib ketishi ham mumkin bo‘lgandi.

Qilichdoro‘g‘li nomzod sifatida bir necha kun avval «Saodat partiyasi» yetakchisi Meral Akshener uning nomzod bo‘lishiga qarshi chiqib, Imomo‘g‘li va Yavoshdan biri nomzod bo‘lishi kerakligini aytgan, bunga ularning reytingi balandigini asos qilib ko‘rsatgandi. Ammo eng murosali variant sifatida Kamol Qilichdoro‘g‘li tanlandi. U turli siyosiy guruhlar vakili hisoblanadi. Masalan, musulmonlar, millatchilar va boshqalarning. Oxirgi vaqtlarda muxolifat yetakchisi yoshlar orasida ham yaxshigina mashhurlikka erishdi. U ijtimoiy tarmoqlardan, xususan, TikTok’dan faol foydalana boshladi.

– Nega reytingi baland boshqa nomzodlar bo‘lishiga qaramay muxolifat aynan Qilichdoro‘g‘lini tanladi?

– Menimcha, avvalo kompromiss uchun. Bu turk siyosati faxriysi Kamol Qilichdoro‘g‘liga ko‘rsatilgan hurmat ham deyish mumkin. U uzoq yil asosiy muxolif partiyani boshqarib kelayotgandi. Bundan tashqari, Imomo‘g‘li va Yavoshda muammolar bor edi. O‘tgan yil dekabr oyida Istanbul meri Imomo‘g‘lini hukumat vakillarini haqorat qilgani uchun shartli ravishda 2 yilga ozodlikdan mahrum qilib, 5 yil siyosat bilan shug‘ullanishni taqiqladi. Bu borada hukm chiqarilgan sud majlisida esa Imomo‘g‘li qatnashgani ham yo‘q.

U mer sifatida ishlashda davom etmoqda, sud esa apellyatsiya jarayonida. Ammo bunday holat bilan tavakkal qilib bo‘lmasdi, chunki sud tizimi to‘laligicha Erdo‘g‘an nazoratida. Saylov vaqtida hamma narsa bo‘lib ketishi mumkin edi.

Mansur Yavoshning esa kurdlar bilan munosabati yaxshi emas. Uni kurdlarga nisbatan aytgani gapi va millatchiligi uchun ko‘p tanqid qilishgan.

– Muxolifatning Erdo‘g‘anga asosiy e’tirozi nimada?

– Gap shundaki, ular Erdo‘g‘an Turkiyani bir kishi boshqaruvidagi davlatga aylantirib qo‘yganidan tashqari o‘z atrofiga professionallarni emas, sodiq insonlarni to‘plab olgan deyishmoqda. Bugungi muxolifatda Erdo‘g‘anning o‘tmishdagi yaqin do‘stlari va tarafdorlari borligini ham unutmaslik kerak. Masalan, sobiq bosh vazir va sobiq tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li. Uni Erdo‘g‘anning tashqi siyosat bo‘yicha arxitektori ham deyishardi.

Ali Bobojon haqida ham unutmaslik kerak. U o‘z vaqtida moliya vaziri, tashqi ishlar vaziri va bosh vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. U Erdo‘g‘an va uning atrofidagilar iqtisodni tushunmasligi haqida ko‘p gapirgan. Prezidentga Turkiya lirasi oxirgi yillarda besh baravarga qadrsizlanganini tez-tez eslatishadi. O‘tgan yil inflatsiya 83 foizga yetib, 25 yillik antirekordni qayd etdi.

Iqtisodiy sohada Erdo‘g‘anning eng jiddiy xatosi – foiz stavkasini tushirgani bo‘ldi. Butun dunyo stavkani oshirayotgan bir vaqtda Erdo‘g‘an islomda sudxo‘rlik qilish yaramasligini aytib uni tushirdi. U stavkani tushirish orqali inflyatsiga qarshi kurashmoqchi bo‘lyapti, ammo vaziyat borgani sari yomonlashib ketyapti.

Erdo‘g‘anning partiyasi 2000-yillar boshida chindan mamlakatni qiyin istisodiy inqirozdan olib chiqib ketgandi. Ammo mamlakat bir aylanib yana o‘sha 20 yil avvalgi inqiroz holatiga kelib qoldi.

Erdo‘g‘anni G‘arb davlatlariga nisbatan tutayotgan siyosati uchun ham tanqid qilishadi. Muxolifat NATO davlatlari bilan «og‘iz-burun o‘pishish»ni qo‘llamaydi, ammo kamida ular bilan odamga o‘xshab muaomala qilish tarafdori. Erdo‘g‘an esa istalgan vaqtda kim bilandir munosabatlarni keskinlashtirishi mumkin. Masalan, joriy yil fevral oyida Turkiya TIV ko‘plab davlatlar elchilarini chaqirtirib, e’tirozlarini bildirgandi.

Bu masalada Erdo‘g‘an juda murakkab inson. Muxolifat esa bunday vaqtda muammoni muloqot yo‘li bilan hal qilish tarafdori. Masalan, muxolifat saylovda yutib chiqsa, Shvetsiyaning NATOga a’zoligi masalasi tezda hal bo‘ladi.

– Muxolifat parlamentar respublikaga o‘tishni istamoqda. Lekin parlament saylovlarida g‘alaba qozona olmasa, bunga erisha olmaydi. Bu borada qanday taxminlar bor?

– Erdo‘g‘anning partiyasi Qilichdoro‘g‘li yetakchilik qiladigan Jumhuriyat xalq partiyasini ortda qoldirmoqda. Katta ehtimol bilan koalitsiyadagi hech kim partiya o‘z qonunini kirita oladigan darajada (buning uchun 600 o‘rinlik parlamentdagi kamida 301 ovoz bo‘lishi kerak) o‘rin ololmaydi. Hozir Erdo‘g‘an tarafdorlari parlamentda mutlaq ko‘pchilikni tashkil etmayapti va biror qonunni kiritishi juda qiyin bo‘ladi. Ammo Turkiyada prezidentlik saylovlari Erdo‘g‘an parlamentni aylanib o‘tib imzolagan qonunga asosan 18 iyundan 14 mayga ko‘chirildi. Shunday ekan, parlamentda vaziyat yanada chalkash bo‘ladi. Yana takrorlayman, hech kim qonun chiqarish organida yetarli o‘rinlarni qo‘lga kirita olmasa kerak.

– Parlamentdagi mandatlarni taqsimlash bo‘yicha qanday taxminlar bildirilmoqda?

– Hozircha 50 ga 50. Menimcha, muxolifat baribir Erdo‘g‘anning partiyasiga qaraganda ko‘proq ovoz olsa kerak. Kichik ustunlik ular tomonda bo‘ladi, ammo bu ustunlik o‘z qonunlarini o‘tkazadigan darajada katta bo‘lmaydi.

– Birlashgan muxolifat AQSh bilan aloqalarni yaxshilash va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yo‘lini tutishini aytdi. Koalitsiyaning Rossiya bilan aloqalari qanday bo‘ladi?

– Yuqoridagi muxolifatning tashqi siyosat masalasida aniq rejasi yo‘q degandim. Xuddi shu kabi ular Moskva bilan qanday munosabat o‘rnatishni ham o‘ylab ko‘rmagan. Muxolifat vakillarining o‘tgan yilgi fikrlari bir-birini rad etmoqda. Ammo oxirgi vaqtlarda muxolifat Rossiya bilan aloqalarni yaxshilashga intilishi haqida gaplar aytildi. Masalan, Qilichdoro‘g‘li Rossiya haqida gapirganda iliq va xotirjam fikr bildiradi.

Albatta, Qilichdoro‘g‘li Putin bilan Erdo‘g‘an kabi og‘ayni bo‘lib ketolmaydi, ammo Moskva va Anqaraning juda ko‘p umumiy manfaatlari bor. Shunday ekan, bu borada katta o‘zgarish kutmaslik kerak. Anig‘i shuki, yangi hukumatda Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar Erdo‘g‘an va Putinning shaxsiy munosabati kabi rivojlanmaydi. Turkiyada mamlakatning Rossiya bilan hech qanday aloqasi yo‘qligi, faqat Erdo‘g‘anning Putin bilan aloqasi borligi aytiladi. Qilichdoro‘g‘li kelsa, bu munosabatlar tizimli ko‘rinish oladi.

– Muxolifat suriyalik qochoqlarni ko‘ngilli tarzda uyiga qaytarishini aytgan. Buning imkoni bormi?

– Menimcha, bu populistik chiqish, chunki bunaqa ishlarni amalga oshirish oson emas. Menimcha, bu bayonot ochko ishlash uchun qilingan. Chunki suriyalik qochoqlar turklarning sabr kosasini to‘ldirgan. Turklar to‘lagan soliqlar ularga ketmoqda, suriyaliklar jamiyatga moslashishga urinyapti, bolalari turkcha maktabga chiqa boshladi. Ko‘pchilik turklar suriyalik qochoqlar qaytib ketishini istaydi, lekin bu amalga oshishi oson bo‘lgan ish emas, bu katta muammo.

– Muxolifatning kurdlar bilan munosabati qanday? Ular turli manbalarga ko‘ra Turkiyaning 18-23 foiz aholisini tashkil etadi va kurdlarning qo‘llovisiz saylovda yutib bo‘lmaydi.

– Ha, kurdlar masalasi juda muhim va hatto hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkin. Erdo‘g‘an hukumatga kelgan ilk yillarida ular bilan bitta koalitsiyada birlashishiga ham bir baxya qolgandi. Erdo‘g‘an kurd masalasi uning uchun shaxsiy masala ekanini ko‘p marta aytgan. Ammo 2015 yilgi saylovlarda kurdlarni qo‘llovchi Xalqlar demokratik partiyasi kutilmaganda katta ovoz to‘plab, Erdo‘g‘an partiyasining yakkahukmronligiga chek qo‘yganida, Turkiya prezidentining kurdlar bilan munosabati yomonlashdi-da, ularni terrorchi deb atay boshladi.

Kurdlar katta ehtimol bir ovozdan Qilichdoro‘g‘lini qo‘llaydi. Fevraldagi zilzila Turkiyaning asosan kurdlar yashaydigan qismida sodir bo‘ldi. Ularda shundog‘am norozilik kayfiyati kuchli edi va zilziladan keyin norozilik yanada kuchaydi.

Shu bois, Erdo‘g‘an Qilichdoro‘g‘lini terrorchi deb atab, uni Turkiyada terrorchilik tashkiloti deb tan olingan Kurdiston ishchi partiyasiga aloqador deb atamoqda. O‘z navbatida, muxolifat Erdo‘g‘anning ayblovlaridan qo‘rqmay kurdlarga xayrixoh munosabatda ekanini yashirmayapti.

– Qilichdoro‘g‘li ijtimoiy so‘rovlarda yetakchilik qilayotganini bilgan Erdo‘g‘an qandaydir chora ko‘radimi?

– Hozircha Erdo‘g‘an Qilichdoro‘g‘lini ochiqchasiga terrorchi deb atashidan ortiq qandaydir ko‘shimcha harakat ko‘rinmayapti. Erdo‘g‘an qandaydir harakat qilishi haqida gapirish qiyin, ammo saylovda rus hakerlarining aralashuvini rad etib bo‘lmaydi. Shuningdek, Erdo‘g‘an saylovda yutqazsa, millionlab tarafdorlarini ko‘chaga olib chiqa olishini unutmaslik kerak. Saylovda yutqazsa, Erdo‘g‘an ovozlarni qayta sanashni talab qilishi va hatto saylovni qayta o‘tkazishga urinishi ham mumkin.

– Agar ikkinchi tur bo‘lsa, Erdo‘g‘an oradagi tanaffusda nimadir qila oladimi?

– Oxirgi haftada Erdo‘g‘an vaziyat og‘irligini sezadigan bo‘lsa, qandaydir avantyuraga borishi haqida gaplar paydo bo‘ldi. Turkiyaning Suriya yoki Gretsiya bilan chegarasida provokatsiya tashkil qilish variantlardan biri sifatida aytildi. Lekin menimcha, Gretsiya bilan mojaro yaxshi variant emas, chunki greklar zilzila oqibatlarini bartaraf etishda Turkiyaga juda katta yordam berdi. Suriya bilan esa nimadir bo‘lishi mumkin. Hozir Bashar Asad muzokaralardagi o‘z pozitsiyasini kuchaytirib olgan, u Turkiya askarlarini olib chiqib ketishi kerakligini talab qilmoqda.

Turkiya va Suriya o‘rtasidagi munosabatlar doimgidek tarang va bu holatda Erdo‘g‘an harbiy holat e’lon qilib yuborishini ham istisno qilib bo‘lmaydi. Turkiya konstitutsiyasiga ko‘ra, faqat harbiy holat saylovlarni bekor qilish va qoldirishga asos bo‘la oladi. Shunday ekan, ikki tur orasida, agar yutqaza boshlasa, undan noodatiy biror harakat kutish mumkin.

– Turkiya Markaziy saylov komissiyasi Erdo‘g‘andan boshqa kimnidir g‘olib deb e’lon qila oladimi?

– Saylov komissiyasi Qilichdoro‘g‘lining g‘alabasini e’lon qila oladi. Imomo‘g‘li bilan ham shunday bo‘lgandi. Erdo‘g‘an qo‘llamagan nomzod 2019 yil Istanbul merligi uchun saylovda g‘alaba qozondi. Avvaliga Imomo‘g‘li kichik farq bilan g‘olib bo‘ldi, ammo Erdo‘g‘an va partiyasi qayta saylovni talab qilgach, Imomo‘g‘li qayta saylovda kattaroq farq bilan g‘alabasini mustahkamladi. Shunday ekan, saylov komissiyasi g‘olib muxolifat vakili bo‘lsa, bu haqda bemalol e’lon qiladi.

– Hukumatning tinch yo‘l bilan topshirilishini ham kutish mumkinmi?

– Ha, mumkin. Ammo mening fikrimcha, Erdo‘g‘an hukumatga qolishga intiladi. Kamida bunga urinib ko‘radi. Albatta, odamlar ko‘chaga chiqib qon to‘kilishi shart emas, Erdo‘g‘an suddagi ta’siri orqali saylovlarni bekor qildirishi mumkin. Masalan, Konstitutsion sud natijalarni bekor qila oladi. Ammo barcha muxolifat g‘alabasiga xayrixoh bo‘lsa, Erdo‘g‘an mag‘lubiyatni tan olishga majbur bo‘ladi.

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid