O‘zbekiston | 16:16 / 15.05.2023
27304
3 daqiqa o‘qiladi

Avvaldan mavjud bo‘lgan komplektatsiyadagi Onix va Tracker narxlari oshmasligi aytildi

“O‘zavtosanoat” Onix va Tracker'ning yangi komplektatsiyalarini sotuvga chiqarishga tayyorlanyapti. Kompaniya matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, avvalgi komplektatsiyalar bo‘yicha narxlar o‘zgarishsiz qoladi. Nisbatan arzonroq modellar (Damas, Labo, Cobalt va Gentra) sotuvi qachon tiklanishi ma’lum emas.

Foto: UzAuto Motors

May oyi boshida UzAuto Motors kompaniya bilan shartnoma imzolash mumkin bo‘lgan eng arzon modellar – 207 mln so‘mlik Onix va 211 mln so‘mlik Tracker-2 sotuvini to‘xtatgan edi.

Kun.uz UzAuto matbuot xizmatidan olgan ma’lumotga ko‘ra, yaqin kunlarda Onix va Tracker-2'ning yangi komplektatsiyalariga shartnoma berish boshlanadi.

“Shartnoma berish boshlanishi, agar rejalar o‘zgarmasa, shu haftaga reja qilinyapti. Balki keyingi hafta boshida boshlanar. Shu sababli aniq muddatni aytishimiz biroz qiyin”, – dedi Kun.uz bilan suhbatda kompaniya vakili.

Uning qo‘shimcha qilishicha, shartnoma tuzish to‘xtatilguniga qadar sotib kelingan komplektatsiyalardagi avtomobillar narxi o‘zgarmaydi. Yangi komplektatsiyalar narxlari esa hali ma’lum emas.

Tracker va Onix'ning yangi komplektatsiyalari qatorida redline varianti ham bo‘lishi aytilgan.

“Yangi variantlarda isitiladigan old o‘rindiqlar, tozalash zonasi, ikkinchi qator o‘rindiqlari, rul, olti tomonlama sozlanishi, haydovchi o‘rindig‘i, karter himoyasi, “redline” paketi bo‘ladi. Hozir yangi konfiguratsiyalar bo‘yicha shartnomalar ochilishiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz”, – degandi o‘tgan hafta kompaniya vakili.

Kompaniya Onix va Tracker'ga shartnoma berishni to‘xtatgach, jamoatchilik UzAuto Motors avtomashinalarining narxini yaqin kunlarda yana oshirishi mumkinligini taxmin qilgandi. Oxirgi 5 yil davomida UzAuto Motors narxlarni oshirishdan oldin har safar savdoni to‘xtatib qo‘yishni odat qilgan.

So‘nggi marta Tracker narxi 2023 yil yanvarida oshgan, Onix narxi esa 2022 yil dekabr oyi oxirida e’lon qilingan edi.

Budjet modellar bo‘yicha shartnoma qachon tiklanishi hamon noma’lum

O‘tgan yil dekabr oyi boshida budjet modellar – Damas, Labo, Cobalt va Gentra uchun shartnoma tuzish to‘xtatilgandi. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda kompaniya vakili bu modellarga shartnoma berish qachon boshlanishi noaniqligini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, Nexia-3 va Spark ishlab chiqarish 2022 yil oxiridan to‘xtatilishi aytilgan. 2023 yil oxiridan esa Gentra ham konveyerdan olinishi reja qilingan. Katta ehtimol bilan, yaqin yillar ichida Nexia-3 va Spark o‘rniga boshqa budjet modellar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmaydi.

Mavzuga oid