Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Itoatkor xalq: Nega rossiyaliklarni Yevropada shunday ta’riflashadi?
Bugun «itoatkor xalq» tamg‘asini tahlil qilib ko‘ramiz. Ayrim odamlar rossiyaliklarni, RF rahbariyati olib borayotgan keskin siyosatni qo‘llovchilarni shunaqa deb ataydi. Aslida bunday emas. Unda bu tamg‘a qanday paydo bo‘lgan?
«Itoatkor xalq»
Ayrimlar rossiyaliklarni hokimiyatga qarshi kuchli norozilik bildira olmaslikda ayblab, ularni hattoki «qulmijoz xalq» deb ataydi. «Ruslar! Qullar!» — deya baqirishgandi 2023 yil mart oyida Tbilisida «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunga qarshi namoyishlarda gurjilar ham. Ukrainaning sobiq tashqi ishlar vaziri Volodimir Ogrizko 2022 yil oktyabrida «Rossiya xalqi — erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish nimaligini tushunmaydigan itoatkor xalq», degan edi.
Feminist tadqiqotchi Olgerta Xaritonova esa «rus xalqida itoatkorlikdan boshqa jamoatchilik ongi paydo bo‘lishi uchun hech qachon tarixiy imkoniyat bo‘lmagani»ni ta’kidlagan. Rossiya maktablarida «qullik ongi» tarbiyalanishi haqida rus blogeri Ilya Varlamov ham aytgan edi.
Fuqarolarining qullik ongi haqida RF kommunistik partiyasi ham o‘zining saylovdagi muvaffaqiyatsizliklari va saylovchilar passivligini tushuntira turib yodga olgan edi. O‘tgan yil martida esa RF prezidenti Vladimir Putin rossiyaliklarning G‘arbda yashash istagini «qullik ongi» bilan tushuntirgandi.
Hattoki 1841 yilda mashhur rus shoiri Mixail Lermontov ham shunday satrlar bitgan: Alvido Rossiya, irkit Vatanim, / Qullaru xojalar yayragan o‘lkam. / Moviy mundir kiygan kibor to‘rayu, / Unga sodiq xalqim, xayr senga ham.
Rossiyaliklarni kimlar «itoatkor xalq» deya boshlagan?
Bu juda ko‘hna tamg‘a bo‘lib, dastlab uni chet elliklar muomalaga kiritgan. So‘ngra uni Rossiya ziyolilarining bir qismi o‘zlashtirib olgan.
Barcha ruslar «shafqatsiz qullik» sharoitida yashayotganini XVI asrda nemis diplomati Sigizmund Gerbershteyn yozib ketgan. U ikki bor buyuk knyaz Vasiliy III davrida Moskva davlatiga kelgan va sayohati haqida batafsil kitob yozgan. Ushbu kitob bilan g‘arbiy Yevropaning o‘qimishli aholisiga Rossiyani «ochib berish» boshlangan.
Gerbershteyn buyuk knyaz atrofida bo‘linmas huquq va imtiyozlarga ega zodagonlar emas (g‘arbiy Yevropada shunday edi, Gerbershteynning o‘zi ham aristokrat edi), poshshoga bor inon-ixtiyorini topshirgan, hech qanday mulk va erkinlikka ega bo‘lmagan «xizmatkor»lar yig‘ilganiga e’tibor qaratgan.
Gerbershteyndan so‘ng Moskva davlatiga, so‘ngra Rossiya imperiyasiga sayohatga kelgan, siyosiy tuzilma va odatlarni tasvirlagan deyarli har bir g‘arblik sayohatchi shunday xulosaga kela boshlagan. Ulardan biri «Rossiya 1839 yilda» kitobi muallifi markiz Astolf de Kyustin bo‘lgan.
Kyustin ham aristokrat, siyosiy qarashlariga ko‘ra konservator edi. Unga o‘sha 1830-yillardagi vatani Fransiyada amalda bo‘lgan burjua va liberal tartiblar (iyul monarxiyasi) nihoyatda yoqmasdi va u Rossiyaga konservativ utopiya: ezgu niyatli absolyut monarx, sadoqatli aristokratiya, itoatgo‘y va rohatda yashayotgan oddiy xalqni ko‘rish umidida keladi.
Uning umidlari chilparchin bo‘ladi. «Bu yerda beg‘araz va hisobsiz laganbardorlik hukmron ekan», — deb yozgan u ilk sayohat qaydining o‘zidayoq. Kyustin Rossiyada poshshodan boshqa hamma qulmijoz ekan degan xulosaga kelgan: podsho boyonlari bilan boyonlar o‘z krepostnoylari bilan muloqot qilganidan biroz yaxshiroq gaplashadi. Ustiga ustak, boyonlar xuddi krepostnoylar kabi itoatkor, shaxsiy qadr-qiymat hissidan mahrum edi. Hech kimda hech qanday huquq va kafolat yo‘q edi, hamma joyda boshboshdoqlik hukmron edi.
«Rossiya 1839 yilda» kitobi tezda G‘arbda mashhur bo‘lib ketadi. Rossiyada u taqiqlanadi — lekin kimga qiziq bo‘lsa baribir uni topib o‘qirdi. «Itoatkor xalq» tamg‘asi Kyustinning kitobi tufayli paydo bo‘lmagan bo‘lsa ham, uning sharofati bilan keng ommaga tarqalgan.
Qayd etib o‘tish joizki, Gerbershteyn uchun ham, Kyustin va ularning G‘arb davlatlaridagi o‘quvchilari uchun ham Rossiyadagi dvoryanlik (boyonlik) ahvoli nihoyatda hayratlanarli bo‘lgan.
Amerikalik tarixchi Marshall Poning qayd etishicha, bu qandaydir ekzotiklashtirishga o‘xshaydi: xorijiy sayohatchilar o‘z vatanida ko‘nikib qolgan jamiyat tizimini me’yor sifatida qabul qilib, Rossiyada bu me’yordan har qanday chetlashishni bu mamlakat yovvoyi, varvar, u yerda yashovchi insonlar «normal davlatlar»dagidan butkul farq qiluvchi boshqacha insonlar deb hisoblashgan.
Nima bo‘lganda ham, «qulmijoz xalq» tamg‘asi asrlar osha yashab kelmoqda. Sovuq urush boshlanganidan so‘ng AQShning SSSRdagi elchisi Uolter Smit Kyustinning kitobini «Sovet ittifoqi haqida yozilgan eng yaxshi asar», deb baholagan. Uni o‘rganish uchun siyosatshunoslar Jorj Kennan va Zbignev Bzejinskiy ham tavsiya etgan.
Xo‘sh, xalqlar qulmijoz bo‘la oladimi?
Aslo yo‘q.
Deyarli barcha xalqlarning vakillari o‘z o‘tmishining ma’lum bir davrlarida qul ham, quldor ham bo‘lgan. Antik davrlarda suriyaliklar va frigiyaliklar (zamonaviy Turkiya hududida yashagan etnik guruh) qullar deb atalgan. Mustamlakachilik davri boshlanganidan so‘ng «qul xalqlar» mavjudligi haqidagi g‘oyani yevropaliklar o‘zlashtirgan. Ular uchun turli qit’alarda yashovchi odamlar o‘rtasida katta farq bo‘lmagan: ular yevropaliklarga o‘xshamagan odamlarni «qullar» deb ketaverishgan.
Bunday fikrlash — essensializatsiyaning klassik misoli. Bu ma’lum bir guruhdagi insonlar boshqa guruhdagi insonlardan farqlanib turishi uchun o‘zgarmas xarakteristikaga ega degan tasavvurni bildiradi. Bunday xususiyatlari guruhning imkoniyatlari va uning jamiyatda cheklanishi uchun sabab bo‘ladi. Essensializm vaziyatni soddalashtiradi, qandaydir insonlar atrofida stereotiplar yaratadi, demak, diskriminatsiyaga sabab bo‘lishi mumkin.
«Qulmijoz xalq» degan kamsitish ohangini o‘z ojizligini oqlash uchun («bo‘lmag‘ur xalq to‘g‘ri kelib qoldi») ham, o‘z ahamiyatini ko‘rsatib qo‘yish uchun ham ishlatish mumkin. Bu mif avtoritar yetakchilar va elitaga o‘z hokimiyatini asoslash imkonini beradi: xalq bir qulmijoz bo‘lsa, uni qattiqqo‘llik bilan boshqarmasa bo‘lmaydi, qabilida.
Biroq, qadriyatlarni bo‘yicha ko‘plab tadqiqotlar rossiyaliklar o‘z ko‘shnilaridan ko‘p ham farq qilmasligini ko‘rsatgan. European Social Survey ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyaliklarning katta qismi individualizm qadriyatlariga yo‘g‘rilgan (54 foiz) sharoitda yashashadi. Ularning bu xislati hech kim aholisini qulmijoz, itoatkor demaydigan Ispaniya (45 foiz) va Germaniya (26 foiz)dagidan ko‘proq.
Ronald Inglhartning «Qadriyatlar xaritasi» kitobi mashhur. Undagi ma’lumotlarga ko‘ra, rossiyaliklarga eng avvalo dunyoviy qadriyatlar xos (aslo yarimmistik «an’anaviy» qadriyatlar emas), ikkinchidan, ular yashovchanlik qadriyati (yetarli oylik maosh, mehnat sharoitlari)ni qadrlashadi. Xaritada bu borada rossiyaliklarga eng yaqin davlatlar Ukraina, Latviya, Serbiya va Albaniyadir.
Yana bir muhim joyi: Rossiya o‘z-o‘zicha ko‘p tarkibli jamiyat sanaladi va uning ichidagi guruhlarning qadriyatlari farqlanishi mumkin. Rossiyada yuzlab etnomadaniy guruhlar bor, ularning barchasini «qullar» deb atash — qandaydir ma’noda Kremlning Rossiya jamiyatining yaxlitligi to‘g‘risidagi imperiyacha narrativini takrorlashga o‘xshaydi.
Unda nega ruslar qarshilik ko‘rsata olmaydi?
Bu murakkab savol. Lekin xalqning «qulmijoz»ligi uning javobi emas, bu aniq. Bu ta’kid ksenofobiya bo‘libgina qolmasdan, masalani nihoyatda soddalashtirish hamdir.
Hokimiyat tepasida avtoritar yetakchi bo‘lishi xalqning «qulmijoz»ligi ko‘rsatkichi emas. Agar bunday mantiq bilan fikr yuritilsa, Viktor Orban qo‘l ostida 13 yildan buyon yashayotgan vengrlarni ham, 2016 yildan 2020 yilga qadar Donald Trampga chidagan amerikaliklarni ham «qulmijoz» deyish kerak. Erdo‘g‘an davridagi turklar va xitoyliklarni-ku, asti qo‘yavering.
Rossiyaliklarni «qulmijoz xalq» deyish bilan Rossiya aholisida erkinlikka intilish yo‘qligi nazarda tutiladi. Bu mifdan rossiyaliklarning sovet diktaturasini sog‘inishlarini tushuntirishda ham foydalaniladi. Lekin bu ham to‘g‘ri emas.
Rossiyaliklar ham norozilik bildirib turadi, albatta. Shunchaki, bu norozliklar chog‘idagi o‘zgarishlar kimlardir kutgani darajasida keng miqyosli emas. Anarxizm nazariyachilaridan biri Mixail Bakunin Rossiya tarixini «qora ishchilarning davlatga qarshi tuganmas isyoni», deb atagan. Tarixda noroziliklar va dehqonlar isyonlarining ko‘plab misollari bor, ikkita inqilobni gapirmay turaylik, 1980-1990 yillarda SSSRda ishchilar noroziligi, KPSS va sovet hokimiyatiga qarshi millionlab insonlar ishtirok etgan chiqishlar ham bo‘lgan.
Rossiyadagi mavjud rejimga qarshi norozilik aksiyalari ishtirokchilari soni siquvlarga qaramasdan doimo oshib borgan. Ulardan tashqari mamlakat ko‘plab pastki ijtimoiy harakatlar — fuqarolar mahalliy darajada o‘z huquqlarini talab qilgan paytlar bo‘lgan. Ular muvaffaqiyatga ham erishishgan. Arxangelsk oblasti aholisi Shiyevni asrab qolgan, boshqidistonliklar — Qushtovni, yekaterinburgliklar esa shahar xiyobonini.
Ukrainaga keng miqyosda bosqin uyushtirilganidan so‘ng ham odamlar rejimga, urushga qarshi norozilik bildirmoqda, garchi aksiyalarda qatnashish juda xavfli bo‘lib qolgan bo‘lsa-da. «OVD-Info» ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil mobaynida bor-yo‘g‘i 25 kun siyosiy hibslarsiz o‘tgan — demak qolgan kunlarda odamlar nimadandir norozi bo‘lib ko‘chaga chiqishgan. So‘nggi yil bu noroziliklar radikallasha boshlagan.
Lekin bularning barchasi yetarli emas. Buning uchun siyosatshunos Jyek Goldstoun sanab o‘tgan bir necha omil mos kelishi kerak:
- Iqtisodiy muammolar;
- Elitaning parchalanishi;
- Ko‘p sonli noroziliklar;
- Namoyishchilar va muxolif elitani birlashtirishi mumkin bo‘lgan aniq oliy maqsad borligi;
- Qulay xalqaro sharoitlar.
Rossiyadagi noroziliklar hamda rossiyaliklarni «qulmijoz xalq» deb mulohaza qiluvchilar boshqa postovet davlatlari — Ukraina, Gurjiston, Armaniston tajribasiga ishora qilishadi. Ular «eplashgan» bo‘lsa, nega «bizda» bu imkonsiz, deya. Goldstoun qurib bergan model shak-shubhasiz emas, lekin shu savolga u javob bera oladi. Ukrainada 2014 yilda elitalar bo‘linishi, jamiyatni birlashtirgan bosh g‘oya mavjudligi, jahon hamjamiyati qo‘llab-quvvatlovi ham bor edi.
Rossiyada esa bu yo‘q. Noroziliklar kam sonli, namoyishchilar uchun chiqimlar juda yuqori. Hokimiyat kuchishlatar tuzilmalarga sarflashi mumkin bo‘lgan juda ulkan katta resurslarga ega. Qat’iy xalqaro sanksiyalar hozircha iqtisodiy tanazzulga olib kelgani yo‘q, elita parchalanishi ham ro‘y bermadi — ular prezident atrofida jipslashib olishdi.
Muxolifat ilgari surayotgan g‘oyalar (urushni tugatish, rejimni almashtirish) ko‘plab rossiyaliklar uchun abstrakt ko‘rinishga ega. Ular buni qo‘rqa-pisa qabul qilishadi, chunki 1990-yillarda rejim almashishi vaqtida nimalar ro‘y bergani hamon ularning yodida. Boz ustiga ko‘plab rossiyaliklar davlatga bog‘liq yoki shunchaki siyosatdan yiroq. Jahon hamjamiyati esa na muxolif kuchlarni, na insonlarni qo‘llab-quvvatlashga shoshilmayapti — aksincha, eng birinchi navbatda oddiy rossiyaliklarga ta’sir qiladigan sanksiyalar (bank sohasida, masalan) qat’iylashtirilmoqda. Shunday qilib «Goldstoun bo‘yicha» muvaffaqiyatga olib keluvchi omillarning birortasiga rioya qilinmayapti.
Umuman olganda, o‘z huquqlariga namoyishlar orqali erishishning samarasi pasayib bormoqda va bu global trendga aylangan. Zamonaviy texnologiyalar diktaturalarga nafaqat davlat propagandasini tarqatishga yordam beradi, shuningdek, norozilarni ta’qib qilishda ham qo‘l kelmoqda.
Hattoki yuqorida zikr etilgan omillar to‘g‘ri kelganida ham Rossiyadagi rejim qulashiga hech kim kafolat bermaydi. Ko‘p yillardan buyon turli davlatlardagi avtoritar rejimlarni o‘rganayotgan Michigan universiteti dotsenti Erika Frants ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya kabi personalistik avtokratiyalar demokratik davlatga aylanishi ehtimoli juda past. Ular faqat yetakchi (dohiy) ketganidan so‘ng o‘z mavjudligini yo‘qotadi, yetakchilar esa o‘z ixtiyoriga ko‘ra ketishni istashmaydi.
Yana bir noxush fakt bor. Rossiya kabi yetakchisi 20 yildan ziyod hokimiyat tepasida turgan davlatlarda 80 foiz holatlarda diktatorlardan keyin ham rejimlar saqlanib qoladi.
Lekin e’tibordan qochirmaslik kerakki, diktatorning davlat tepasida turishi xalqning «qulligi» dalili emas, xuddi diktator yo‘qligi xalqning «erkinligi» dalili bo‘la olmaganidek. «Qul» yoki «erkin» xalqlar bo‘lmaydi. Qayerdadir diktatura bosh ko‘tarsa, «xalqi qul bo‘lganidan so‘ng nimayam deysan», deb qo‘l siltashdan osoni yo‘q. «Qulmijoz xalq» — maksimal erinchoqlik bilan berilgan javob.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
10:23 / 28.05.2025
Davlat departamenti spikeri: Rossiya Trampning so‘zlarini jiddiy qabul qilishi kerak
09:03 / 28.05.2025
WSJ: Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish haqida o‘ylayapti
21:34 / 27.05.2025