Jamiyat | 13:05 / 15.05.2023
29243
8 daqiqa o‘qiladi

“Odam bo‘lish qiyin” – olimlik va odamlikni farqlovchi asar

Inson hayotda yashar ekan, hayot yo‘lida turli xil sinov, to‘siq, imtihonlarga uchraydi. Bu imtihonlar turli ko‘rinishda, har xil darajada bo‘lishi mumkin. To‘siqlarni qay yo‘sinda bartaraf qilish, dovonlardan qaysi yo‘l orqali oshib o‘tish, hayot sinovida nechog‘lik jasorat ko‘rsata olish insonga va uning irodasiga bog‘liq. Hamma ham o‘qishi mumkin, ammo uqishi-chi?

Foto: KUN.UZ

Shayx Sa’diy Sheroziyning mashhur hikmati bor:

Ustiga kitob ortilgan eshak, Na olim-u, na dono beshak.

Ilmdan bahramand bo‘lish, uni hayotga tatbiq eta olish insondan juda katta farosat talab qiladi. O‘lmas Umarbekovning “Odam bo‘lish qiyin” asari bosh qahramoni Abdullajon esa aynan shu o‘qiganlarini tatbiq qilishga kelganda biroz adashdi va odamiyligini boy berib qo‘ydi...

Syujyet:

Abdullajon buvisining uyiga, Mingbuloqqa ta’tilda kelib yurardi. Maktabni oltin medalga bitirgandan so‘ng ham odatiga ko‘ra qishloqqa boradi. U yerda yoshlikdagi o‘rtog‘i Gulchehrani uchratib, chiroyli, odobli qiz bo‘lganini ko‘rgan yigit beixtiyor ko‘ngil qo‘yadi. Ular Abdulla shaharga qaytgungacha bir-birlari bilan uchrashib yurishadi.

Ta’tildan so‘ng ikkisi ham o‘qishga topshirishlari, biror oliygohda ta’limni davom ettirishlari lozim edi. Gulchehraning maqsadi aniq: me’mor bo‘lish. Ammo u shaharga borolmasdi. Onasi saratonga chalingan, ota-onasini shu holda tashlab ketishga ko‘zi qiymasdi. Shuning uchun sirtqi ta’limga topshirdi. U ayni paytda qishlog‘ining eski maketini yasay boshlagandi. Maqsadi – eski va ko‘rimsiz qishlog‘ini yangi va qulay go‘shaga aylantirish.

Abdulla buvisinikidan qaytgach uni yangilik kutib turardi. Ayni paytda Abdullaning ham otasi bemor: gipertoniyaga chalingan bo‘lib, uyga qamalib qolgandi. Otasining yoniga Tursunali ismli odam keladi va Abdullaning Moskvadagi yangi ochilgan institutda o‘qishi uchun yordam berishini aytadi. Abdullaning dadasi G‘ofur aka bu odamga ilgari yordam berganligini keyin eslaydi.

Tursunali aka Abdullaning aqlli, quntli bola ekanini bilardi. Qolaversa, o‘zining qizi Sayyorani ham o‘sha institutda o‘qitmoqchi, qiziga Abdullani sherik qilmoqchi edi. Bunday taklifdan Abdulla biroz gangiydi. Moskvaga ketib qolsa, Gulchehradan uzoqlashib ketishi mumkin, bu taklifdan voz kechsa, keyinchalik bunday imkoniyat qayta bo‘lmasligi mumkin. Abdulla rozi bo‘ladi...

Borib 4 yil o‘qiydi. Bu orada Gulchehraning onasi qazo qiladi, dadasi boshqaga uylanadi. Gulchehra butun boshli qishlog‘ining yangi loyihasini ishlab chiqadi va bu loyiha odamlarga ma’qul bo‘ladi. Bundan tashqari, Toshkentda “Yoshlik” nomli mehmonxona uchun loyihalar tanlovida g‘olib bo‘lib, uning chizmalari asosida mehmonxona qurila boshlaydi. Faqat bitta muammo bor edi. Gulchehra Abdulladan homilador bo‘lgandi.

Bu payt Abdulla o‘qishni bitiray deb turgan, xayollari chalkash bir holatga tushgandi. Sababi shunda ediki, Tursunboy aka akademik unvonini olgan bo‘lib, bu unvon Abdullaning ham orzusiga aylangan, yuragiga o‘t solgandi. Tursunboy aka Abdullani kuyov qilish niyatida yurganini bilgandan so‘ng, u uchun Sayyoraga uylanish unvon tomon dadil qadam bo‘lishini o‘ylab qolgandi. Sayyoraga uylanish porloq kelajak kafolatidek ko‘rina boshladi unga. Lekin uning ko‘ngli Gulchehrada edi. Gulchehra ham anoyi chiqmadi. Qishlog‘ida katta ishlarni boshlab yuboribdi.

Shunday ikkilanib yurgan kunlarining birida homila haqida xatni o‘qigach Abdulla gangib qoldi. Sarosimaga tushdi. Gulchehraga bolani oldirishi haqida telegramma yubordi.

Gulchehra bolani oldirish maqsadida Toshkentga bordi. Bu orada uning loyihasi asosida qurilayotgan mehmonxona ham bitib qolgandi. Ishlarni ko‘zdan kechirib chiqqach Gulchehra doktor izlay boshladi. Bir necha kunga bir kampirning uyida ijarada turadi va unga barcha dardini to‘kib soladi. Bir kuni bozorda Abdullaning onasiga duch kelib qolgan qiz Abdullaning uylanayotganini eshitadi. Butun orzulari payhon bo‘lgan, tuyg‘ulari toptalgan Gulchehra uyga sig‘may kechasi chala bitgan mehmonxonaga boradi-da, eng yuqori qavatiga chiqib, kutilmaganda tushib ketib, jon beradi.

Butun qishloq ahli fojiadan va uning sababidan xabardor bo‘ladi. Endi Abdulla bosh ko‘tarib yurolmasdi. Na odamlar va na o‘zining oldida...

Tahlil:

Abdulla chindan ham samimiy, tirishqoq, insofli bola edi. Uning shuhratparast bo‘lib qolishiga, amalga intilishiga maktab payti orttirgan ruhiy jarohati sabab bo‘ldi. Otasi amal otidan tushgandan so‘ng unga nisbatan o‘qituvchilarning muomalasi o‘zgarishi, ayniqsa, otasining do‘sti Husan amakining ikkiyuzlamachiliklari Abdullani butunlay o‘zgartirib yuborgandi. U bu dunyoda eng zo‘ri bo‘lsanggina seni hurmat qilishadi, senga tavallo etishadi degan fikrga borgan edi.

U o‘z ustida tinmay ishlaydigan, eng zo‘ri bo‘lishga intiladigan bo‘lib qolgandi. Uning Gulchehraga bo‘lgan munosabatlari ham jiddiy edi, toki Sayyoraga uylanish mavzusi ko‘tarilmagungacha. Aynan shu nuqta, ya’ni va’dasiga vafo qilib, Gulchehraga uylangan holda qizni qiyin vaziyatdan qutqarish yoki Sayyoraga uylanib porloq kelajakni ta’minlashdan birini tanlash nuqtasi Abdullaning hayotidagi bir imtihon edi.

Afsuski, qanchadan qancha imtihonlarni a’lo baholarga topshirgan, oltin medalli o‘quvchi, eng aqlli talaba, olimlikka da’vogar shaxs bo‘lgan Abdulla hayotning, odamiylikning shu sinovidan qoqildi. Hayotda yaxshi talaba bo‘lolmadi.

Hamma ham odam bo‘lib tug‘iladi, lekin shu nomga loyiq bo‘lishni har kim ham uddasidan chiqolmaydi. Odamiylik nomli xislat bor-a? Bu so‘z odamga, chin insonga xos xislat sanaladi.

Gulchehra bilan oralarida jiddiyroq bir gap bo‘lmagan taqdirda ham insoniylik jihatidan Abdullaning nomardlik qilishga haqqi yo‘q edi. Gulchehrani ishontirib, dil rozini olib, boshqaga uylanishga odamiylik huquqi mavjud emas edi.

Shuhratparastlik yomon xususiyatlar sirasiga kiritiladi. Buning sababi shundaki, odamlar ko‘pincha shu xislat sabab ko‘plab qabihliklarga, ikkiyuzlamachiliklarga qo‘l uradi. Qanchalab insonning baxtsizliklariga, dilxiraliklariga sabab bo‘ladi. Bulardan yorqin namuna esa Abdulla va Gulchehra timsolida ko‘rilib turibdi.

Asarda Abdullaning otasi G‘ofur aka o‘g‘liga qarama-qarshi taqqoslangan obraz hisoblanadi. U umri davomida qancha ishda ishlagan bo‘lsa-da, amalga intilmadi, amal tekkanda esa o‘zini yo‘qotmadi. Hech kimning haqini xurjuniga urmadi. Dang‘illama uylar solmadi. Doim qo‘lidan kelgancha barchaga yaxshilik qildi. Qo‘li ochiq bo‘ldi. Uning moddiy tomondan orttirgani bo‘lmasa-da, odamiylik jihatdan orttirgan obro‘si anchagina edi.

Abdulla o‘tkinchi obro‘-e’tiborga yetishaman deb vijdonini yutqazib qo‘ydi, guldek bir qizning hayotiga zomin bo‘ldi. Endi uning olim bo‘lishidan biror ma’no bormi?

Inson avvalo olim bo‘lishdan-da oldin odam bo‘lmas ekan, topgan dunyoviy obro‘-e’tibori, unvon-u amali bir pul emasmi?

Gulasal Qodirova, kitobxon

Mavzuga oid