Jamiyat | 17:07 / 11.08.2023
23878
5 daqiqa o‘qiladi

«Otamdan qolgan dalalar» – o‘z yurtida yelkasi oftob ko‘rmagan dehqon fojiasi

O‘z vaqtida mustamlakachilarning qonxo‘rliklari, dorilangan dalada zaharlangan bolalar, paxta terayotib jo‘yakda tug‘gan ayollar, mehnat-u azoblardan boshqasini ko‘rmay o‘zini yoqqan juvonlar, «o‘zbeklar ishi»da qurbon bo‘lgan minglab begunoh jonlar haqida eshitganmiz, o‘qiganmiz.

Foto: kitobxon.com

Shunday ko‘plab og‘riqli nuqtalarni iste’dodli yozuvchi Tog‘ay Murod ro‘yi-rost, qo‘rqmasdan, hayiqmasdan, sodda xalq tilida qalamga oladi. Serquyosh yurtda yelkasi oftob ko‘rmay yashagan, mehmon desa borini sarf qilgan, bolasidan qizg‘anib, mehmonga tutgan tanti xalq haqida o‘pkasi to‘lib-to‘lib yozadi. 

Yozuvchi «Otamdan qolgan dalalar» asari boshiga quyidagilarni bitadi: «BMTning a’zosi mustaqil O‘zbekiston uchun bitdim. Ko‘nglimda el-yurtim yo‘lida nimaiki dardim bor ushbu romanimda to‘kib soldim». Roman markazida Dehqonqul obrazi turadi va bosh qahramon tilidan so‘zlab beriladi. Dehqonqul hikoyasini o‘z sarguzashtlaridan emas, balki ancha naridan – bobosi Jamoliddin ketmon, otasi surxoni Aqrabdan boshlaydi. Chunki ota-bobosi tarixini eslamay, bilmay turib Dehqonqulning xarakteri va qismatini to‘la-to‘kis anglay olmaymiz. 

Bobosi Jaloliddin ketmon oqpodsho istilosi chog‘ida u tug‘ma mehnatkash, iymon-e’tiqodi butun shaxs. Zulmga qarshi beixtiyor olomon safida bo‘ladi. Oxiri xo‘rlikka chiday olmay yurti Farg‘onani tashlab, bosh olib ketadi. 

Otasi surxoni Aqrab qizil imperiya tashkil topishi guvohi hamda qo‘li gul bog‘bon. Shu bilan birga, Aqrabda ona vatan, fuqarolik tuyg‘usi baland, yurt mustaqilligi, ozodligi uchun jangga kiradi. Matonat bilan yovni lol qoldirib, o‘z yurtida jon beradi. Asarda Aqrab obrazi orqali yurtimizda mustabid tuzumga qarshi olib borilgan bosmachilik harakatlari ochib beriladi.

Dehqonqul obrazi – sho‘rolar davri odami. Unga ota-bobolaridan faqatgina mehnatkashlik xislatigina meros bo‘lib qolgan edi. Otasi va bobosiga xos yursevarlik, erksevarlik, insoniy g‘urur, o‘zlikni anglash hissi unga butunlay begona edi. Sotsiolistik tuzumda voyaga yetgan Dehqonqul o‘ziga xos manqurt bir kimsa bo‘lib, faqat sadoqat bilangina mehnat qilishni biladi. U dehqonchilikni miridan-sirigacha o‘rgangan, har bir niholning dardini biladigan mohir dehqon, lekin yaqinlarining ahvolini sezmaydigan, his qilmaydigan shaxsdir. 

Mash’al brigadir bo‘la turib qo‘li qisqaligidan, mototsikl olishga qurbi yetmaganidan, ayolining oddiy iltimoslarini bajarolmaganidan iztirobga tushmaydi. Ijaraga olingan kostyumlar bilan kengashlarga borishga uyalmaydi. Kengashdagi o‘rni ham aniq – to‘rdagilar qarsak chalsa qarsak chaladi, oyoqqa tursa, oyoqqa turadi. Bozordan olgan 2 dona xurmo uchun yetim o‘g‘lining og‘zi-burnini qonga belaydi. Shunchalik mute va manqurt bo‘lib yetishadiki, qamoqqa olib ketishayotganda ham dala ishi, paxta terimini o‘ylaydi. Bu esa haqiqiy ma’noda sotsial tuzumning achchiq mevasi edi. 

Asarda Qurbon qoraqirg‘iz va Jamoliddin ketmonning yer savdosidagi oqibati, polkovnik Chaneshevning surxoni Aqrab mardligi oldida bosh egishi, paxta ishi davrida rahbar Usmonxo‘jayev ayolining sadoqati voqealari orqali qahramonlarning xarakteri ochib beriladi. Paxta jo‘yagida uxlab qolishi sabab zaharlanib, vafot etgan 5-sinf o‘quvchisi Ziyod va uning o‘limiga shunchaki qaragan maktab direktori haqida o‘qigan kitobxon g‘azablanmay qolmaydi.

Ammo eng ayanchlisi, Dehqonqulning ayoli homiladorlik davrida qirmizi olmani faqatgina orzu qila olishi mumkinligi, kunduzi ishdan bo‘shamay, yarim kechasi non yopishi, umrida mehnatdan boshqasini ko‘rmagan, arzimas tilaklarigada yetolmagan juvonning o‘z joniga qasd qilishi, ya’ni o‘zini yoqib yuborishi haqiqiy fojia edi. 

Aynan shu voqea orqali millat ayollari xarakteri va ularning fidoyiligi, ammo bu fidoyiliklari qadrlanmasligi, rag‘batlantirilmasligi ko‘rsatib berilgan. Ayolni o‘ziga tiriklay o‘t qo‘yishgacha olib borib, yana bu katta fojiani yashirishga uringan, bu yo‘lda hatto bechora ayolni aqldan ozganga chiqarganlar la’natlangan. Asli shunday manqurt kimsalar ham o‘zbek edi. 

Ayollar yonmoqda O‘zbekistonda,
Bu haqda yozilmas, bizlar tomonda.
U qanday og‘riqdir sho‘rlik gullarni,
Olovga yo‘llagan, yoqqan gulxanda…

Millatning ayni fojiasi ham shu «o‘zingdan chiqqan balo»larning ko‘pligida edi-da. Ular mustamlaka tuzumning qo‘g‘irchog‘iga aylanib, o‘z qondoshi, jondoshi bo‘lmish o‘zbeklarga zulm qildi.

Asar orqali Tog‘ay Murod haqiqiy ma’noda o‘zbek xalqiga haykal qo‘yadi…

Gulasal Qodirova, kitobxon

Mavzuga oid