Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
JAR prezidenti: Ukraina va Rossiya Afrikadan vositachilarni qabul qiladi
Ukraina va Rossiya Federatsiyasi prezidentlari ehtimoliy tinchlik rejasini muhokama qilish uchun Afrika yetakchilari delegatsiyasini qabul qilishga kelishib oldilar, dedi JAR prezidenti Siril Ramafosa.
Volodimir Zelenskiy va Vladimir Putin Ukraina va Rossiya o‘rtasida tinchlik rejasini muhokama qilish uchun Afrika davlat va hukumat rahbarlaridan iborat delegatsiyani qabul qilishga kelishib oldilar, dedi 16 may, seshanba kuni Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Siril Ramafosa. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qarorlar telefon suhbatlari natijasida qabul qilingan.
“Ikki yetakchi bilan suhbatlarim ular Afrika yetakchilarini qabul qilishga va bu mojaroga qanday barham berish mumkinligini muhokama qilishga tayyor ekanliklarini ko‘rsatdi”, dedi Ramafosa Singapur bosh vaziri bilan qo‘shma brifingda. Uning qo‘shimcha qilishicha, muzokaralarning muvaffaqiyati muhokamalar qanday o‘tishiga bog‘liq.
Ramafosaning rejasini Senegal, Uganda va Misr rahbarlari qo‘llab-quvvatladi, AQSh va Britaniya hukumati esa “ehtiyotkorlik bilan” ma’qulladi, dedi JAR prezidenti. London va Vashingtondan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, Afrika tashabbusi haqida BMT Bosh kotibiga ham ma’lumot berilgan. Moskva va Kiyev hozircha Ramafosaning bayonotiga munosabat bildirmadi.
Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning bir necha raundi keng ko‘lamli urushning boshida, oxirgisi - 2022 yil mart oyida bo‘lib o‘tdi. Ukraina rasmiylari Vladimir Putin bilan muzokaralar olib borishga tayyor emasliklarini va hududiy yon berishni qat’iyan rad etishlarini bir necha bor ta’kidlagan. Avvalroq Xitoy o‘zining tinchlik rejasini ishlab chiqdi, uning tashabbusi o‘t ochishni to‘xtatish, barcha mamlakatlar suverenitetini hurmat qilish va bir tomonlama sanksiyalarni tugatishni nazarda tutadi. Kiyev va Vashington Xitoy rejasini qo‘llab-quvvatlamaydi. Biroq, Xitoy Tashqi ishlar vazirligining maxsus vakili Li Xuey 15 may kuni Rossiya, Ukraina va Yevropa davlatlariga tinchlik kelishuvini muhokama qilish uchun safarini boshladi.
Mavzuga oid
22:38 / 22.05.2025
Tramp Oq uyda JAR prezidentini «oqtanlilar genotsidi» ayblovi bilan kutib oldi
21:12 / 10.04.2025
JARda pingvin sabab vertolyot falokatga uchradi
13:43 / 15.03.2025
JAR elchisi AQShda persona non grata deb e’lon qilindi
22:32 / 06.02.2025