Barchasi sahnalashtirilganmi? Belgoroddagi «diversiyachilar»ga zarba berilgani videosidagi shubhali jihatlar
Ekspert voqealarni tasvirlashda ko‘plab kamchiliklar va nomuvofiqliklar borligini aytib, harbiy texnikalar shu joyga sudrab olib kelingani, chuqurlarga tashlab, piar uchun chiroyli suratlarni olishganini taxmin qilgan.
23 may kuni Rossiya mudofaa vazirligi Belgorod oblastida «Ukraina harbiy tuzilmalari qaqshatqich mag‘lubiyatga uchragani va 70 nafar terrorchi yo‘q qilingani» haqida xabar berdi.
RF mudofaa vazirligiga aloqador bo‘lgan «Zvezda» telekanali go‘yoki qo‘poruvchilar mag‘lubiyatga uchragan joydan videoni e’lon qildi: zararlangan, qisman yonib ketgan, oynalari o‘qdan ilma-teshik bo‘lgan mashinalar, aftidan, «Grayvoron» nazorat punkti yonida turibdi.
O‘z navbatida, avvalroq Belgorod oblastidagi janglarda ishtirok etganini e’lon qilgan «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» o‘z safida «yo‘qotishlar bo‘lmagani»ni aytmoqda. Shuningdek, janglarda ishtirok etgan «Rossiyaga ozodlik» legioni ruslarning bir necha zirhli texnikasini yo‘q qilgani va Rossiya armiyasi rotasini «demilitarizatsiya» qilgani haqida xabar berdi.
22 may kuni Belgorod oblasti hududiga diversantlar bostirib kirgani haqida ma’lum bo‘lgandi. Rossiya rasmiylari aksilterror operatsiyasi rejimini joriy etdi. Ukraina tomonida jang qilayotgan ko‘ngillilardan tuzilgan «Rossiyaga ozodlik» legionining ma’lum qilishicha, ular «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» bilan birgalikda «Belgorod oblastidagi Kozinka aholi punktini ozod qilgan» va Grayvoronga ham jangchilari kirib borgan. Rossiya harbiylari va chegarachilari diversantlar bilan jang qilgan, hududga katta kuchlar va zirhli texnika olib kirilgani ham ma’lum qilindi.
Chegara hududlarida sodir bo‘layotgan voqealarni tasvirlashda ko‘plab kamchiliklar va nomuvofiqliklar bor.
Urush sharoitida Rossiya mudofaa vazirligi, «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» va «Rossiyaga ozodlik» legioni vakillarining bayonotlarini tekshirishning iloji yo‘q.
«Nastoyashcheye Vremya» nashri «Novaya gazeta. Yevropa» harbiy sharhlovchisi Georgiy Aleksandrov bilan suhbatlashdi, u Rossiya mudofaa vazirligining Belgorod oblastidagi voqealarga oid versiyasida nima noto‘g‘ri va shubhali ekanini tushuntirgan.
«Umuman olganda, menda bularning barchasi sahnalashtirilgandek taassurot qoldirdi: ular bu jiplarni shu joyga sudrab olib kelishgan, chuqurlarga tashlab, piar uchun chiroyli suratlarni olishgan», deydi u.
— Kecha Rossiya mudofaa vazirligi Belgorod oblastida 70 diversant o‘ldirilganini e’lon qildi. Biroq, hech qanday dalil keltirilmagan. Shaxsan siz mudofaa vazirligining bu bayonotiga ishonasizmi?
— Rostini aytsam, men Rossiya mudofaa vazirligi bayonotlariga umuman ishonmayman. Rossiya harbiy boshqarmasi vakillari yolg‘on faktlar bilan qo‘lga tushgan vaziyatlar juda ko‘p bo‘lgan.
70 kishi o‘ldirilgani haqida gapirsam, internetda bir necha jasad yonma-yon turgan fotosurat juda yomon sifatda ko‘rsatilgan: na yuzi, na forma belgilari ko‘ringan. Biroq, ular kiygan forma Rossiya hududiga kirgan «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» (RKK) jangchilari formasiga mos kelmasligi aniq. RKK ham o‘z telegram-kanalida suratlardagi formalar boshqacha ekanini yozdi. Suratga olishdan oldin jasadlar boshqa formaga kiyintirilgani dargumon.
Bundan tashqari, harbiy texnikalar fotosuratlarida qon izlari yo‘q. Qoidaga ko‘ra, kuchli o‘qqa tutilgandan so‘ng, joylarda juda katta chuqurlar, jasad qoldiqlari bo‘lishi kerak. Umuman olganda, bularning barchasi sahnalashtirilgandek taassurot qoldirdi: ular bu jiplarni shu joyga sudrab olib kelishgan, chuqurlarga tashlab, piar uchun chiroyli suratlarni olishgan.
— «Zvezda» telekanali tarqatgan videoda «Za Baxmut» (Baxmut uchun) degan yozuvlar mashinalarga maxsus yozilgandek tuyulmoqda.
— Ular kuygan bo‘yoq ustiga yozilgan. Ko‘rinib turibdiki, bu so‘zlar mashinalarni shu joyga olib kelganlar tomonidan yozilgan.
— «Novaya gazeta. Yevropa» manbalari Belgorod oblastidagi «tozalash operatsiyasi»ga ko‘plab jangchilar jalb qilingani haqida xabar berdi. Bu haqda nimalarni bilasiz?
— Mutlaqo to‘g‘ri. Aslida, vaziyat ancha murakkab edi. Chegarachilarning kichik otryadi chegaradan o‘tganlarni to‘sishda muvaffaqiyat qozonmadi. Keyin motoo‘qchilar otryadi chaqirildi. Ular yaxshi qurollanmagan yoki umuman qurollanmagan bo‘lishi mumkin. Tabiiyki, ular yaxshi qurollangan guruhga qarshilik qila olmadi. Keyin bir necha ming kishi va harbiy razvedkaning maxsus kuchlari chaqirildi. Manbalarimga ko‘ra, «Alfa» va «Vimpel» maxsus kuchlari Moskvadan Belgorodga yetib kelishdi va tunda ma’muriy binolarda o‘tirgan RKK jangchilariga hujum qilishi ko‘zda tutilgandi. Ammo RKK kimnidir garovga olishga yoki uzoq vaqt u yerni ushlab turishga harakat qilmadi. Tushunishimcha, FXX hatto janglarda alohida ishtirok etmadi.
— Shunday qilib, Rossiya xavfsizlik kuchlari RKK a’zolariga qarshi kurashga minglab odamlarni jalb qilganmi?
— Bir necha ming kishini. U yerda bir necha halqa tashkil etilgan. Kengroq halqaga yaxshi qurollanmagan motoo‘qchilar joylashtirilgan. Tor halqa qishloqlar atrofida tashkil etilgan, u yerda Bosh shtab maxsus kuchlari bo‘lgan.
— «Rossiya ko‘ngillilar korpusi»ning qancha jangchisiga qarshi jang bo‘lgan?
— Bunday ma’lumot yo‘q. Tushunishimcha, bir necha o‘nlab. 10 dan ortiq texnikalar chegaradan o‘tgan. Texnikalar bo‘sh emas edi, ya’ni bir necha o‘nlab kishini o‘z ichiga olgan. Ehtimol, ularning soni yuzdan ortiq bo‘lgan, chunki mahalliy aholi 100-150 kishilik guruh haqida gapirmoqda. Ammo qo‘rquvning ko‘zlari katta, mahalliy aholi chalg‘ishi mumkin, albatta.
Shu bilan birga, butun operatsiyada 300 dan ortiq odam ishtirok etgani haqida ma’lumotlar bor, jumladan Ukraina manbalarida.
— Mudofaa vazirligi ta’kidlaganidek, «Rossiya ko‘ngillilar korpusi»ning barcha jangchilari chekinganmi yoki yo‘qmi, endi aniqlay olmaymizmi?
— RKK telegram-kanalida ular qandaydir texnikada, qo‘lga olingan zirhli transportyorda qanday harakatlanayotgani ko‘rsatilgan. Va ular hech qanday yo‘qotish bo‘lmaganini aytishadi. Ularga qanchalik ishonish mumkinligini aytish qiyin. Urushda kim haqiqatni aytadi? Ammo ular ma’lum miqdordagi texnikani qo‘lga kiritishdi. Keling, ba’zi haqiqiy dalillar taqdim etilmaguncha, bu ma’lumotlarning barchasini tekshirish qiyin, deb hisoblaymiz.
— «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» va «Rossiyaga ozodlik» legioni tomonidan tarqatilgan bu videolarning katta qismini tekshirish qiyin, chunki ko‘pincha ularda hech qanday identifikatsiya belgilari yo‘q. Sizningcha, «Rossiya ko‘ngillilar korpusi»ning bu operatsiyasi qanday amalga oshdi? Bilaman, siz Rossiya va Ukraina chegarasida bo‘lgansiz, ammo 2022 yil 24 fevraldan keyin Rossiya hukumati u yerda mudofaani kuchaytirmagan bo‘lib chiqmoqdami?
— Men ancha oldinroq bo‘lganman. 2014 yilda men qandaydir yo‘l bilan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi chegarani kesib o‘tdim. Bilishimcha, chegara bilan bog‘liq vaziyat taxminan o‘zgarmagan. Chegara amalda nazorat qilinmaydi, chegarachilar faqat nazorat-o‘tkazish punktida turishadi, ya’ni ular amalda faqat pasportlarni tekshirishadi va avtomobillar uchun to‘siqni ochishadi. Hech qanday joyda nazorat chiziqlari yo‘q, hech qanday to‘siq yo‘q. Aslida, chegara butunlay ochiq. Nega harbiylar buni yopmagani men uchun katta sir.
Aslida, RKK jangchilari chegarani bir necha bor kesib o‘tgan – 2 mart, 6 aprel kunlari – qandaydir harakatlarni amalga oshirgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, shunday to‘qnashuvlardan birida hatto chegarachi ham halok bo‘lgan. Shuning uchun bu juda jiddiy tahdid ekani ayon edi. Lekin hech qanday chora ko‘rilmadi. Ko‘rinib turibdiki, Rossiyada har doimgidek: xo‘roz qichqirmaguncha, hech kim cho‘qinmaydi.
— Ukrainadan Rossiyaga chegara orqali o‘tish osonmi?
— Ikkala yo‘nalishda ham kesib o‘tish juda oson edi. Chegara umuman yo‘q edi. Men o‘zim borib, Rossiya chegarachilariga taslim bo‘ldim. Ular ham ancha vaqtgacha men bilan shug‘ullanishni xohlamay turdi. Chegara mutlaqo bo‘sh edi, hech qanday chiziqlar va to‘siqlar yo‘q edi.
— Qanday qilib Rossiya ushbu mudofaa chizig‘ini hujumga uchragan aholi punktlaridan ham uzoqroqqa qurdi?
— Bilishimcha, bu qadar ko‘p gapirilgan to‘siqlar (qiymati deyarli 10 milliard rubl) haqiqatan ham jangovar harakatlar sodir bo‘lgan chegaradan uzoqroqqa o‘rnatilgan. Ular Rossiyaning o‘sha qismini, hech bo‘lmaganda xayollarida bo‘lsa ham bosqinchilar oyoqosti qilishi uchun tark etgani aniq.
Mavzuga oid
14:54
Kaya Kallas: Ukrainaning YeIga qo‘shilish bo‘yicha aniq yo‘li bor
09:22
Ukrainalik faollar yana Navalnayaning nutqini to‘xtatishga urindi
07:56
Pentagon Ukrainaga yordam uchun qolgan pul miqdorini e’lon qildi
21:13 / 12.11.2024