Erdo‘g‘an prezidentlik saylovida g‘olib bo‘lganini e’lon qildi
U yana keyingi besh yilda mamlakatni boshqaradi.
Turkiyaning amaldagi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an prezidentlik saylovlarining ikkinchi turida ham ustun keldi. U Anqarada o‘z tarafdorlari qarshisida chiqish qilib, Turkiya xalqi mamlakatni keyingi besh yillikda boshqarishni unga va uning ma’muriyatiga ishonib topshirganini ma’lum qildi.
«Xalqimizning xayrixohligi bilan prezidentlik saylovlarining ikkinchi turini yakunladik. Bizga demokratiya bayramini tuhva qilgani uchun xalqimga minnatdorchilik bildiraman. Kelgusi besh yil mobaynida mamlakatni boshqarish mas’uliyatini bizga yana bir bor ishonib topshirgan millatimiz vakillariga, istisnosiz, o‘zlari qilgan tanlov uchun minnatdorchilik bildiraman», degan u.
OAVda e’lon qilingan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ovoz byulletenlarining 98 foizi hisoblab chiqilganidan keyin, unga saylovchilarning 52,1 foizi ovoz bergani ma’lum bo‘lgan.
Uning raqibi, muxolifat koalitsiyasining yagona nomzodi Kamol Qilichdoro‘g‘li 47,9 foiz ovoz olgan.
Saylovda davomat 84,7 foizni tashkil etgan.
Turkiya Oliy saylov kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, ovozlarning 75 foizi hisoblab chiqilganidan keyin Erdo‘g‘an 53,41, Qilichdoro‘g‘li 46,59 foiz ovoz to‘playotgani ma’lum bo‘lgan.
Ammo muxolifatchilarning Anka nashri tasdiqlashicha, Qilichdoro‘g‘li 51 foiz ovoz olgan.
Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 17:00 da (Toshkent vaqti bilan 19:00) yopildi. Avvaliga Oliy saylov kengashi dastlabki natijalarni 21:00 dan oldin e’lon qilishni taqiqlagandi, ammo soat 18:00 dan keyin bu taqiq olib tashlandi.
- Turkiyada prezidentlik saylovlarining birinchi turi 14 may kuni bo‘lib o‘tgandi. Unda amaldagi davlat rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 49,51 foiz ovoz olib, g‘alabaga erisha olmagandi. Muxolifatchilar nomzodi Kamol Qilichdoro‘g‘li 44,88 foiz olgan, millatchilar nomzodi, «OTA ittifoqi» partiyalar blokidan nomzod qilib ko‘rsatilgan Sinan O‘g‘an 5,17 foiz bilan uchinchi bo‘lgandi. U o‘z tarafdorlarini ikkinchi turda Erdo‘g‘anga ovoz berishga chaqirgandi.
Mavzuga oid
16:56
Turkiyaga me’yordan ortiq tamaki mahsulotlarini olib kirgan o‘zbekistonliklar qamoqqa olinmoqda
23:12 / 19.11.2024
Isroilning keyingi nishoni Turkiyami?
11:40 / 19.11.2024
Turkiyada qarindoshi tomonidan fohishalikka majburlangan qiz O‘zbekistonga qaytarildi
17:29 / 18.11.2024