O‘zbekiston | 19:51 / 29.05.2023
65181
4 daqiqa o‘qiladi

Chilonzor tuman IIBda tergov qilinayotgan 21 yoshli yigit vafot etdi

Tergovchilar “u qochish maqsadida IIB binosi 4-qavatidagi hojatxona derazasidan o‘zini tashlagani va oyog‘i singani”ni aytgan. Marhumning yaqinlari bu izohga shubha bildiryapti.

Foto: Kun.uz

Bir haftacha oldin Toshkentda IIB xodimlari surxondaryolik 21 yoshli yigitni giyohvand modda iste’mol qilishda gumon qilib qo‘lga olgan. Yaqinlarining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, qo‘lga olingan Hafizulloh Turg‘unboyev Chilonzor tuman ichki ishlar bo‘limida tergov qilingan.

“Bir haftacha oldin IIB xodimlari qo‘ng‘iroq qilib, Hafizulloh qo‘lga olinib, Chilonzor tumani ichki ishlar bo‘limiga olib kelinganini ma’lum qildi. Tergovchining aytishicha, u so‘roq paytida hojatxonaga chiqib kelishni so‘ragan va qochmoqchi bo‘lib, 4-qavatda joylashgan hojatxonaning oynasidan o‘zini tashlab yuborgan. Natijada uning oyog‘i singan va Uchtepa tumani tez-tibbiy yordam bo‘limiga olib borishgan”, dedi marhumning yaqini.

Murojaatchining aytishicha, Turg‘unboyevning oilaviy sharoiti yaxshi bo‘lmagan va u bir necha yil davomida uydan uzoqda – Toshkentda yashab, yaqinlari bilan deyarli aloqa qilmagan. Shu sababli, qo‘lga olinganidan keyin oldiga keladiganlar ham topilmagan. Chilonzor tuman IIB tergovchisi bugun, 29 may kuni yigitning yaqinlariga telefon qilib, uning vafot etganini aytgan.

“Tergovchi ertalab Hafizullohning Surxondaryodagi yaqinlariga telefon qilgan. “4-qavatdan tushib ketgach, 5-6 kun davomida komada yotdi, bugun ertalab, o‘ziga kelmasdan vafot etdi”, dedi. Shundan keyin ertalab Chilonzor tuman IIBga bordim, u yerdagilar Uchtepa tuman tez yordam bo‘limiga borishni aytdi.

Shifoxonada men bilan gaplashgan ayolning aytishicha, Hafizulloh tanasining birorta ham qismi – na oyog‘i va na qovurg‘asi singan bo‘lgan, balki faqatgina yuzi va bosh qismida jarohat izlari bo‘lgan. Nahotki 4-qavatdan tushib ketgan insonni hattoki qo‘li ham sinmasa. Bundan tashqari, IIB xodimlari uning oyog‘i singanini aytgandi.

Hafizullohning gavdasi ham kattagina edi, u qanday qilib hojatxona oynasidan sig‘ib ketishi mumkinligiga ham hayronman. Boz ustiga hojatxona ichki ishlar binosida bo‘lsa. Shifokorlardan qandaydir shubhangiz bormi, desam, fikrimni faqat sudda aytaman, deyishdi”, deydi marhumning yaqini.

Uning so‘zlariga ko‘ra, marhumning salomatligida (bosh miyasi bilan bog‘liq) muammosi bo‘lgan.

Kun.uz bilan gaplashgan Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati vakili bu ish ayni vaqtda prokuratura tomonidan o‘rganilayotganini va boshqa izoh berolmasligini bildirdi.

Chilonzor tuman IIB binosida joylashgan hojatxona oynasini ko‘rish haqida so‘rovga javoban, bu tergov siri ekani, agar prokuratura ruxsat bersa, ko‘rish mumkinligi aytildi.

Toshkent shahar prokuraturasi matbuot xizmati rahbari bu masaladan xabari yo‘qligini, vaziyatni o‘rganib, xabar berishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid