Jahon | 07:37 / 30.05.2023
12127
3 daqiqa o‘qiladi

Kosovodagi to‘qnashuvlarda o‘nlab odam jarohat oldi

Kosovo shimolida serb aholisining saylovlarga qarshiligi fonida tartibsizliklar davom etmoqda. Kamida 50 nafar namoyishchi va KFOR missiyasining 25 tinchlikparvar askari yaralangan. 

Foto: Georgi Licovski/EPA-EFE/

Kosovo shimolida serb faollari va NATO boshchiligidagi KFOR missiyasi tinchlikparvar kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar mahalliy serb aholisining o‘tgan munitsipal saylovlarga rozi emasligi munosabati bilan davom etmoqda. Axborot agentliklarining ma’lumotlariga ko‘ra, 29 may kuni etnik serb guruhlarning ma’muriy binolarga uyushtirgan hujumlari natijasida kamida 50 nafar namoyishchi va 25 KFOR vakili jarohatlangan. Vengriya va Italiyadan kelgan tinchlikparvarlar sinish va kuyish jarohati oldi.

Respublika shimoliga KFOR qo‘shimcha kuchlari joylashtirildi. Xususan, himoya vositalaridagi 300 ga yaqin tinchlikparvar askar Zvechan shahridagi munitsipalitet binosi oldida pozitsiyalarni egalladi, deya xabar beradi dpa muxbiri voqea joyidan. Bu yerda, 26 may kuni serblar yangi merni ish joyiga kuzatib borayotgan politsiyaga hujum qildi. Kosovo politsiyasi namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan.

Kosovoning asosan serblar istiqomat qiladigan shimolidagi bir qancha shaharlar merlari 2022 yil oxirida mamlakat hukumati siyosatiga norozilik bildirgan holda iste’foga chiqdi. Aprel oyida saylovlar bo‘lib o‘tdi, Serbiya aholisi uni boykot qildi - natijada albanparast partiyalar vakillari shahar merlari etib saylandi. Ularning lavozimga kirishishlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun serblar politsiya bilan to‘qnashib, ma’muriy binolarni to‘sishga harakat qildi. Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich 26 may kuni armiyani to‘liq shay holatga keltirdi va bir necha bo‘linmalarga Kosovo bilan chegaraga yaqinlashishni buyurdi.

29 may kuni Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Kosovodagi vaziyatga munosabat bildirdi. "Biz bugun tushdan keyin Kosovo shimolida sodir bo‘lgan qabul qilib bo‘lmaydigan zo‘ravonlik hujumlarini keskin qoralaymiz, buning natijasida o‘nlab KFOR/NATO askarlari va bir necha tinch aholi jarohat olgan. Bizning fikrimiz jabrlanganlar bilan, ularning tezroq sog‘ayib ketishini tilaymiz", - deya aytilgan Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Mavzuga oid