O‘zbekiston | 12:00 / 30.05.2023
14087
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston o‘rik yetishtirish bo‘yicha dunyoda 2-o‘rinni egallab turibdi

O‘zbekiston o‘rik yetishtirish bo‘yicha dunyoda 2-o‘rin, sabzi yetishtirish bo‘yicha 3-o‘rin, gilos yetishtirish bo‘yicha 4-o‘rin, bodring yetishtirish bo‘yicha 7-o‘rin, olcha va anjir yetishtirish bo‘yicha esa 8-o‘rinda turadi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.

Foto: Shutterstock

Qayd etilishicha, meva-sabzavotchilik O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektorining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, ham dehqon, ham fermer xo‘jaliklari uchun eng foydali faoliyat turlaridan biri hisoblanadi.

Meva-sabzavotchilik sektorida mamlakat YaIM qariyb 7 foizi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 27 foizi ishlab chiqariladi.

Ayni paytda, O‘zbekiston meva-sabzavotga bo‘lgan o‘rtacha yillik ehtiyojining qariyb 96 foizini o‘z ishlab chiqarishi hisobidan ta’minlamoqda. 

Hozirda mamlakat o‘rik yetishtirish bo‘yicha dunyoda 2-o‘rin, sabzi yetishtirish bo‘yicha 3-o‘rin, gilos yetishtirish bo‘yicha 4-o‘rin, bodring yetishtirish bo‘yicha 7-o‘rin, olcha va anjir yetishtirish bo‘yicha esa 8-o‘rinda turadi. 

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda 21,8 mln tonna meva-sabzavot yetishtirildi, bu 2021 yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 3,8 foizga, 2017 yilga nisbatan esa 12,9 foizga ko‘pdir.

Bugungi kunda respublikada yetishtirilayotgan 80 turdan ziyod qishloq xo‘jaligi mahsulotlari dunyoning 71 ta davlatiga eksport qilinmoqda. 

O‘zbekistonning savdo sheriklari hisoblangan mamlakatlarda uzum, o‘rik, olcha, olxo‘ri, bodom va boshqa mahsulotlarga talab yuqori, deyiladi ma’lumotda.

Mavzuga oid