Jahon | 10:27 / 02.06.2023
4653
2 daqiqa o‘qiladi

Boeing astronavtlar ekipaji bilan XKSga Starliner parvozini noma’lum muddatga qoldirdi

Boeing kapsula bilan bog‘liq qo‘shimcha muammolarni aniqlaganidan so‘ng o‘zining ekipajli Starliner kosmik kemasi birinchi parvozini noma’lum muddatga kechiktirdi. Boeing’ning sinov parvozi bilan bog‘liq muammolar 2019 yilda, kosmik kemaning parvozni boshqarish tizimi xatoga yo‘l qo‘ygan va u XKSga yetib bormagan paytda boshlangan. 

Foto: John Grant / Boeing

Starliner kosmik kemasining birinchi ekipajli parvozi kapsula bilan bog‘liq qo‘shimcha muammolar aniqlangani sababli qoldirildi, deb xabar berdi Boeing va NASA. Xalqaro kosmik stansiyaga (XKS) parvoz 21 iyulga belgilangan edi, yangi sana hali aniqlanmagan, deb xabar beradi CNBC. Kompaniyada kemani sinovdan o‘tkazish bilan bog‘liq muammolar 2019 yilda boshlangan, ular tufayli u 830 million dollardan ortiq mablag‘ yo‘qotgan. 

Iyul oyida Starliner NASA’ning ikki astronavtini boshqariladigan parvoz paytida XKSga yetkazishi kerak edi. Iyul sanasi aprel oyidagi parvoz bekor qilinganidan keyin belgilandi. Boeing endi Starliner kosmik kemasida ikkita yangi muammoni aniqladi: biri parashyut tizimlari xavfsizligiga ta’sir qiladi, ikkinchisi esa yonuvchan bo‘lib chiqqan maxsus lenta bilan bog‘liq. 

Boeing vitse-prezidenti va Starliner loyihasi menejyeri Mark Nappi 1 iyun, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida: «Biz ushbu muammolarni bartaraf etish uchun CFT missiyasiga tayyorgarlikni to‘xtatishga qaror qildik», dedi. Nappining ta’kidlashicha, uchirishning kechikishi bosh direktor Deyv Kalxun ishtirokida «Boeing’ning eng yuqori darajalarida» muhokama qilingan. 

Kompaniya o‘zining Starliner kosmik kemasini NASA tijorat kosmik missiyasi dasturining bir qismi sifatida ishlab chiqmoqda. U deyarli 5 milliard dollarga kapsulani yaratish bo‘yicha shartnomani yutib oldi va Ilon Maskning SpaceX dasturi bilan raqobatlashmoqda. CNBC qayd etishicha, SpaceX Boeing birinchi parvozini amalga oshirishdan oldin NASA tomonidan buyurtma qilingan oltita missiyaning barchasini bajarishga tayyor. 

Mavzuga oid