Frontdagi vaziyat: Ukraina qarshi hujum oldidan Rossiya kuchlarini yoyib yubormoqda
Frontda allaqachon Belgorod yo‘nalishi paydo bo‘lgan.
Bir hafta ichida front chizig‘ida katta o‘zgarishlar ro‘y bermadi: Ukraina qurolli kuchlari faqat Baxmut atrofida shahar shimoli va janubidan yorib o‘tishga qaratilgan harakatlarini davom ettirmoqda. Faollik past darajada qolayotgani 30 may kuni butun tutashuv chizig‘i bo‘ylab kuchli yomg‘ir yoqqani bilan bog‘liq.
Tashqaridan ko‘zga ko‘rinarli o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmayotgan bo‘lsa-da, harbiy harakatlar teatrida ichki o‘zgarishlar ro‘y bermoqda: Ukraina RF qurolli kuchlarini o‘z zaxiralarini yo‘naltirishga majbur qilish uchun yangi front chizig‘i ochishga harakat qilmoqda; Ukraina qurolli kuchlarining Baxmut atrofidagi yurishlari unchalik muvaffaqiyatli chiqmayotgan bo‘lsa-da, «Vagner» XHK frontni tark etishi tufayli Rossiya qo‘mondonligi bu yerga zaxiralarni olib keltirishga majbur bo‘ldi — jumladan, chegarani qo‘riqlashi kerak bo‘lgan kuchlar hisobidan.
Rossiya kuchlarining bunday «cho‘zilishi» — Ukraina armiyasining katta yurishga tayyorgarlik jarayonining bir qismi hisoblanadi, ukrainlar bu hujum uchun 20 dan ortiq zarbdor brigadalar tayyorlashgan. Hozirgacha bu brigadalarning birortasi jangga tashlanmadi.
Baxmut
Ukraina quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy raqib Baxmut hududida «Vagner» XHK ketganidan keyin taktikani o‘zgartirganini ma’lum qildi: endi Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalarini shturm qilish kamaygan, ammo artilleriya zarbalari kuchaygan. «Barchasi tinchigandek tuyulishi mumkin. Ammo afsuski, bu shunchaki vaqtincha jimlik», — degan u. Generalning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni «Vagner» otryadlari muntazam armiya qismlariga almashtirib bo‘linganidan keyin yana hujumga o‘tishi mumkin.
May oyi boshida Baxmut frontining shimoliy va janubiy qanotlarida lokal yurishlarini boshlagan Ukraina qurolli kuchlari so‘nggi kunlarda Kleshchiyevka qishlog‘i atrofida (RF qurolli kuchlarining Baxmutdan janubdagi asosiy istehkomi) va Baxmut — Kramatorsk trassasi (shimoliy qanot) yaqinidagi Zaliznyanskoye qishlog‘i atrofidagi o‘rmonlarda bir necha pozitsiyalarni ozod qilishgagina muvaffaq bo‘lgan. Bu hududlarda olingan videolar shuni ko‘rsatadiki, Rossiya qo‘shini chindan ham ukrainlar hujumini qaytarishda o‘z artilleriyasi kuchiga tayanmoqda.
Ukraina qurolli kuchlari RF qurolli kuchlari mudofaasini tezkorlik bilan yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lmagan bo‘lsa-da, Baxmut atrofidagi hujumlar («Vagner» XHKning bir necha o‘n ming kishilik qo‘shini olib ketilishi barobarida) allaqachon muhim rol o‘ynamoqda: Rossiya qo‘mondonligi bu yo‘nalishga zaxira kuchlarni olib kelishda davom etmoqda. Xususan, Baxmutdan shimolda bir necha haftadan buyon Shimoliy flotning 200-motoo‘qchilar brigadasi jang qilmoqda, bu brigada avval Xarkiv atrofida bo‘lgan, keyin Belgorod oblasti chegarasini qo‘riqlashga olib ketilgandi.
Belgorod oblasti
«Rus ko‘ngillilar korpusi» va «Rossiyaga ozodlik» legioni jangchilari Ukraina chegarasi orqali Belgorod oblastiga hujum qilishda davom etmoqda. Katta ehtimol bilan, ular o‘z hujumlarida Ukraina qurolli kuchlariga tegishli texnika va artilleriyadan, ukrain harbiy rahbariyatiga bo‘ysunuvchi (bosh razvedka boshqarmasi) otryadlardan foydalanmoqda.
Bu hujumlar hali Belgorod oblastining qaysidir hududi egallab olinishiga olib kelmadi. Katta ehtimol bilan, ularning bunday maqsadi ham yo‘q: hujumlar uchun juda kichik kuchlar (bir necha yuz kishi va bir necha o‘n texnikalar) jalb qilingan. Ukrain qo‘mondonligining vazifasi — RF qurolli kuchlari Sumi va Xarkiv oblastlaridan olib chiqilgach (2022 yil mart va sentabr oylarida) muzlab qolgan bir necha yuz kilometrlik front chizig‘ini «jonlantirish».
Takroriy hujumlar va artilleriya zarbalari shunga olib kelmoqdaki, Rossiya qo‘mondonligiga siyosiy bosim ortmoqda: bunday hujumlarni to‘xtatishning yagona yo‘l — yana Ukrainaning Sumi va Xarkiv oblastlari hududida bufer zonalar tashkil etishdir; bunday bufer zona tashkil etishga faqat chegara orqali yangi bosqin uyushtirish bilan erishish mumkin.
Bu shuni anglatadiki, RF qurolli kuchlari frontdan zaxiralarni olishi va ularni strategik nuqtayi nazardan istiqbolsiz bo‘lgan yo‘nalishlarga jo‘natishi kerak. Shu bilan birga, Sharqiy harbiy okrugning artilleriya, aviatsiya va havo hujumidan mudofaa kuchlari allaqachon chegara hududlardagi janglarda ishtirok etmoqda — bu esa Ukraina qurolli kuchlari mazkur harbiy okrug himoya qilishi kerak bo‘lgan Svatove va Kreminna atrofida hujumga o‘tganida muammo keltirib chiqarishi mumkin.
Mavzuga oid
13:12
Kursk oblastida yashovchi 46 kishi Ukrainadan qaytib keldi
11:31
AFP: Ukraina Kursk oblastidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024