O‘zbekiston | 13:07 / 05.06.2023
42230
2 daqiqa o‘qiladi

21 yoshli yigitning vafot etishi tafsilotlari – Toshkent shahar IIBB talqinida

Toshkent shahar IIBB xodimi o‘tkazgan "jurnalistik surishtiruv"da Xafizulloh Turg‘unboyevning qo‘lga olinishi va IIB binosi 4-qavatidan o‘zini tashlashi tafsilotlari haqida gap boradi.

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahar IIBB ham tergovda vafot etgan 21 yoshli yigitning qo‘lga olinishi bilan bog‘liq ayrim kadrlarni taqdim qildi.

To‘liq bo‘lmagan va kesib olingan kadrlarda YPX xodimlari to‘xtatgan mashinada Hafizullohning cho‘ntagidan jigar rangli modda topilgani aks etgan. Shuningdek, u Chilonzor tumani IIO FMBga olib borilgani aytilgan Hafizullohning davlat advokati bilan qisqa muddatli suhbati ham mavjud. Shundan keyin Hafizulloh videoda biror marotaba ko‘rsatilmagan.

Poytaxt IIBB taqdim qilgan videoning qolgan qismida IIV Kun.uz’ga tergov siri, deya ko‘rsatishni xohlamagan voqea joylari ko‘rsatilgan. Lekin “to‘liq tafsilot”da boshqa tafsilotlar va asosiy savollarga javobni ko‘rmaysiz.

Bundan tashqari, Bosh prokuratura yigit o‘zini tashlagan, deya aytilayotgan videoyozuvlarni taqdim qildi. Kuzatuv kameralarida yozib olingan kadrlarning bir chekkasida yuqoridan nimadir tushganini ko‘rish mumkin. Lekin bu inson tanasimi yoki boshqa jismmi, aniqlashning imkoni yo‘q.

Prokuratura ayni vaqtda holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangani hamda IIV xodimlarining harakatlariga baho berish maqsadida xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.

Bosh prokuratura va IIV tomonidan taqdim qilingan videolar jamoatchilikda savollarni yanada ko‘paytirib yubordi. Kun.uz ushbu video va bayonotlarning o‘zidagi qarama-qarshiliklar, shuningdek voqeaning boshqa tafsilotlari aks etgan tahlilni yaqin kunlarda taqdim qiladi.

Mavzuga oid