O‘zbekiston | 08:08 / 05.06.2023
16055
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident maktablariga o‘qishga topshirish tartibi ma’lum qilindi

Prezident maktablariga respublika maktablarining 4-sinf bitiruvchilari hujjat topshirishlari mumkin.

Foto: Kun.uz

Prezident maktablariga qobiliyatli va iqtidorli, baholar tabeli asosida tegishli STEAM fanlari (matematika, biologiya (tabiatshunoslik), informatika va axborot texnologiyalari, fizika, algebra, geometriya, kimyo bo‘yicha a’lo bahoga o‘qigan bolalar tanlov asosida qabul qilinadi

O‘quvchilarni qabul qilish xorijiy tashkilot bilan birgalikda o‘tkaziladigan kirish imtihonlari natijalari asosida amalga oshiriladi. Belgilangan kvotaga asosan kirish imtihonlari natijalari bo‘yicha eng yuqori ball olgan o‘quvchilar o‘qishga qabul qilinadilar.

Hujjatlar faqat nomzod o‘qiyotgan umumta’lim muassasasi joylashgan hududdagi Prezident maktabiga topshiriladi.

O‘quvchining ota-onasi (qonuniy vakillari) Qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

maxsus shakldagi ma’lumotnoma (ma’lumotnoma namunasini quyidagi havola orqali olish mumkin);
talabgorning tug‘ilganlik haqida guvohnoma nusxasi;
o‘quv yili natijasiga ko‘ra, talabgorning baholar tabelining maktab direktori tomonidan tasdiqlangan nusxasi.
Prezident maktablariga kirish imtihonlari ikki bosqichda o‘tkaziladi:

1-bosqich — matematika fanidan 30 ta topshiriqdan iborat test shaklida o‘tkaziladi. Belgilangan vazifani bajarish uchun 90 daqiqa vaqt ajratiladi, birinchi bosqich natijasiga ko‘ra qabul kvotasida belgilangan har bir o‘ringa 20 kishi hisobidan maksimal talabgorlar 2-bosqichda ishtirok etishga ruxsat etiladi;

2-bosqich — axborotni tahlil qilish va solishtirish qobiliyatini aniqlash bo‘yicha — 16 ta masala;
mantiq elementlari bo‘lgan matematika fanidan — 24 ta masala;
ingliz tilidan — 55 ta test.

2-bosqich kirish imtihonlari uchun jami 150 daqiqa vaqt ajratiladi.

Mavzuga oid