Jamiyat | 18:38 / 13.11.2024
24657
8 daqiqa o‘qiladi

“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi

Kun.uz'ga murojaat qilgan ota-onalar bolalarni prezident maktabiga tayyorlovchi bu markazda tajribasiz o‘qituvchilar ishlayotgani, dars jadvaliga amal qilinmasligi, binodagi sharoitlar abgorligini aytdi. Ular to‘lagan pullari qaytarilmayotganidan norozi.

Foto: Getty Images 

Toshkentda bolalarni prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarga tayyorlovchi o‘quv markazidan norozi bir qancha ota-onalar Kun.uz'ga murojaat qildi.

2021 yildan beri ishlab kelayotgan bu markaz avvaliga yuqori sifatli ta’lim va sharoitlarni va’da qilib, to‘lovlarni undirgach, mijozlarni aldab kelayotgani, pullarni esa qaytarmayotgani aytilmoqda.

“O‘g‘limni Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktabga tayyorlamoqchi edim. O‘zim Instagram'dan qidirsam, shu o‘quv markazining profili chiqdi. Keyin gaplashdim, ular farzandimni testga chaqirdi. Yakkasaroydagi bosh ofisida testdan o‘tdik. O‘sha yerda sotuv menejeri “chiroyli” qilib tushuntirdi: “Darajasiga qarab olamiz, xarakteriga qarab o‘qitamiz, rus va o‘zbek tilida gaplashadigan bolalar alohida o‘qiydi, o‘qituvchilarimiz innovatsion metoddan foydalanishadi”, deb rosa quloqqa tepishdi, menam ishonibman shularga.

Uzum nasiya orqali bo‘lib-bo‘lib to‘lashga rasmiylashtirib, shu bilan bolamni darsga beradigan bo‘ldim. Bitta darsiga borib, sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim. Gapirgan gapiga mos kelmaydigan xizmat darajasidan umuman qoniqmadim. Birinchi darsdan keyin zudlik bilan bolam boshqa bormasligini, kelishuvni bekor qilishni aytdim. Shu bilan 1 sentabrdan beri yugurib yuribman. Pulimni qaytarib berishlarini, Uzum nasiya'dagi bo‘lib-bo‘lib to‘lashni o‘zim yopishimni aytishgandi, ammo pulimni hali ololganim yo‘q. Nima emish, 12,9 mln so‘mdan faqat 9,8 mln qaytararmish-da, qolgan summa bankning komissiyasi emish. Bu mening muammom emas-ku”, – deydi shaxsini ochiqlashni istamagan onalardan biri.

U so‘zlarining isboti sifatida Kun.uz'ga bir nechta videolar taqdim qildi. Tasvirlarda darsxonaning ta’mir holati yaxshi emasligi, xonada suvarak yurgani, o‘qituvchi mashg‘ulotni kechikib boshlashi aks etgan.

Ikki farzandini shu o‘quv markaziga bergan otalardan biri ham markaz ustidan shikoyat qildi. Uning aytishicha, oldindan qilingan 12 mln so‘mlik to‘lovini bir yil deganda bazo‘r qaytarib olgan.

“2023-2024 o‘quv yili boshida ikki farzandimni shu o‘quv kursining Yunusoboddagi filialiga bergandim. 6 oylik to‘lovni oldindan olishdi – 12 mln so‘m. Har kuni darsiga har xil o‘qituvchi kirardi, na dars jadvali amal qiladi, na ustozlarning tayini bor.

Birinchi oy tugamasidan bir farzandimni o‘qitmasligimni aytdim va u yerda faqat bitta farzandim qoldi. 2 oy to‘liq o‘tib bo‘lganda ham bolamning guruhi ma’lum emasdi. O‘qituvchi deganlari kollej yoki oliy ta’lim muassasalarini hali bitirmagan talabalar edi. Hech qanday tartib-intizom yo‘q, biror marta bolam darsda o‘tirib nimadir o‘rganganini sezmadim. 3 oydan keyin qizimni ham bu yerda o‘qitmasligimni aytib, pulni qaytarishlarini talab qildim.

Bosh ofisiga chaqirishdi. U yerda so‘zga chechan, yolg‘onni eshvoradigan yigit-qizlarni ko‘rasiz. Lekin muammo tug‘ilganda, ular “buxgalteriya yoki rahbariyatga uchrang, biz bilmaymiz” deyishga o‘tib oladi. Na rahbariyatini topib bo‘ladi, na buxgalteriyasini.

Erinmay har hafta bordim. Har gal yangi odam chiqadi va ma’lumotlarni yozib qolaveradi. 2024 yil mart oyi boshlariga kelib ofisiga borib janjal qildim, o‘zini ta’sischilardan biri deb tanishtirgan qozoq millatiga mansub yigit qabul qilib, ertasi kuni kelishimni aytdi va shu bilan pulimni naqd pulda qaytarishdi”, – deydi u.

Kun.uz'ga ayni shu o‘quv markazidan shikoyat qilgan boshqa fuqarolar ham bor. E’tiroz qilayotganlar soni bir nechtaligiga qaraganda, muammo ko‘lami kengroq bo‘lishi mumkin.

“Bu kabi aldov va soxta ma’lumotlarga asoslangan reklamalar mutlaqo haqiqatga zid” — agentlik

Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur o‘quv markazi 2021 yilda qozog‘istonlik tadbirkor muassisligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Hozirda Toshkent va, Samarqand bir nechta filiallarga ega.

Markaz o‘zining rasmiy saytida darslarni “maxsus dastur asosida o‘tkazishini, bu dastur ishlab chiqilishida prezident maktabi xodimlari ham ishtirok etgani”ni ta’kidlagan. Hozirgacha 3 mingdan ortiq bolalar va ularning ota-onalariga xizmat ko‘rsatilgani iddao qilingan.

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bu kabi aldov va soxta ma’lumotlarga asoslangan reklamalar mutlaqo haqiqatga zid bo‘lib, ular faqatgina prezident maktablari maqomidan noqonuniy foydalanib, o‘quv markazlari nomlarini ommalashtirishga mo‘ljallangan.

“Bugungi kunda agentlik tizimida 14 ta prezident maktabi mavjud bo‘lib, har yili har bir maktabga 5-sinfga 24 nafar o‘quvchi 2 bosqichli imtihon asosida saralab olinadi.

Saralash aslida hujjatlar qabuli jarayonidan boshlanadi, ya’ni o‘quvchining so‘nggi o‘quv yilidagi matematika va tabiatshunoslik fanlaridan baholari a’lo bo‘lishi kerak.

Joriy yilda prezident maktablariga respublika miqyosida 62 mingdan oshiq o‘quvchi hujjat topshirdi. Bu degani 1 o‘ringa o‘rtacha 185 talabgor to‘g‘ri kelmoqda.

Raqobat kuchli bo‘lgani sari ba’zi nomdagi o‘quv markazlari “farzandlaringizni prezident maktablariga tayyorlaymiz”, “prezident maktablariga 100 foiz kiritib qo‘yamiz”, “prezident maktablari bilan hamkorlikda ishlaymiz” qabilidagi yolg‘on va’dalar, reklamalar bilan ota-onalarni o‘zlariga jalb qilishga urinishadi”, – deyiladi izohda.

Agentlik ota-onalarni har xil reklamalarga ishonib qolmaslikka chaqirdi.

“Ayni holatda ota-ona tayyorlov kurslarining rahbariga “prezident maktabiga 24 nafar o‘quvchi qabul qilinsa, sizning o‘quv markazingizda tayyorlayotgan yuzlab o‘quvchilarning hammasini qanday qilib kiritmoqchisiz?” degan haqli savolni berishi shart.

Yana bir bor eslatib o‘tamiz, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligining tizimdagi prezident, ijod hamda ixtisoslashtirilgan maktablariga kirish uchun tayyorlaydigan o‘quv kurslari mavjud emas. Agentlik o‘quv markazlari bilan hamkorlik qilmaydi. Agentlik tizimidagi prezident maktablari xodimlari o‘quv markazlari dasturlarini ishlab chiqish jarayonida ishtirok etmaydi”, – deyiladi munosabatda.

Kun.uz mavzu yuzasidan surishtiruvni davom ettiradi. Farzandlarini o‘quv markazlariga bergan ota-onalarda u yerdagi ta’lim sifati va tartib-intizomdan e’tirozlarini @kunuzmurojaat telegram manziliga yuborishlari mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva
Kun.uz

Mavzuga oid