Belgorod oblastida jang ketmoqda, Xerson yana o‘qqa tutildi. Urush suratlari
Ukrainada urushning 467-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- «Rus ko‘ngillilar korpusi» 4 iyundan buyon Novaya Tavoljankani nazorat qilayotganini ma’lum qildi. Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov rasmiylar qishloqqa «kira olmayotgani»ni aytdi, ammo sababini keltirmadi.
- «Vagner» XHK RF armiyasi ofitserini qo‘lga oldi, uning bo‘linmasi yollanma jangchilar bo‘lgan avtomobilni o‘qqa tutgan. XHKdagilar 72-motoo‘qchilar brigadasi komandiri, podpolkovnik Roman Venevitin «spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgani» va shaxsiy ziddiyati tufayli vagnerchilarni o‘qqa tutishga buyruq berganini ma’lum qildi.
- «Rus ko‘ngillilar korpusi» Belgorod oblastiga reyd vaqtida asir olingan rossiyalik harbiylar aks etgani aytilgan videoni namoyish etdi. «Mojyem ob’yasnit» nashri jurnalistlari asirdagilarning shaxsini aniqladi.
- Rostov, Belgorod va Voronej oblastlarida radioefirda Putinning «umummilliy safarbarlik» va chegara regionlarda harbiy holat joriy etish haqidagi soxta murojaati translatsiya qilindi. Kremldagilar buni «radiochastotalar buzib kirilgani» bilan izohladi.
- Yevgeniy Prigojin Rossiya kuchlari Baxmut atrofidagi Berxovka qishlog‘i ustidan nazoratni boy berganini ma’lum qildi. 5 iyun kuni Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar ham Baxmut yo‘nalishidagi muvaffaqiyatlar haqida xabar berdi. Keyinroq uning so‘zlari Volodimir Zelenskiy tomonidan tasdiqlandi.
- Donetsk oblasti Toretsk shahrida FAB-250 aviabombalari bilan zarba berish oqibatida olti kishi yaralangan.
- Rossiyaning Kaluga oblastida M-3 «Ukraina» trassasiga ikki dron kelib quladi. Jabrlanganlar haqida xabar qilinmagan.
Belgorod oblastidagi janglar
Belgorod oblastida may oyi oxirida boshlangan harbiy harakatlar borgan sari shiddatli tus olmoqda. Gubernator Vyacheslav Gladkov 24 may kuni regionda hududiy mudofaa kuchlarining yettita bataloni tuzilgani va jami uch ming kishini qamrab olgani haqida aytgandi (ammo qonunchilikka ko‘ra, ular qurollantirilishi mumkin emas). Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 5 iyun kuni Belgorod oblastiga chechen bo‘linmalarini yuborishni taklif etdi — Kremlda hozircha bunga munosabat bildirilmadi.
5 iyun kuni Ukraina tomonida turib jang qilayotgan «Rus ko‘ngillilar korpusi» (RKK) chegara yaqinidagi Novaya Tavoljanka qishlog‘ini nazorat qilayotganini ma’lum qildi, korpus jangchilari bu yerga 4 iyun kuni kirib kelgandi. Tuzilmaning telegram-kanalida qurollangan va harbiy libosda bo‘lgan jangchilar mazkur aholi yashash manzili ko‘chalarida harakatlanayotgani aks etgan video joylashtirildi.
Bir necha soat o‘tib Belgorod, Rostov va Voronej oblastlarida radio orqali «Putinning murojaati» uzatildi, unda «ukrain qo‘shinlari bosqini» haqida aytilib, «harbiy holat e’lon qilingan». Regionlar rahbarlari va Kreml aholi orasida «vahima uyg‘otish» maqsadida «radiochastotalar buzib kirilgani» haqida ma’lum qilib, «bezovta bo‘lishga sabab yo‘qligi»ni bildirdi.
5 iyun kuni kechqurun Vyacheslav Gladkov hududiy rasmiylar Novaya Tavoljankaga «kira olmayotgani» haqida xabar qildi (gubernator buning sababini keltirmadi). Ukraina harbiy razvedkasi esa qishloqda rossiyalik polkovnik Andrey Stesev o‘ldirilgani haqida xabar qildi. Bu haqda RKK va «Rossiyaga ozodlik» legioni tomonidan ham ma’lumot tarqatilgan. Bu ma’lumotni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q.
RKK rahbari Denis Nikitin 6 iyun kuni ham Novaya Tavoljankadan turib videomurojaat yo‘lladi va Moskva ushbu qishloqni shunchaki o‘z holiga tashlab qo‘yganini aytdi.
Ukrainaning chegaradagi Volchansk shahri o‘qqa tutilishi oqibatlari
Xerson bo‘ylab zarbalar oqibatlari
5 iyunga o‘tar kechasi va tongda Rossiya qo‘shini Xersonni o‘qqa tutdi. Oblast harbiy ma’muriyatiga ko‘ra, 135 bemor va 44 nafar tibbiy xodim bo‘lgan tibbiyot muassasasi binosi shikastlangan. Ulardan hech kim jabrlanmagan, ammo yana bir korxona zarbaga uchrashi oqibatida qorovul halok bo‘lgan (bu aynan qanday korxona bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan). Shuningdek, hujum vaqtida tinch aholi vakili bo‘lgan yana bir ayol yaralangan.
Okkupatsiya ostidagi Berdyansk shahrida kundalik hayot
Berdyansk — Zaporijjya oblasti janubidagi shahar bo‘lib, 2022 yil 28 fevralida Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan. Iyun oyi boshida Ukraina qurolli kuchlari Berdyansk dengiz portini o‘qqa tutishdi — zarba oqibatida to‘qqiz kishi jabrlangan.
May oyida Berdyanskda yashovchi ayollar Belarusning «Zerkalo» nashriga okkupatsiya qilingan shahardagi vaziyat to‘g‘risida so‘zlab bergandi. Ulardan biri Moskva tomonidan tayinlangan hukumat shahar aholisini Rossiya fuqaroligini olishga majburlayotgani, boshqasi — dengiz bo‘yidagi dam olish bazalari harbiylarning ehtiyojlari uchun qayta jihozlanganini aytgandi.
Mavzuga oid
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024