Dard ustiga chipqon. Qo‘shtepa kanalining qurilishi O‘zbekiston uchun falokatmi?
Markaziy Osiyoning barcha respublikalarida suv tanqisligi tobora kuchayib borayotgan bir paytda, “Tolibon” tomonidan qurilayotgan Qo‘shtepa kanali vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkin. Kanal qurib bitkazilsa, Amudaryo suvining 20 foizdan 30 foizgacha qismi Afg‘onistonning shimoliy hududlariga yo‘naltiriladi.
“Tolibon” hukumati 2022 yil mart oyidan boshlab Balx viloyatida ulkan Qo‘shtepa kanalini qurishni boshladi.
Yangi kanalning uzunligi 285 km (shundan 100 kmdan ortiq qismi allaqachon qazib bo‘lingan), eni 100 metr, chuqurligi 8,5 metr bo‘lishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, loyiha qiymati taxminan 684 million dollarni tashkil etadi. Kanal davlat mablag‘lari hisobiga qurilayotgani aytiladi. Loyihani to‘liq yakunlash 2028 yilga mo‘ljallangan. Qurilish ishlariga 6 mingga yaqin ishchi jalb etilgan.
Qayd etilishicha, kanal qurilishidan maqsad – Balx, Jauzjon va Faryob viloyatlaridagi 3 million jyerib (1 jyerib – 2000 kvadrat metr) yerni sug‘orish va 250 mingga yaqin aholini ish bilan ta’minlash hisoblanadi.
Germaniyada istiqomat qiluvchi afg‘on muhandisi Najibulloh Sadid “Tolibon”ning murakkab muhandislik ishlarini, xususan, suv o‘tkazgichlar va ko‘priklar qurishni boshqara olishiga shubha bilan qaragan va kanalning tuproq o‘zanli ekanidan xavotirdaligini ta’kidlagan.
“Bunday holda, uning ko‘p suvi mintaqaning quruq, qumli tuprog‘ida yo‘qolib ketadi. Bundan tashqari, ariq qazish kanal qurishning eng oson qismidir. Ular shoshyapti”, degan u.
Amudaryo suvidan foydalanish bo‘yicha aniq huquqiy mexanizm bormi?
Ayni paytda yuzaga kelayotgan murakkablikning asosiy sababi – Amudaryo suvidan foydalanish va uni taqsimlash bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston o‘rtasida imzolangan umumiy kelishuvlarning yo‘qligi bilan bog‘liq.
1946 yilda Kobulda sovet ittifoqi va afg‘on hukumati o‘rtasida Amudaryo bo‘yicha muzokaralar o‘tkaziladi va kelishuvga erishiladi. Ammo Amudaryo suvini taqsimlash masalasi to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rib chiqilmagan va keyinchalik o‘tkazilgan muzokaralarda ham bu jihatga e’tibor qaratilmagan.
Bugungi kunda Markaziy Osiyodagi suv munosabatlari 1992 yilda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tomonidan imzolangan Olmaota kelishuvi bilan tartibga solinadi. Suv resurslarini boshqarishda Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi komissiya asosiy rol o‘ynaydi; komissiya suv ta’minotining uzoq muddatli dasturini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
Shuningdek, mintaqada suvdan foydalanish BMTning 1992 yildagi Transchegaraviy suv oqimlari va xalqaro ko‘llarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyasi bilan ham nazorat qilinadi. O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘iston mazkur konvensiyani ratifikatsiya qilgan.
Afg‘oniston esa Markaziy Osiyodagi suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha yuqorida qayd etilgan shartnomalarning hech biriga qo‘shilmagan. Bu yerdagi eng nozik jihat shundaki, Afg‘onistonning Amudaryodan foydalanish huquqini hech kim inkor eta olmaydi, lekin global va mintaqaviy kelishuvlarda ishtirok etmasligi afg‘onlarga suvdan foydalanishda hech qanday huquq va majburiyat yuklamaydi. Bu esa ikki tomonlama munosabatlarda keskinlikni keltirib chiqarishi mumkin.
Shuningdek, “Tolibon” tan olinmagan hukumat bo‘lgani bois, uni Markaziy Osiyo davlatlarining suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlatlararo komissiyasiga qabul qilish va muzokara olib borish imkonsiz.
Markaziy Osiyoga geosiyosiy va geoiqtisodiy ta’siri
Markaziy Osiyo suv xavfsizligi energiya, oziq-ovqat va atrof-muhit bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan dunyodagi kam sonli mintaqalardan biridir. Bu yerda suv resurslari strategik ahamiyat kasb etadi. Xususan, mintaqadagi dastlabki yirik shaharlar: Samarqand va Buxoro Zarafshon daryosi bo‘yida, Urganch va Xiva Amudaryo bo‘yida barpo bo‘lgani ham bejiz emas.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, agar Qo‘shtepa kanali loyihasi Afg‘oniston hukumati tomonidan yakunlanib, foydalanishga topshirilsa, O‘zbekistonga keladigan suv hajmi 15 foiz atrofida kamayishi bilan bog‘liq xavf mavjud. Bu esa Xorazm, Buxoro, Surxondaryo va Navoiy viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek Turkmaniston uchun jiddiy oqibatlar yaratadi.
Amudaryodan suvning burilishi O‘zbekistonning shimoliy hududlaridagi mavjud yomon holatni yanada og‘irlashtirishi mumkin.
Orol dengizida suv sathi kamayishi natijasida Orolbo‘yi hududlarida yashovchi aholining turmush sharoiti pasayishi bilan bir qatorda, ularning sog‘lig‘ida turli muammolar paydo bo‘la boshladi. Mahalliy iqtisodiyot tanazzulga uchradi (baliq ovi, qisqa muddatli turizm kabi sohalar) va yashash imkoniyatlari qiyinlashdi. Buning oqibatida aholi migratsiyasi ko‘paydi. Amudaryodagi suv oqimining qisqarishi bu muammolarni yanada kuchaytiradi.
Qo‘shtepa kanalining qurilishi quyidagi salbiy oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin:
Birinchidan, Afg‘oniston shimolida ekin ekish uchun foydalanilmoqchi bo‘lgan yerlardagi tuzlar doimiy ravishda yuvilishi kerak. Sho‘rlar yuvilgan drenaj suvi boradigan yagona joy – Amudaryodir. Bu esa Amudaryoning o‘rta oqimida va ayniqsa, uning quyi oqimida allaqachon qiyin, ba’zi joylarda halokatli holatga kelgan ekologik vaziyatni yanada murakkablashtiradi. Suv tanqisligi va tuz miqdorining ortishi kanalning quyi oqimida dehqonchilik qilishni yanada qiyinlashtiradi. Ya’ni Qo‘shtepa kanali tufayli sho‘rlanish darajasi ortishi mumkin.
Ikkinchidan, Qo‘shtepa kanali qurilayotgan Shimoliy Afg‘oniston “Tolibon”ning to‘liq hokimiyati o‘rnatilmagan, beqaror hudud hisoblanadi. Xususan, so‘nggi bir necha oy ichida IShID-Xuroson terrorchilik tashkiloti tomonidan Balx viloyatiga bir necha hujumlar uyushtirildi va hattoki, viloyat gubernatori ham o‘ldirildi. Bundan tashqari, Hilmand daryosidan foydalanish bo‘yicha Eron va “Tolibon” hukumati o‘rtasida nizoning yuzaga kelishi va qurolli to‘qnashuvga aylanib ketishi Afg‘onistonga qo‘shni boshqa davlatlar uchun ham yomon signal bo‘lishi mumkin.
Uchinchidan, suv hajmi o‘zgargandan keyin hududlardagi suv inshootlarini o‘zgartirish yoki qayta qurish kerak bo‘lishi mumkin, bu esa qo‘shimcha xarajatlarni talab qiladi.
Diplomatik yechim bormi?
Afg‘oniston va Amudaryo havzasidagi boshqa davlatlar o‘rtasida o‘zaro muloqot bo‘lmasa, yuzaga kelgan holat “Tolibon”ni yanada yakkalab qo‘yishi va mintaqaviy xavfsizlik muammosini kuchaytirishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston tomoni “Tolibon” hukumati bilan o‘zaro murosaga kelishga harakat qilishi lozim.
Joriy yilning 22 mart kuni O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili A. Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Afg‘onistonda bo‘ldi.
Kobulda O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘oniston bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodar, tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy, mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi mulla Yoqub Mujohid va muvaqqat hukumatning boshqa a’zolari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazgan.
O‘zbekiston TIV uchrashuvlar doirasida suv-energetika sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi, degan bayonot bilan cheklangan va qo‘shimcha tafsilotlarni ochiqlamadi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Mulla Abdulg‘ani Barodar o‘zining Tvitter'dagi sahifasida yozishicha, O‘zbekiston boshqa infratuzilma loyihalari qatori Qo‘shtepa kanali qurilishi loyihasi samaradorligini oshirish uchun Afg‘onistonning texnik guruhlari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Shundan keyingi davrda O‘zbekiston tomonining “Tolibon” vakillari bilan Qo‘shtepa kanalining qurilishi va suv taqsimoti yuzasidan muzokaralar o‘tkazgan yoki o‘tkazmagani haqida ochiq ma’lumotlar yo‘q.
Kelajakda suv masalasida yuzga kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy mojarolarning oldini olish uchun Afg‘oniston xalqaro shartnomalarga qo‘shilishi, Amudaryo suvidan foydalanish bo‘yicha ikki va ko‘p tomonlama bitimlar imzolanishi kerak.
Bu esa mamlakatda tinchlikka erishish jarayonini tezlashtirishni taqozo etadi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining Markaziy Osiyo uchun salbiy oqibatlaridan yana biri ham ana shunda – global maydonda afg‘on muammosiga e’tibor susayib ketdi.
Doston Ahrorov tayyorladi.
Mavzuga oid
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
16:34 / 08.11.2024
Rossiya Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishini istaydi - Putin
18:05 / 06.11.2024
Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda - BMT
14:12 / 06.11.2024