O‘zbekiston | 09:31 / 10.06.2023
8826
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoro amiri qushbegisi mahkamasi arxiv fondi YuNeSKO ro‘yxatiga kiritildi

“Buxoro amiri qushbegisi mahkamasi” deb nomlangan I-126 raqamli arxiv fondi YuNeSKOning “Jahon xotirasi” dasturi ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda "O‘zarxiv" agentligi axborot xizmati rahbari Anvar Aliyev ma’lum qildi.

Foto: Reuters

O‘zbekiston Milliy arxivida saqlanayotgan “Buxoro amirligi qushbegi devonxonasi” arxiv fondi hujjatlari to‘plami O‘rta Osiyo hukmdorlarining osiyo tillarida (arab, fors, chig‘atoy va turkiy) to‘plangan hujjatli merosi saqlanadigan yirik arxivlardan biri hisoblanadi.

Barcha hujjatlar asl va haqiqiydir. Hujjatlarning aksariyati Buxoro amirlari (amir Muzaffar, Abdulahad va amir Olimxon), shuningdek, maxsus vakolatli amaldorlar tomonidan imzolangan (qozi, shayxulislom, muftiylar, muhrlar bilan tasdiqlangan). 

YuNeSKO “Jahon xotirasi” reyestri hujjatli meros-qog‘oz, audiovizual, raqamli yoki boshqa har qanday formatdagi muhim va doimiy qiymatga ega bo‘lgan hujjatlar yoki hujjatlar to‘plamining qaytarib bo‘lmaydigan yo‘qotilishi oldini olish, asrash va keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan dastur hisoblanadi.

O‘zbekistondan ushbu reyestrga jami 5 ta hujjat kiritilgan bo‘lib, “Buxoro amiri qushbegisi mahkamasi” fondi 4-hisoblanadi.

Mavzuga oid