Jamiyat | 20:32 / 15.06.2023
52549
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi attraksionda ikki kishi yiqilib tushgani bo‘yicha jinoyat ishi ochildi

Attraksion nazoratchisi fuqarolarning xavfsizlik kamari taqilganini tekshirmasdan, attraksionni harakatga keltirgani aytilmoqda. Jabrlanuvchilarning holati o‘rta og‘ir darajada.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi «Anhor-Lokomotiv» bog‘ida joylashgan attraksiondan ikki kishi yiqilib tushgani holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

«12 iyun kuni Shayxontoxur tumanida joylashgan «Anhor Lokomotiv» bog‘ida «Melnitsa» nomli attraksionga uchish uchun chiqqan 24 yoshli erkak va 29 yoshli ayol 7-8 metr balandlikdan yiqilib tushib tan jarohati olishgan. Tekshirish davomida attraksion nazoratchisi fuqarolarning xavfsizlik kamari taqilganligini tekshirmasdan, attraksionni harakatga keltirgani aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi xabarda. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, attraksiondan yiqilgan fuqarolarning holati o‘rta og‘ir darajada.

«7-8 metr balandlikdan tushib ketish oqibatida jarohat olgan 1999 yilda tug‘ilgan bemor B.E.ga katatravma, qo‘shma shikastlanishlar, bosh miya yopiq jarohati, o‘rta darajadagi miya shikastlanishi, bosh miya peshona qismi kontuzion o‘choq, chap yelka suyagi katta bo‘rtmachasining yopiq sinishi, chap tos suyagi boshchasining yopiq chiqishi, chap yelka bo‘g‘imi distorsiyasi, chap yuqori qovoq, chap qo‘ltiq sohasi, chap periorbital sohasi yumshoq to‘qimalari, chap yelka sohasi, chap ko‘krak sohasi yumshoq to‘qimalari shikastlanishi, teri osti qon quyilishi tashxisi qo‘yilgan.

1993 yilda tug‘ilgan bemor T.M.ga esa katatravma, umurtqa yopiq shikastlanishi, dural qopchasi ezilmagan, orqa miya funksiyasi buzilmagan holda umurtqa pog‘onasi suyaklari VL1-VL2 tanachalarining I darajali kompression sinishi, umurtqaning bel qismi distorsiyasi, bel sohasi yumshoq to‘qimalarining shikastlanishi tashxisi qo‘yilgan.

Bemorlar ayni paytda neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan bo‘lib, ahvoli o‘rta og‘ir darajada. Nafas olish va gemodinamik ko‘rsatkichlari barqaror. Ular shifoxonada belgilangan davo standartlari asosida davolanmoqda», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid