Jahon | 07:33 / 16.06.2023
8083
2 daqiqa o‘qiladi

Donorlar konferensiyasida Suriya uchun 5,6 mlrd yevro yig‘ildi

Pul qochqinlar muammosini hal qilish va fevral oyidagi zilzila oqibatlarini bartaraf etishga sarflanadi. Germaniya Suriyaga yordam uchun bir milliard yevrodan ortiq mablag‘ yuboradi.

Foto: AP

Xalqaro hamjamiyat Suriya va suriyalik qochqinlarni qabul qiluvchi davlatlar uchun 5,6 milliard yevro ajratadi. Bu haqdagi qaror 15 iyun, payshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan YeI va BMTning Suriya bo‘yicha 7-konferensiyasi yakunlari bo‘yicha qabul qilindi.

Yangi transhlarning katta qismi – 4,6 milliard yevro 2023 yilda keladi, yana bir milliard keyinroq ajratiladi.

Bu mablag‘lar Suriya va suriyalik qochqinlarni qabul qiluvchi qo‘shni mamlakatlardagi odamlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi, deyiladi konferensiya yakunlari bo‘yicha Yevropa komissiyasi saytida chop etilgan matbuot bayonotida. Yevroittifoq budjetidan 3,8 milliard yevro miqdoridagi grantlar ajratiladi: 2,1 milliard yevro Yevrokomissiya va 1,7 milliard yevro YeIga a’zo davlatlar tomonidan alohida taqdim etiladi.

Germaniya milliard yevrodan ko‘proq mablag‘ ajratadi – pul boshqa narsalar qatori Turkiya janubida va Suriyada 2023 yil fevralida sodir bo‘lgan zilzila oqibatlarini bartaraf etishga yo‘naltiriladi. Viloyatdagi muhim muammolardan biri suv ta’minoti infratuzilmasining buzilishi bo‘lib, buning oqibatida mahalliy aholi ichimlik suvi tanqisligiga duch kelmoqda.

Konferensiya davomida xalqaro moliya institutlari va donorlar Suriyadagi fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 4 milliard yevro miqdorida kreditlar ajratilishini e’lon qildi. Bu mintaqa uchun umumiy ajratmani 9,6 milliard yevroga yetkazadi. Shu bilan birga, BMT Suriyaga oziq-ovqat yordami qisqartirilganini e’lon qildi.

2011 yildan beri Yevropa Ittifoqi va uning davlatlari Suriyani qo‘llab-quvvatlash uchun alohida 30 milliard yevrodan ortiq mablag‘ ajratdi. 

Mavzuga oid