Jamiyat | 17:12 / 16.06.2023
72266
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda askar harbiy xizmatga chaqirilganidan ikki oy o‘tib vafot etdi

21 avgust kuni 19 yoshga to‘ladigan yigit muddatli harbiy xizmatni Milliy gvardiya tasarrufidagi harbiy qismda o‘tayotgan edi.

Foto: Oilaviy arxivdan

Jizzax viloyatida joylashgan Milliy gvardiya tasarrufidagi harbiy qismlardan birida xizmat o‘tayotgan yangiyo‘llik 18 yashar yigit vafot etdi. U 2023 yilning 14 aprel kuni harbiy xizmatga chaqirilgan, 14 may kuni esa tantanali ravishda harbiy qasamyod qabul qilgan.

2004 yil 21 avgustda tug‘ilgan Otabek Tursunaliyev 18 may kuni otasiga qo‘ng‘iroq qilib, Dashtobod degan joyga ketayotgani, 18 nafar askar bilan o‘sha yerda harbiy poligonda xizmat qiladigan bo‘lishganini aytgan.

7 iyun kuni askar Samarqanddagi harbiy gospitalga yotqiziladi. U yaqinlariga oshqozoni shamollagani uchun davolanayotganini aytgan. 15 iyun kuni yigitning otasiga o‘g‘lining vafot etgani haqida xabar berilgan.

O‘lim haqidagi ma’lumotnomada Otabek Tursunaliyevning o‘limiga yurak-tomir aterosklerotik kasalligi sabab bo‘lgani qayd etilgan. Biroq marhumning yaqinlari bunga ishonmayapti.

Milliy gvardiya matbuot xizmati Kun.uz’ga askarning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida tibbiyot ekspertizasi o‘tkazilgani, batafsil ma’lumot ekspertiza natijalari tayyor bo‘lganidan so‘ng berilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur holat 2023 yil davomida muddatli harbiy xizmatchilar bilan sodir bo‘lgan ikkinchi o‘lim hisoblanadi. Bungacha 11 yanvar kuni Zangiotada Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qismda xizmat qilayotgan Mirjalol Imomov AK-74 rusumli avtomat bilan o‘zini otib qo‘ygandi.

2022 yilda Qashqadaryo va Surxondaryoda xizmat burchini o‘tayotgan yigitlar uylariga tobutda qaytishgandi.

Mavzuga oid