O‘zbekiston | 21:13 / 16.06.2023
12857
5 daqiqa o‘qiladi

“Qo‘l boshqaruvi”dan tizimli boshqaruvga: hukumat oldida qanday muammolar turibdi?

2022 yil 20 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqi va parlamentiga murojaat qilarkan, endi ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tilishini aytgandi.

 

U bu borada, shuningdek, endi “qo‘l boshqaruvi”dan – aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o‘tish vaqti kelganini ham aytgan.

Mirziyoyevning murojaatidan keyin bugunga qadar deyarli 6 oy vaqt o‘tdi. Xo‘sh, bu o‘tgan vaqt davomida o‘sha taklif qilingan “tizimli” boshqaruvga o‘tish borasida nima ishlar qilindi, mutaxassislar-chi, bu ishlarni qanday ko‘rmoqda, sezyaptimi? O‘zi umuman tizimli boshqaruv nima-yu, qo‘l boshqaruvi nima?

Kun.uz muxbiri shu kabi savollar yuzasidan siyosatshunos Farhod Tolipov, huquqshunoslar Lola Saidova va Jo‘rabek Ne’matov bilan intervyu o‘tkazdi.

— Qo‘l boshqaruvi va tizimli boshqaruv nima degani o‘zi? Ular qanday qonun-qoidalar va asos ustiga quriladi? 31 yillik boshqaruvdan keyin biz nega bugun tizimli boshqaruvga o‘tish haqida gapirib qoldik?

Ikki boshqaruvning oqibat va natijalari haqida ham.

Farhod Tolipov:

— Qo‘l boshqaruvi degani tizimlar, qonun-qoidalar va siyosiy institutlar bilan boshqarib bo‘lmaydigan shakl. Ya’ni bunda aniq bir vaziyatni boshqarish uchun sub’yektik omillar ishlaydi. Deylik, davlat rahbarining aralashuvi qaysidir vaziyatda yoki mavjud qonun ishlashi uchun ham ma’lum buyruq berish. Tizim ishlamay, xodimlarning qo‘lidan ushlab yetaklab yurishdek. Bunday holat davlat organlari nomukammal ishlayotganidan darak beradi. Bu esa nodemokratik davlatlarga xos, chunki siyosiy institutlar ishlamaydi. Qarorlar nomukammal, o‘zgaruvchan bo‘ladi.

Qo‘l boshqaruvi iyerarxik tuzilmalarga ega davlatlarga xos, ya’ni hokimiyat vertikali, bunda yuqoridan keladigan buyruqlarga qarab qolinadi. Qarorlar, qonunlar esa taktik bo‘ladi, strategik emas, ya’ni uzoqni ko‘zlab qilinmaydi, faqat ma’lum vaziyat uchun xos bo‘ladi. Mana shunday «kasalmand» tizimlarda qo‘l boshqaruvi paydo bo‘ladi.

Lola Saidova:

 — Har qanday davlat va jamiyat boshqaruvi turli tizimlar va mavjud qoidalarga asoslanadi. Har bir sohada qonun-qoidalar bor. Tizimli boshqaruvda dastlab huquqiy me’yoriy hujjatlar bo‘ladi, keyin esa moliyaviy masalalar va kadrlar masalasi. Bulardan keyin esa nazorat, muvofiqlashtirish ishlari. Bunday shakldagi boshqaruv butun dunyoda qo‘llanadi.

Jo‘rabek Ne’matov:

— Tizimli boshqaruv bu — to‘g‘ri boshqaruv. Ya’ni biror bir shaxsga bog‘liq bo‘lmagan holda mexanizm ishlab turadi xuddi soat kabi. Bu narsa davlatdagi holatni barqaror saqlaydi. Xorijiy investorlar bunday davlatga qiziqadi, huquqlari ta’minlanishini ko‘radi. Tizimli boshqaruvda birinchi navbatda huquqiy davlat prinsipi yuqori bo‘ladi va hamma qonun-qoidalarga bo‘ysunadi, kim bo‘lishidan qat’i nazar.

Qo‘l boshqaruvida buning teskarisi bo‘ladi. Qat’iy qonun-qoidalarga emas, ma’lum bir rahbarning sub’yekti bilan amalga oshadi ishlar. Bu esa barqaror bo‘lmagan muhitni keltirib chiqaradi davlatda. Sobiq ittifoqdan qolgan ma’muriy buyruqbozlik bor bizda. Bo‘g‘inlardagi xodimlar kutib o‘tiradi aynan yuqoridan topshiriq bo‘lishini. Yaponiyada har bitta vazirlik bo‘yicha QONUN (aynan qonun) bor. Parlament tomonidan qabul qilinadi va vazirliklarning yo‘nalishi, vazifalari, javobgarligi aniq belgilab qo‘yiladi. Boshqa bir organlarning ishiga aralasha olmaydi qaysidir vazirlik yoki idora. Bundan tashqari, o‘sha qabul qilingan qonun ishlamaydigan holat bo‘lsa, fuqarolar, boshqa tashkilotlar, huquq organlari tomonidan ma’lum bir ta’sir choralari qo‘llash mumkin. 

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid