Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMT Orolbo‘yi trast fondiga Yaponiya hukumati resurslari jalb qilinadi
O‘zbekistonning Tokio shahridagi elchixonasida Yaponiya parlamenti qo‘yi palatasi a’zosi Moriyama Xiroyuki bilan muzokaralar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Uchrashuvda asosiy e’tibor O‘zbekistondagi bugungi ekologik holat va dolzarb masalalarga qaratilib, iqlim o‘zgarishi va ekologik masalalar mamlakatga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatayotgani, xususan bu jarayonlar Markaziy Osiyoda dunyoning boshqa ko‘plab mintaqalariga qaraganda ancha jadal kechayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston hukumati tomonidan qurg‘oqchilik va suv tanqisligiga qarshi kurashish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish borasida qat’iy harakatlar amalga oshirilayotgani ma’lum qilinib, Yaponiya ko‘p yillardan buyon O‘zbekistonning atrof muhitni himoya qilish yo‘nalishidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlayotgani va ko‘plab ekologik muammolarning yechimida ko‘mak berayotgani qayd etildi.
Xiroyuki Moriyama Orol dengizidagi ekologik vaziyat bugungi kunda tobora global muammoga aylanib borayotganligini, ushbu holat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha dunyo mamlakatlari sa’y-harakatlarini birlashtirish va faollashtirish muhimligini ta’kidladi.
Tomonlar BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondiga Yaponiya Hukumati va tashkilotlari resurslarini mobilizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi, tozalovchi, drenaj suvlari sifatini oshiruvchi ilg‘or yapon texnologiyalarni keng joriy etish hamda Yaponiyadagi ilk port shahar – Osaka prefekturasidagi Sakai shahri bilan hududlararo aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Mavzuga oid
14:06 / 26.05.2025
Yaponiya bozori uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha ta’lim dasturlari ishlab chiqiladi
15:50 / 25.05.2025
Yaponiya kemasi Rossiya bilan bahsli orol yaqinida ogohlantirishsiz o‘t ochdi
21:15 / 21.05.2025
Yaponiya qishloq xo‘jaligi vaziri guruch haqidagi gaplaridan keyin iste’fo berdi
09:05 / 21.05.2025