O‘zbekiston | 14:46 / 26.06.2023
35120
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda mast haydovchi IIB boshlig‘ini urib yubordi

Jabrlanuvchi shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Xiva shahar IIB ma’muriy binosi oldida ko‘chani piyoda kesib o‘tayotgan podpolkovnik Botir Otajonovni mashina urib yuborgan.

Hodisa 25 iyundan 26 iyunga o‘tar kechasi soat 00:10 larda sodir bo‘lgani aytilmoqda. Xorazm viloyati IIB axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Damas rusumli mashinada IIB boshlig‘ini urib yuborgan haydovchi YTH chog‘ida mast holatda bo‘lgan.

Haydovchi avtomashinasini hodisa joyida qoldirib, noma’lum tomonga yashiringan. Olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida haydovchining yashiringan joyidan ushlab kelingan, tekshiruvdan so‘ng uning alkogol ichimlikdan mast holatda bo‘lgani tasdig‘ini topgan.

Jabrlanuvchi tuman markaziy shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Unga «Bosh miya yopiq jarohati. Bosh miya chayqalishi. O‘ng yonbosh suyagi quymich kosasining tubi maydalanib, o‘tirgich suyagi maydalanib sinib, siljishi, o‘ng son suyagining boshchasining travmatik markaziy chiqishi, yumshoq to‘qimalar lat yeyishi, qontalash shilinmalar» tashxisi qo‘yilgan.

Ayni paytda holat yuzasidan Xiva shahar prokuraturasi tomonidan tergovga kadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

  • Ma’lumot uchun, Botir Otajonov 2021 yil martida Xiva shahar IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.

Mavzuga oid