Jahon | 21:26 / 29.06.2023
31186
8 daqiqa o‘qiladi

Surovikin qayerda? Uning g‘oyib bo‘lishi turli taxminlarni keltirib chiqarmoqda

Financial Times ham general Surovikin qo‘lga olingani haqida xabar tarqatdi. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, uni Prigojin bilan aloqalari tufayli bir necha kun so‘roq qilishgan. 

Foto: Sputnik / AFP / Scanpix / LETA

Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlari qo‘shma guruhi qo‘mondoni o‘rinbosari general Sergey Surovikin «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin tarafdorlarini «tozalash» ishi doirasida qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqalmoqda. Surovikin isyonga aloqadorlikda ayblanganmi yoki so‘roq uchun hibsga olinganmi, hozircha aniq emas. 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin isyondan keyin tartib va xavfsizlik xizmatlari ustidan nazoratni tiklashga intilmoqda – mohiyatan, Rossiyada so‘nggi 30 yil ichida birinchi marta davlat to‘ntarishiga urinish bo‘ldi, deb yozdi Financial Times. Surovikinning «yo‘qolib qolgani» aynan shu bilan bog‘lanmoqda. 24 iyun kuni ertalab u «vagnerchilar»ni to‘xtash va isyonda ishtirok etmaslikka chaqirib, videomurojaat qilgan edi, shundan keyin uni hech kim ko‘rmagan. 

Surovikinning «g‘oyib bo‘lishi»ga boshqa ommaviy axborot vositalari va Rossiyaning «harbiy muxbirlari» ham e’tibor qaratdi. Xususan, rossiyalik harbiylarni qo‘llab-quvvatlovchi «Rybar» telegram-kanali general «shanba kunidan beri ko‘rinmagani»ni ta’kidladi. «General Armageddon qayerda ekani noma’lum, u so‘roq qilinmoqda, degan versiya bor», deb yozdi kanal muallifi. 

Harbiy muxbir Vladimir Romanovning aytishicha, Surovikin «Lefortovoga olib ketilgan» (tergov izolyatori). Bu go‘yo 25 iyunda, isyonning ertasiga sodir bo‘lgan. 28 iyun oqshomida generalning hibsga olingani haqida Rossiya mudofaa vazirligiga yaqin manbalarga tayangan holda The Moscow Times nashri ham xabar berdi. «Aftidan, u [Surovikin] [isyon paytida Prigojin tarafini] tanlagan va ular uni yoqasidan olishgan», dedi nashr suhbatdoshlaridan biri. 

O‘z navbatida, «Exo Moskvy» radiosi sobiq bosh muharriri Aleksey Venediktovning ta’kidlashicha, Surovikin «Lefortovoda emas», lekin uch kundan beri general va uning qo‘riqchilari aloqaga chiqmayapti. Shu bilan birga, Surovikinning o‘rinbosari, general-polkovnik Andrey Yudin ishdan bo‘shatilgan. Yudinning o‘zi ta’tilda, uyda ekanini aytgan. 

28 iyun kuni kechqurun «MIG Rossii» telegram-kanali Surovikin haqidagi mish-mishlarga izoh berib, shunday yozdi: «Tergov harakatlari olib borilmoqda. Ular shuningdek, profilaktika choralarini ham o‘z ichiga oladi. Turli choralarni». Ertasi kuni kanal mualliflari Surovikin «Rostovdagi yig‘ilishda bo‘lgani»ni xabar qilishdi. Jurnalist Dmitriy Kolezevning manbalari bu ma’lumotni tasdiqlamadi. «Bu qo‘shinlardagi norozilikni bostirish uchun tarqatilgan ma’lumot bo‘lishi mumkin. Qo‘mondonlar o‘z komandiri qayerda ekani haqida savol bermoqda», deb yozdi Kolezev. 

Jurnalistning manbasiga ko‘ra (Kolezev bu qanday manba ekanini aytmagan), Rossiya mudofaa vaziri (Sergey Shoygu) go‘yoki «Surovikinning qaytishidan qo‘rqadi». 

«U Putin oldida o‘zini oqlab, Surovikinni xiyonatda aybladi. Ammo ular Surovikinni hibsga olishdan qo‘rqadi, chunki ofitserlar uni qo‘llab-quvvatlayapti», degan jurnalistning suhbatdoshi. 

Telegramdagi «VChK-OGPU» kanali Surovikin atrofidagi odamlar «aloqaga chiqishini boshlagani»ni da’vo qilmoqda. «Tegishli idoralar tomonidan profilaktika choralari ko‘rilganini tushunish mumkin. Ammo, aftidan hibslar bo‘lmaydi», degan kanal manbasi. 

Federal xavfsizlik xizmati (FXX) va bosh shtabga yaqin ikki manba Surovikin so‘roq qilingani, biroq keyin qo‘yib yuborilgani haqida «Vajnyye istoriya»ga ma’lum qildi. Bloomberg ham so‘roq bo‘lgani haqida yozdi. Jumladan, harbiy prokuratura generalni Prigojin bilan aloqalari haqida bir necha kun so‘roq qilgan. Surovikinning harakatlari cheklangan, ammo u hibsga olinmagan. 

«Baza» telegram-kanali Surovikinning qizi Veronika bilan suhbatlashdi. U otasiga «hech narsa bo‘lmagani» va u ishda ekanini aytdi. U general hech qachon «har kuni ommaviy axborot vositalarida chiqmagan va bayonot bermagani»ni qo‘shimcha qilgan. 

«Voyenkor» Boris Rojin, shuningdek, Surovikin Ukrainadagi «maxsus harbiy operatsiya» (MHO) vazifalarini bajarishda davom etayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, generalning hibsga olingani haqidagi bayonotlar «Rossiya qurolli kuchlari haqidagi soxta ma’lumotlar va MHO a’zolarini obro‘sizlantirish to‘g‘risidagi qonun»ga to‘g‘ri keladi. 

Avvalroq, Amerika nashrlari G‘arb razvedka xizmatlari ma’lumotlariga tayanib, Surovikin Prigojinning isyon uyushtirish rejalari haqida bilganini xabar qilgan edi. The Wall Street Journal nashri yozishicha, «Vagner» asoschisi bo‘lajak isyon haqida armiyaning yuqori martabali xodimlariga, jumladan, Surovikinga gapirib bergan. General bu ma’lumotlarni FXXga yetkazdimi, bunisi aniq emas. 

The New York Times manbalari ham AQSh razvedka xizmatlariga ko‘ra, Surovikin isyon haqida oldindan bilgani, boshqa generallar esa Prigojinning harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lishi mumkinligini yozgan. Gazeta suhbatdoshlari Prigojin va Surovikinning ittifoqi «Vagner» asoschisi nima uchun hali ham tirikligini tushuntirib berishi mumkinligini aytgan. Ularning fikriga ko‘ra, general isyonni tayyorlashda ishtirok etganiga oid kuchli dalillar mavjud bo‘lsa, lavozimidan chetlatilishi mumkin. 

Financial Times nashri yozishicha, Rossiya rasmiylari Surovikinga uning «Vagner» isyoniga aloqadorligi gumoni uchun emas, balki Prigojin bilan do‘stona munosabatlari tufayli bosim o‘tkazmoqda. Nashr generalni Rossiya mudofaa vazirligi va yollanma askarlari Ukraina sharqida jang qilgan Prigojin o‘rtasida «bog‘lovchi zanjir» deb atadi. O‘z navbatida, «Vagner» asoschisi Rossiya armiyasi rahbariyatini tanqid qilib, Surovikin bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qoldi, deb yozdi gazeta.

Surovikin va Mixail Mizinsev kabi «Vagner»ga do‘stona boshqa generallar «[Prigojinni] to‘xtashga undab, ahmoqlar kabi yugurib yeldi. Endi ularga xoinlardek munosabatda bo‘lishadi», dedi manbalardan biri. Shu bilan birga, AQSh rasmiylari uning isyonni qo‘llab-quvvatlash uchun biror narsa qilganiga ishonchi komil emas. 

Siyosatshunos Tatyana Stanovaya fikricha, Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu vaziyatdan g‘olib sifatida chiqdi. U aftidan, Putinni xususiy harbiy kompaniyalarni mudofaa vazirligi nazorati ostiga o‘tkazishga ishontirishga muvaffaq bo‘lgan. «Surovikinning haqiqiy roli qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Shoygu uni fitnachi sifatida ko‘rsatishdan manfaatdor bo‘lishi mumkin. Xayrixohlarni fitnachiga aylantirish juda oson», dedi Stanovaya. 

Kreml Surovikinning hibsga olinishi haqidagi xabarlarni «spekulyatsiya» va «g‘iybat» deb atadi. 29 iyun kuni Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarning general taqdiri haqidagi savollarini mudofaa vazirligiga yo‘llashni tavsiya qildi. O‘z navbatida, mudofaa vazirligi Surovikinning g‘oyib bo‘lgani, uning ushlangani yoki hibsga olingani haqidagi xabarlarga izoh bermadi.

Mavzuga oid