Jahon | 19:32 / 02.07.2023
32857
13 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: Ukraina yana bir yo‘nalishda faollashdi

Ukraina qurolli kuchlari Donetsk oblastida yana bir qishloqni ozod etdi va kichik guruh bilan Dniproni kechib o‘tdi. Ammo Prigojinning isyonidan keyin ham hal qiluvchi yorib o‘tishning belgilari yo‘q.

Antonov ko‘prigining yuqoridan ko‘rinishi

«Vagner» XHK isyoni frontdagi vaziyatga hech qanday bevosita ta’sir ko‘rsatmadi: yollanma jangchilar Baxmut egallanganidan keyin may oyi oxirida «ta’til»ga ketgan, RF qurolli kuchlari esa qiyinchilik va katta yo‘qotishlar evaziga bo‘lsa-da (va kichik hududlar ham boy berilgan), iyun oyi davomida vagnerchilar ketganidan keyin hosil bo‘lgan «teshik»ni yopib turishning uddasidan chiqishdi. 

Ukraina qarshi hujumi (Baxmut atrofida bu yurish vagnerchilar frontdan ketishidan oldinroq boshlanib ketgandi, mamlakat janubida esa — 4 iyundan) hamon juda sekin kechmoqda. Zaporijjya va Donetsk oblasti janubida Ukraina qurolli kuchlari artilleriya bilan muntazam ravishda o‘qqa tutilayotgan minalangan maydonlar va RF qurolli kuchlarining ahyon-ahyonda uchrovchi tayanch punktlaridan tarkib topgan bir necha kilometr kenglikdagi birinchi mudofaa chizig‘ini ortda qoldirishga harakat qilmoqda. Bu polosa asosiy mudofaa chizig‘idan oldinda joylashgan, asosiy liniyada esa tayanch punktlari uzluksiz xandaqlar va uzoq muddatli o‘t ochish nuqtalariga ulanib ketgan. Uchastkalarning hech birida hujum qiluvchi tomon bu hududdan o‘ta olmayapti.

Ammo Ukraina qurolli kuchlari bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishda hujum qilish harakatlarini to‘xtatmayapti va deyarli barcha yo‘nalishlarda lokal yutuqlarga erishmoqda. Zaporijjya va Donetsk oblastlaridagi odatiy «qaynoq nuqtalar»ga yangisi qo‘shilgan: ukrain armiyasi Xerson oblastida Dniproning so‘l sohiliga (sharqiy) desant tashladi va bu yerda o‘rnasha boshladi.
 
Xerson va Antonov ko‘prigi

  • Ukraina qurolli kuchlari Antonov ko‘prigi hududida Dniproning chap sohiliga (Xersondan taxminan to‘rt kilometr) ilk desantni bahordayoq tashlagandi. O‘nlab desantchilar RF qurolli kuchlari bo‘linmalari artilleriya orqali yo‘llangan zarbalar tufayli chekinganidan foydalangan va asosiy ko‘prik yaqinidagi Dachi posyolkasiga joylashib olgandi. Ular oblastning okkupatsiya ostidagi hududi tomon ichkarilay olmadi (katta ehtimol bilan bunga urinmagan). RF qurolli kuchlari platsdarm bo‘ylab tinimsiz aviatsiya va artilleriya zarbalari yo‘lladi, Ukraina qurolli kuchlari katerlar orqali qo‘shimcha kuchlar yetkazib turdi va o‘ng sohildan artilleriya zarbalari yo‘llash orqali rossiyaliklarning qarshi hujumlariga to‘sqinlik qildi.
  • Kaxovka GES to‘g‘oni vayron bo‘lganidan keyin ukrainlarning chap sohildagi pozitsiyalari suv ostida qolgandi. Rossiyaliklarning ham ko‘prik atrofidagi pozitsiyalari shunday shikastlangandi.
  • Suv chekinganidan so‘ng Ukraina yana bir bor artilleriya ko‘magida desantchilar mingan katerlarni chap sohilga yo‘lladi. Ular bu safar ham ko‘prik atrofida mustahkam o‘rnashib olishga muvaffaq bo‘ldi. Ukrain kuchlarining bu yerdagi asosiy pozitsiyalari ko‘prikning mustahkam beton konstruksiyalari ostida joylashgan, bu esa ularni RF qurolli kuchlari artilleriya va aviazarbalaridan himoya qiladi. Rossiya manbalariga ko‘ra, platsdarmdagi ukrain guruhi yuzga yaqin jangchidan iborat bo‘lgan. 1 iyul kuni Xerson oblastining okkupatsiya ostidagi qismiga Kreml tomonidan rahbar etib tayinlangan Vladimir Saldo Antonov ko‘prigi atrofida Dniproning so‘l qismi «butkul tozalangani» haqida aytdi, ammo shunday bo‘lgan taqdirda ham, katta ehtimol bilan ukrainlar bu hududda o‘rnashish harakatlaridan to‘xtamaydi. 
  • Ukrainlar yaqin vaqtlar ichida bu platsdarmdan oldinga o‘tishi ham dargumon: u Konka daryosi Dnipro o‘zaniga quyilgan joyda hosil bo‘lgan botqoqli orolda joylashgan. Antonov ko‘prigidan Konka orqali o‘tgan ko‘prikka (RF qurolli kuchlari nazorati ostida, ammo muntazam ravishda ukrain artilleriyasi zarbalari ostida) faqat bitta yo‘ldan borish mumkin. Ukrain otryadlari bu yo‘ldan o‘tishi qiyin; Dniprodan uzoqlashilgani sayin platsdarmdagi qo‘shinlarni qo‘llab-quvvatlab turgan ukrain artilleriyasi samaradorligi pasayib boradi.
  • Ukraina qurolli kuchlari Dniproning so‘l sohilida yirik amaliyot o‘tkazishiga logistika ham xalal beradi: katerlar orqali faqat kichik guruhni ta’minlab turish mumkin; paromlar orqali ko‘p miqdordagi og‘ir texnikalarni tashish, keyin ularga o‘q-dori va yonilg‘i yetkazish ham juda qiyin bo‘ladi.
  • Katta ehtimol bilan, ukrain qo‘mondonligi kamida shimoldan Ukraina qurolli kuchlarining asosiy kuchlari kirib kelmagunicha (Zaporijjya oblastida Rossiya mudofaasi yorib o‘tilgan taqdirda), bu yerda yirik yurish boshlashni rejalashtirmagan. Ammo ukrain qo‘shini Dnipro sohilida platsdarm tashkil etganining o‘zi Rossiya tomoni kuchlarning bir qismini Zaporijjya yo‘nalishiga tashlamasdan, ikkinchi darajali ushbu yo‘nalishda ushlab turishga majbur qiladi.

Zaporijjya uchastkasi

  • Ukraina qurolli kuchlarining 128-tog‘-shturm brigadasining kuchaytirilgan bo‘linmalari (artilleriya, kamikadze dronlar operatorlari va boshqalar bilan) iyun oyi boshidan buyon Zaporijjyadan janubdagi ikki qishloqni (Lobkove va Pyatixatki) ozod etishga muvaffaq bo‘ldi. 
  • Ammo so‘nggi haftada bu brigadaning yurishi to‘xtab qoldi: Pyatixatkami va unga qo‘shni Jyerebyanki (RF qurolli kuchlari nazoratidagi qishloq) o‘rtasida janglar davom etmoqda. Ikki tomon ham hujum qilishga urinmoqda (hujumlar dronlar orqali va yerdan turib olingan videolarda aks etgan) va yo‘qotishlarga uchramoqda.
  • Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi hozircha bu uchastkaga yangi kuchlarni tashlamadi. Rossiyaliklar ham: Pyatixatki atrofida asosan Shimoliy Osetiyaga mansub turli bo‘linmalar (Janubiy harbiy okrugning 58-armiyasi tarkibidan) jang qilmoqda.

Orixiv uchastkasi

  • Iyun oyi boshida Ukraina qurolli kuchlari asosiy zarbani Zaporijjya oblastining Orixiv rayonida Tokmak yo‘nalishida (RF qurolli kuchlarining Zaporijjya oblastidagi asosiy logistika markazlaridan biri) beradigandek ko‘ringandi. Yurishning ilk kunlarida Ukraina qurolli kuchlarining 2022 yil oxirida tashkil etilgan va 2023 yilda g‘arb texnikalari bilan qaytadan qurollantirilgan 47-mexanizatsiyalashgan brigadasi jangga tashlandi: Yevropa mamlakatlarining turli modifikatsiyadagi «Leopard-2» tanklari, shuningdek AQSh yetkazib bergan zamonaviy «Bredli» jangovar piyodalar mashinalari. Brigada nomi Pentagonning aprel oyida sizib chiqqan hujjatlarida Ukraina qurolli kuchlarining yozgi katta yurishi uchun maxsus shakllantirilgan 12 brigadasidan biri sifatida tilga olingandi.
  • Brigada hali ham boshlang‘ich maqsadga erisha olmadi — Orixivdan janubdagi ukrain pozitsiyalari va rossiyaliklarning Robotine posyolkasi hududidagi pozitsiyalari orasidagi bir necha kilometr kenglikdagi «kulrang zona»dan o‘tishga. Qariyb to‘rt hafta mobaynida ukrain qo‘shini kamida oltita «Leopard» va 24 ta «Bredli»ni (boshqa texnikalar qo‘shilmaganda) boy berib, bir necha kilometrga ilgariladi. 
  • Bu yerda Ukraina QK uchun asosiy to‘siq minalangan maydonlar bo‘lib qolmoqda (bu maydonlar masofadan minalash tizimi orqali «yangilab» turiladi). Bu maydonlarda o‘tish yo‘llarini minalardan tozalashga urinish ishlariga RF qurolli kuchlari artilleriya olovi va Ka-52 vertolyotlarining tanklarga qarshi boshqariluvchi raketalari bilan zarba berish orqali javob qaytarmoqda. RF mudofaa vazirligining iyun oyi boshidan buyon e’lon qilgan, ukrain texnikalariga vertolyotlar orqali yo‘llangan zarbalar aks etgan videolari soni (frontdagi barcha uchastkalar qo‘shib hisoblanganda) saksondan oshadi.
  • Hozircha ukrain qo‘mondonligi o‘zining «og‘ir» (og‘ir texnikalar bilan qurollangan) brigadalaridan birining Orixiv yo‘nalishidagi zarbalarini boshqa shunga o‘xshash tuzilmalar bilan qo‘llab-quvvatlashga qaror qilgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. 47-brigada hamon amalda yolg‘iz harakatlanmoqda: unga faqat hududiy mudofaa kuchlarining yengil piyodalari, shuningdek boshqa yo‘nalishlarda bo‘lgani kabi — kuchaytirish bo‘linmalari (artilleriya brigadalari, dronlar operatorlari otryadlari) yordamga kelmoqda.
  • RF qurolli kuchlari qo‘mondonligi yaqin vaqtlar ichida bu yo‘nalishga qo‘shimcha kuchlar tashlashining hech qanday alomatlari ko‘zga tashlanmayapti. RF QK birinchi mudofaa liniyasi bu hududda Robotine posyolkasidan o‘tadi, undan janubroqda xandaqlar, o‘t ochish nuqtalari va minalangan maydonlardan iborat yana uchta shu kabi liniya mavjud.

Velika Novosilka yo‘nalishi

  • Hozircha Ukraina qurolli kuchlarining eng yirik guruhi Zaporijjya va Donetsk oblastlari chegarasida harakatlanmoqda. Bu hududda yangi tuzilgan 37-dengiz piyodalar brigadasi (Amerikaning matbuotga sizdirilgan, yurish uchun mo‘ljallangan brigadalar ro‘yxatida tilga olingan), 35-dengiz piyodalari brigadasi («eski» brigadalardan), 65-mexanizatsiyalashgan brigada (bu yo‘nalishda 2022 yildan buyon jang qiladi) harakatlanmoqda. 
  • 26 iyun kuni Ukraina qurolli kuchlarining yana bir yangi brigadasi — 31-mexanizatsiyalashgan brigada askarlari — Velika Novosilkadan 10 kilometr g‘arbda joylashgan Rovnopil qishlog‘i ozod etilgani haqida e’lon qilgan video paydo bo‘ldi. Bu Ukraina qurolli kuchlari iyun oyi boshidan buyon shu yo‘nalishda ozod etgan yettinchi aholi yashash manziliga aylandi.
  • Rovnopil boy berilishi Rossiya qo‘shinlari uchun vaziyatni sezilarli darajada yomonlashtiradi. Endi Ukraina QK nafaqat shu vaqtgacha bo‘lgani kabi Mokriy Yali daryosi bo‘yidagi pasttekisliklarda, balki daryodan g‘arbdagi tepaliklar bo‘ylab ham ilgarilash imkoniyatiga ega. Ukraina qo‘shini yaqin vaqtlar ichida o‘z muvaffaqiyatini rivojlantirib, Mokriy Yali vodiysidagi Staromayorske va Urojayne qishloqlarini ham ozod etishga harakat qilishini kutish mumkin.
  • Ammo rossiyaliklar mudofaasining birinchi mustahkamlangan liniyasi yanada janubroqda, yirik Staromlinovka qishlog‘ida joylashgan. Bu liniyani yorib o‘tish uchun, Ukraina qurolli kuchlari katta ehtimol bilan zaxira kuchlarini jangga tashlashiga to‘g‘ri keladi.

Baxmut fronti

  • Ukraina mudofaa vazirligi Baxmut fronti qanotlarida qarshi hujumga o‘tgani haqida rasman e’lon qilgan. Aslida bu yurish 2023 yil 11 mayidan buyon uzluksiz davom etmoqda. Bu yurish qiyin kechmoqda: Ukraina QK RF qurolli kuchlarining Berxivka va Yahidne (Baxmutning shimoliy-g‘arbiy chekkasida) hamda Klishchiyevkadagi (shahardan janubda) mustahkamlangan muhim pozitsiyalarini yorib o‘tishga urinmoqda. So‘nggi haftalarda janubda kunlik ilgarilash yuz metr atrofida bo‘ldi va ukrainlar Berxivka suv omboriga yetib kelib to‘xtab qoldi.
  • RF QK bu yo‘nalishga boshqa turli yo‘nalishlardan yirik zaxiralarni yo‘naltirgan. Ular «Vagner» XHK ketganidan keyin bu frontni qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, barqaror ushlab turibdi. Rossiya qo‘shinlari bundan buyog‘iga ham Ukraina qurolli kuchlarini janubda Shimoliy Don—Donbass kanali bo‘ylab o‘tgan chiziqda va shimolda Baxmut — Kramatorsk trassasi bo‘ylab bo‘rtiqda Soledar va Yakovlivkaga qadar ushlab turishga harakat qiladi. Bu liniya yorib o‘tilishi RF qurolli kuchlarini Baxmutni tashlab ketishga majbur qilishi mumkin. Katta ehtimol bilan, buning uchun Ukraina qurolli kuchlari ham yangi kuchlarni jangga tashlashi talab etiladi. Shu bilan birga, Baxmutning ozod etilishi hozirda Ukraina qurolli kuchlari uchun (mamlakat janubida raqib mudofaasiga chuqur kirib borishdan farqli o‘laroq) strategik ahamiyatga ega emas, faqat ramziy yutuq bo‘lishi mumkin: Baxmutdagi muvaffaqiyat RF qurolli kuchlarining logistik zanjiri uzilishiga olib kelmaydi va katta hududlarni tashlab ketishga majbur etolmaydi.

Mavzuga oid