O‘zbekiston | 15:51 / 03.07.2023
20252
7 daqiqa o‘qiladi

Bankdan to zargarlik firmasigacha - poytaxt hokimligining biznes korxonalari

Toshkent shahar hokimligi ko‘plab tijorat korxonalarining ta’sischisi hisoblanadi. Ularning o‘ndan ortig‘i so‘nggi 5 yilda, aniqrog‘i Jahongir Ortiqxo‘jayevning hokimlik davrida tashkil etilgan. Davlat boshqaruv organining bank va biznes korxonalariga bu shaklda egalik qilishi manfaatlar to‘qnashuvi va boshqa korrupsion holatlarni keltirib chiqarayotgan bo‘lishi mumkin.

Foto: KUN.UZ

Kuni kecha 100 foizlik ulushiga Toshkent shahar hokimligi egalik qiladigan “Yunusobod business city tadbirkorlik markazini qurish va ekspluatatsiya qilish direksiyasi” davlat unitar korxonasi xodimi 300 ming AQSh dollari olayotgan vaqtida ushlandi.

Kun.uz mazkur ish ortidan poytaxt hokimligi ta’sis etgan tadbirkorlik sub’yektlari bilan qiziqib ko‘rdi.

Ochiq manbadagi ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligi ko‘plab korxonalarda ulushdor. Ular orasida bank, maishiy elektr jihozlari, hatto zargarlik buyumlari ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari ham bor.

So‘nggi 5 yilda hokimlik ta’sischiligida 15dan ortiq tijoriy korxonalar tashkil etilgan.

Jumladan, hokimlik 2018 yil 29 dekabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Poytaxt bank”AJga 100 foiz ulush bilan egalik qiladi.

“Poytaxt bank”ning asosiy faoliyati Toshkent shahrida ko‘p qavatli turar joy binolarining qurilishi bilan bog‘liq jarayonlarda yuridik va jismoniy shaxslarga bank xizmatlarini ko‘rsatishdan iborat. 

2019 yil 19 avgustda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Gold Moon Tashkent” MChJning egasi ham poytaxt hokimligi hisoblanadi. Faoliyat turi zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bo‘lgan korxonaga Jasur Ruzayev rahbarlik qiladi.

“Gold Moon Tashkent” MChJ tomonidan Italiya texnologiyalari asosida “Fonon” nomida zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchi zavod qurilgan. Rasmiy saytida ta’kidlanishicha, kompaniya hozirda O‘zbekiston bo‘ylab do‘konlar tarmog‘iga ega. “Intellektual mulk” tizimidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Fonon savdo belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishga “Technology Development” MChJ ariza bergan. 2018 yil aprelda tashkil etilgan bu korxonaning elektron manzili 2021 yil holatiga @artelgroup.org domenida ro‘yxatdan o‘tkazilgan edi (hozirda o‘zgargan).

Toshkent shahar hokimligi egalik qilayotgan navbatdagi MChJ 2019 yil 10 iyunda tashkil etilgan “Texnopark” korxonasidir. Bu MChJ maishiy elektr asboblari ishlab chiqarish faoliyat turi bilan shug‘ullanadi. Rahbari – Sarvar Ahadov. U muqaddam sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev egalik qilgan “Dream Production” qo‘shma korxonasini boshqargan.

Hozirda 5 mingdan ortiq ishchi mehnat qiladigan “Texnopark” asosan elektron gaz hisoblagichlari, maishiy muzlatkichlar, sanoat konditsionerlari va sovitish tizimlari, liftlar va eskalatorlar, suv nasoslari, qoliplar va shtamplar, eshik va deraza romlari uchun furnitura va aksessuarlar, panel radiatorlari, metall konstruksiyalar, kir yuvish mashinalari, sendvich panellar, quyosh suv isitish kollektorlari, bazalt toshdan yasalgan issiqlik izolyatsion materiallar ishlab chiqaradi. Ushbu mahsulotlardan aksariyatining brendlari Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli. 

Xodimi 300 ming AQSh dollari bilan ushlangan “Yunusobod business city tadbirkorlik markazini qurish va ekspluatatsiya qilish direksiyasi” DUK ham shahar hokimligiga qarashli. U 2019 yil 14 yanvar kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Korxonaga Umid Umarov rahbarlik qiladi. U avvalroq “Tashkent city” direksiyasining yuridik bo‘limini boshqargan. 

E’tiborli tomoni, “Yunusobod business city” DUK rahbari Umid Umarov bir vaqtning o‘zida shahar hokimligining shu kabi yana 2 ta direksiyasiga rahbarlik qilib keladi. Bular – “Olmazor business city” va “Yangihayot industrial texnoparki” direksiyalaridir. 

Vaholanki, Mehnat kodeksining 437-moddasiga ko‘ra, o‘rindoshlik asosida ishlash chog‘ida o‘rindoshlik asosida ishlashning davomiyligi xodimlarning mazkur toifasi uchun belgilangan ish vaqti normasining yarmidan ortiq bo‘lishi mumkin emas (bu qoida hukumatning 2012 yil 18 oktyabrdagi 297-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomda ham bo‘lgan).

Ustav fondi 5 mlrd so‘m bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston bog‘i obektlarini saqlash va ekspluatatsiya qilish direksiyasi” unitar korxonasiga Dilshod Abdurasulov rahbarlik qiladi. Korxona 2021 yil sentabr oyida Toshkent shahar hokimligi ta’sischiligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. 

Feruz Karimov ham poytaxt hokimligi ta’sischiligidagi ikkita unitar korxonaga rahbarlik qiladi. Ulardan biri – “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi binosi va atrofidagi hududidan foydalanish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan direksiya” 2009 yilda, ikkinchisi – “Yangi O‘zbekiston ko‘chasi” ishbilarmonlik markazini qurish va ekspluatatsiya qilish direksiyasi” DUK esa 2021 yilda tashkil etilgan. 

Ustav fondi 5 mlrd so‘m bo‘lgan yana bir korxona – “Sergeli industrial park kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi”ga ham Toshkent shahar hokimligi ta’sischi hisoblanadi. Jasur Hakimov rahbarlik qilayotgan unitar korxona 2018 yil 10 oktyabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. 

Shuningdek, 2022 yil 18 may kuni tashkil etilgan, faoliyat turi “tijorat faoliyati va boshqaruv masalalari bo‘yicha maslahat berish” deb ko‘rsatilgan “Toshkent shahar issiqlik elektr markazi” unitar korxonasiga Rinat Alistratov hamda “Toshkent shahar kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi”ga Ulug‘bek Eshmurodov rahbarlik qiladi.

Bundan tashqari, 2018 yil noyabrda Toshkent shahar hokimligi munitsipal aktivlarni boshqarish markazining 37,9 foiz ulushi bilan “Grand Road Tashkent” MChJ tashkil qilingan. Uning 62,1 foiz ulushiga Grandway in kompaniyasi egalik qiladi.

So‘nggi yillarda Toshkent shahridagi ko‘plab yo‘llar qurilishi va rekonstruksiya ishlarini mazkur MChJ amalga oshirgan, ularning ayrimlari loyiha paytidayoq shaharsozlarning tanqidiga uchragan. Poytaxtning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga aloqador ekani aytiladigan kompaniya bir necha bor to‘g‘ridan to‘g‘ri (tendersiz) davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgan.

Ma’lumot uchun, 2018 yil 26 apreldan Toshkent shahriga hokimlik qilib kelgan Jahongir Ortiqxo‘jayev anomal sovuq tufayli Toshkent shahrida yuz bergan energo inqirozning asosiy sababchilaridan biri deb ko‘rildi va 2023 yil 16 yanvar kuni ishdan olindi.

Hokimlik mahalliy davlat boshqaruv organi hisoblanadi. Konstitutsiya va “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq faoliyat yuritadigan hokimlikning turli-tuman korxonalarga egalik qilishi sohalarda manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsion holatlarning yuzaga kelish xavfini oshirishi mumkin.

Mavzuga oid