O‘zbekiston | 15:37 / 04.07.2023
28967
4 daqiqa o‘qiladi

«Kompromatuzb ishi» hujjatlari sud muhokamasiga yuborildi

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 4 nafar ayblanuvchi, shuningdek 19 nafar jabrlanuvchi va 10 nafar fuqaroviy da’vogar mavjud. Jinoyat oqibatida jabrlanuvchilarga 5,1 mlrd so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.

Foto: FB/Abdurakhmon Tashanov

Telegram’dagi Kompromatuzb kanali orqali qilingan tovlamachilik jinoyatlariga oid sud ishi keyingi haftada jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tumani sudida ko‘rila boshlaydi. Bu haqda dastlab Inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov xabar berdi.

«Bosh prokuratura tomonidan tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra, 4 nafar shaxs – Human.uz sayti asoschisi va muharriri Xurshid Daliyev, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat munosabatlari va bandlik vazirligi matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva, «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot kotibi Siyovush Hoshimov va fuqaro Ahmadullo Ahmadjonov O‘zbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi 3-qismi (tovlamachilik) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan ayblanishmoqda», – deb yozdi u Facebook sahifasida.

Hozircha sud kuni belgilanmagan. Qoidaga ko‘ra, mahkamaga raislik qiluvchi sudya kompyuter dasturi bo‘yicha tasodifiy tanlanadi. Sud muhokamalarining ochiq yoki yopiq o‘tkazilishiga oid ma’lumot mavjud emas.

«O‘zbekiston Respublikasi DXX Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilgan tergov harakatlari davrida jinoyat ishining boshqa ishtirokchilariga oid qismi O‘zbekiston Respublikasi JPK talablari asosida alohida ish yurituviga olingan», – deya qo‘shimcha qilgan huquq faoli.

Ko‘p o‘tmay mazkur ish haqida Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ham rasmiy axborot e’lon qildi.

«Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi, 165-moddasi 3-qismi «a» bandi, 25,165-moddasi 3-qismi «a» bandi, 184-moddasi 3-qismi va 243-moddasi bilan ayblangan X.D. (1984 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan), Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi, 165-moddasi 3-qismi «a» bandi, 25,165-moddasi 3-qismi «a» bandi va 243-moddasi bilan ayblangan S.X. (1983 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan), Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi, 165-moddasi 3-qismi «a» bandi va 25,165-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan ayblangan A.A. (2004 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan) hamda Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «a», «b», «v» bandlari bilan ayblangan M. M. (ayol, 1973 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan)ga oid jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining ish yurituviga kelib tushgan bo‘lib, ayni paytda ushbu jinoyat ishi E-XSUD elektron axborot tizimi orqali sudyalar o‘rtasida taqsimlanish jarayonidadir», – deb yozdi Obidov.

Sud vakilining yozishicha, tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra mazkur jinoyat ishi bo‘yicha jami 19 nafar jabrlanuvchi va 10 nafar fuqaroviy da’vogar mavjud bo‘lib, jinoyat oqibatida ularga jami 5 mlrd 138 mln so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.

  • Eslatib o‘tamiz, shu yilning 27 yanvar kuni Human.uz sayti direktori Xurshid Daliyev Telegram'dagi Kompromatuzb va boshqa kanallar orqali qilingan tovlamachilik jinoyatlariga aloqadorlikda gumonlanib, nashr ofisidan olib ketilgandi.
  • Keyinchalik Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining sobiq matbuot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayeva va «O‘zbekneftgaz» matbuot kotibi Siyovush Hoshimov ham ushbu ish doirasida hibsga olingani ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid