O‘zbekiston | 14:36 / 04.07.2023
12361
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent propiskasi haqidagi qonunni bekor qilish loyihasi parlamentga hali kiritilmagan

8 may kuni imzolangan, yangi konstitutsiyani hayotga tatbiq qilish haqidagi prezident farmoniga asosan, Vazirlar Mahkamasi Toshkent propiskasi haqidagi qonunni bekor qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini 2 oy ichida parlamentga kiritishi kerak edi. Kun.uz bu loyiha haligacha Qonunchilik palatasiga kiritilmaganiga e’tibor qaratdi.

Foto: Kun.uz

“Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi qonunni bekor qilish haqidagi qonun loyihasini O‘zbekiston hukumati hamon Qonunchilik palatasiga kiritmagan.

Yangilangan konstitutsiyani amalga tatbiq qilish choralariga oid 8 maydagi prezident farmoniga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi bu boradagi qonun loyihasini 2 oy muddat ichida parlamentga kiritishi kerak edi.

Kun.uz so‘roviga javoban Qonunchilik palatasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, palataga mazkur loyiha kelib tushmagan.

Farmonda belgilangan vazifa ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanishi uchun hukumat shu hafta oxirigacha tegishli qonun loyihasini taqdim etishi lozim.

8 mayda imzolangan farmonda, shuningdek, fuqarolarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda xabardor qilish tartibini joriy etish ham belgilangan. Bu boradagi yangi mexanizmlarni nazarda tutuvchi prezident farmoni loyihasini tayyorlash uchun Ichki ishlar vazirligiga 1 oy muddat berilgan edi.

Vazirlik matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov, bu haqdagi so‘rovimizga javoban, tegishli komissiya tomonidan ish olib borilayotganidan xabardor ekanini bildirdi va agar aniq axborot kerak bo‘lsa, tahririyat rasmiy xat bilan murojaat qilishi kerakligini aytdi. Kun.uz vazirlikka xat tarzida ham so‘rov yuboradi va byurokratiyani qisqartiradigan bu o‘zgarishning amalga oshirilish jarayonini kuzatib boradi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent propiskasi haqidagi qonunga asosan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida faqat 12 toifadagi shaxslar doimiy propisaga qo‘yilishi belgilangan.

Bu esa konstitutsiyaning 32-moddasida belgilangan fuqarolarning mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqi to‘liq ro‘yobga chiqarilishiga to‘sqinlik qiladi.

Mavzuga oid