Jahon | 18:15 / 13.07.2023
23545
16 daqiqa o‘qiladi

NATOga qabul qilinmayotgan Ukraina: g‘arb Rossiya bilan to‘qnashuvdan cho‘chiyaptimi?

Zelenskiy va Stoltenberg Vilnyusdagi NATO Sammitida. 2023 yilning 12 iyuli.
Foto: Ins Kalnins / Reuters / Scanpix / LETA

Vilnyusda o‘tgan NATO sammitining asosiy yakuni Ukrainaning alyansga rasmiy taklif olmagani bo‘ldi. Zelenskiy ittifoqchilarni qo‘rqoq, deya tanqid ostiga oldi, biroq NATO a’zolari o‘zinikini ma’qullashda davom etdi.

Xo‘sh, g‘arbdagilar nimadan cho‘chishmoqda? Nega Ukrainani hoziroq NATOga qabul qilish, yoki bu qachon ro‘y berishini aniq aytish mumkin emas?

«Meduza» nashri Rossiya va NATO munosabatlarini chuqur o‘rgangan siyosatshunos, Nyu-Yorkdagi Barnard kolleji va Kolumbiya universitetining Harriman institutining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Yevrosiyo tadqiqotlari bo‘yicha professori Kimberli Marten bilan suhbatlashdi.

— NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Ukrainaning «a’zo bo‘lish jarayoni soddalashtirilishi»ni aytdi, biroq alyans a’zolari hozircha uni taklif etishga tayyor emas. Volodimir Zelenskiy esa NATOga a’zo bo‘lishning muayyan muddatlarini qo‘lga kirish niyatida. Uning bu umidlari nechog‘lik asosli?

— Ukraina rahbariyatidan bunday istaklarni eshitayotganimiz ajablanarli emas, deb o‘ylayman. Ular NATOga tezroq a’zo bo‘lishni istashadi. Lekin hozirning o‘zida ularni taklif qilish juda qiyin ish.

Biz urush tugagach Ukrainadagi ichki siyosat va iqtisodiy holat qanday bo‘lishini hozirdan aniq ayta olmaymiz. Hozir aniq e’tirof etishimiz mumkin bo‘lgan narsalar — Ukrainda nihoyatda jasur ekani va g‘arb davlatlariga yaxshi sherik ekanini isbotlash uchun ko‘p narsalarni amalga oshirgani.

Zelenskiy bu harakatga yetakchilik qildi, lekin Ukrainadagi bo‘lg‘usi saylovlarda Zelenskiy o‘rniga yangi prezident kelsa nima bo‘lishini bilmaymiz. Biz urush yakunlariga ko‘ra Ukraina ancha hududlaridan ayrilib qolsa nimalar bo‘lishini, radikal qarashdagi siyosiy harakatlar o‘sishi nuqtayi nazaridan, bu kelgusida nimani anglatishini ham bila olmaymiz.

Gap hozir Ukrainaning a’zoligiga Rossiya qanday reaksiya qilishi haqida ham emas, Ukrainaning kelajagi qanday bo‘lishiga NATOning ham ishonchi komil emasligi, qo‘shimcha axborotlarga muhtojligi haqida ketmoqda. Agar siz kimnidir alyansga qabul qilsangiz, endi uni chiqarib yubora olmaysiz. Shimoliy Atlantika alyansi bu boradagi qiyinchiliklarni boshidan kechirgan, Turkiya, qandaydir ma’noda Vengriya va Polsha misolida.

— Lekin ayrim davlatlar Ukraina rasmiy taklif olsa Rossiyaning reaksiyasidan cho‘chiyotgandek ko‘rinmoqda.

— Putinning faraziy reaksiyasi Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi uchun to‘siq bo‘la oladi, deb o‘ylamayman. Birinchidan, Putin 2022 yil fevralida Ukrainani de-fakto NATO a’zosi deb hisoblashini aytgan edi. Garchi o‘sha paytda Ukrainaga g‘arb qurol-yarog‘lari hozirgidek sur’atda yetkazib berilmayotgan bo‘lsa ham. O‘shandan buyon Ukrainaning g‘arb davlatlari, juimladan, NATO a’zolari bilan aloqalari qanchalik mustahkamlanganini kuzatib turibmiz. Fikrimcha, Putin uchun Ukraina de-fakto NATO a’zosi ekanligi bilan uning NATOga rasman taklif olganining o‘rtasida juz’iy farq yo‘q.

Ikkinchidan, Putin Ukrainaga shu paytgacha qo‘l urganidan ortiq eskalatsiya uyushtira olmaydi. U mojaroni o‘zi muntazam tahdid qilgan kimyoviy yoki yadroviy qurolni ishga solib, yanada kengroq miqyosdagi eskalatsiyaga aytantirmaslikka qaror qilgan — bu uning manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi bu qarorni o‘zgartiradi, deb o‘ylamayman.

Boz ustiga, o‘tgan oy ichida Putinda Prigojinning isyoni ko‘rinishida jiddiy ichki muammo paydo bo‘ldi. Putin ojiz ahvolga tushib qoldi. Isyonga reaksiya hanuz noaniq: biz Putin Prigojin bilan aniq uchrashgani, o‘lar o‘rtasida qandaydir kelishuv bo‘lgani, umuman, Prigojin hozir qayoqdaligini aniq bilmaymiz. Lekin g‘arb yetakchilarida Putin kutilmaganda qaynab ketishi, uning g‘azablanishi uchun vaj qoldirmaslik kerak, degan fikr bor. Ayniqsa Zaporijjya AES hamon Rossiya qo‘shinlari tomonidan egallab turilganida.

— NATO aynan hozir Ukrainaga qanday kafolatlar taqdim etishi mumkin?

— NATO alyans sifatida nima berishi va Ukraina alohida a’zo-davlatlar bilan qanday bitimlar tuza olishi o‘rtasida muhim farq bor. Menimcha, hozir biz NATO Ukrainaning bo‘lg‘usi a’zoligi to‘g‘risida hech qanday rasmiy bayonot berishni istamayotgan nuqtada turibmiz, shu sababli ikkitomonlama kelishuvlarni kuzatib turgan ma’qul. Eng kamida, gap Ukrainaga qurol-yarog‘lar yetkazilishda davom etishi, ukrainalik askarlarni ulardan foydalanishga o‘qitilishi kafolatlari haqida bormoqda.

Bu ikkitomonlama kelishuvlarni AQShda o‘tadigan navbatdagi prezidentlik saylovlari oldidan formallashtirish ma’noga ega. Bu munosabatlarni AQSh vakillar palatasi va senatidagi Respublikachilar partiyasi yetakchilari bilan ham muhokama qilinsa to‘g‘ri bo‘lar edi. Ko‘pchilik sobiq prezident Donald Trampning respublikachilardan nomzod bo‘lishiga yaxshigina imkoniyatlari bor, deb hisoblamoqda. Agar shunday bo‘lib chiqsa, 2025 yildan boshlab AQShning Ukrainaga nisbatan pozitsiyasi qanday bo‘lishini oldindan aytish juda qiyin. 

— Ya’ni AQSh va boshqa davlatlardagi bo‘lajak saylovlar tufayli Ukraina uchun frontdagi imkoniyatlar «joriy yil so‘ngiga qadar u yoki bu qadar yopilishi»ni aytgan Chexiya prezidenti Petr Pavel haq bo‘lib chiqishi mumkinmi?

— Faqat AQSh haqida gapiraman. AQShdagi Respublikachilar partiyasidagi meynstrim vakillarda hamon Ukrainaga yordam berish istagi bor. Men biror marta bu yordamni to‘xtatishga jiddiy urinishni ko‘rganim yo‘q. Demokratlar uchun esa saylov siklida budjet pullari bekorga sarflanmayotganini namoyon etish muhim bo‘lib bormoqda. Hozirgacha Ukraina AQSh bergan mablag‘larni ehtiyot qilib ishlatayotgani, yetkazilgan qurol-yarog‘lardan kelishilgan shartlar doirasida foydalanib kelayotganini namoyon etgan. 

Boshqa muammo bor — u muddatlar bilan bog‘liq. Biz yaqin oylar ichida Rossiya rejimi bilan nimalar ro‘y berishini bilmaymiz. Fikrimcha, Rossiya siyosiy elitasi Putinning nufuzidan jiddiy tarzda shubhalana boshlagan va bu zaiflikdan kimdir foydalanib qolishi mumkin. Men Rossiyada yangi harbiy davlat to‘ntarishi bo‘ladi, deb bashorat qilmoqchi emasman, biroq Rossiyada beqarorlik ro‘y bersa mamlakat urushni davom ettira olishi shubha ostida qoladi.

Avtoritar rejimlar bo‘yicha mutaxassislar Andrea Kendall-Teylor va Erika Frantsning Rossiyaning demokratik kelajak yo‘lida duch kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarga bag‘ishlangan maqolasidan iqtibos keltiradigan bo‘lsam: kimdir uzoq vaqt avtoritar yetakchi bo‘lib qolsa va urush ochsa, uning o‘rniga yangi yetakchi kelsa ham urush davom etish tendensiyasiga ega.

Yangi avtoritar yetakchi Putin qurgan tizimning bazaviy prinsiplarini o‘zgartirishi kam ehtimolli. Zo‘rlov yo‘li bilan safarbar qilingan insonlarning ma’naviy ruhiyati bilan nima bo‘lyapti, degan savollar ham bor. Frontning old chizig‘idagi rossiyalik askarlar nimalarni his qilmoqda? Ayniqsa, Putin ochiq e’lon qilgan urushning sabablarini Prigojin ochiqchasiga shubha ostiga keltirib qo‘ygan hozirgi kunlarda.

Agar Rossiya hamma narsa Putin nazoratida bo‘lgan monolit avtoritar davlatligicha qolaversa, Ukraina o‘zi istagan narsalarning barchasiga erishishi juda qiyin bo‘lardi. Shunchaki, Rossiya iqtisodiy jihatdan kuchliligi, Putin esa g‘alabani o‘z boshqaruvining asosiy natijasi sifatida ko‘rsatishga qat’iyati kuchli ekanligi tufayli. Lekin hech qanday monolit yo‘qligi, rejim darz ketayotganini ko‘rib turibmiz, bu esa alal-oqibatda vaziyatni Ukraina foydasiga o‘zgartirishi mumkin.

— Agar Putin kuchsizlangan va NATO qarorlariga tezkor reaksiya qilishga tayyor bo‘lmasa, nega Ukrainani alyansga hoziroq qabul qilishmayapti? Gap faqat noaniqlikdami? Biz Finlandiya va Shvetsiya soddalashtirilgan jarayon orqali tezda a’zo qilinganini ko‘rdik. 

— Agar Ukraina zudlik bilan a’zo mamlakatga aylansa, NATO uni himoya qilishga majbur bo‘ladi. Bu esa Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvni anglatadi. Aynan shuning uchun biz Ukraina rahbariyati oshig‘ich ravishda a’zolik talabi qo‘yganini ko‘rmadik. Ularga shunchaki alyansga kelgusida, muayyan muddatlarda a’zo bo‘lish bo‘yicha rasmiy va’da kerak. 

Finlandiya va Shvetsiya bilan bog‘liq holatda NATO beso‘naqay a’zolik bo‘yicha harakatlar rejasidan voz kechdi. Bu Ukrainadan ham talab etilmaydi. Gap shundaki, a’zolik bo‘yicha harakatlar rejasi a’zo bo‘luvchi mamlakatdagi iqtisodiy barqarorlik, korrupsiya darajasi past bo‘lishi va erkin demokratiya saqlanishing kafolati bo‘lmay qoldi. Sobiq Varshava shartnomasiga a’zo davlatlarda bunga erishish uchun ko‘p sa’y-harakat qilindi, lekin Vengriya va Polshada NATO o‘zi uchun muhim bo‘lgan ayrim prinsiplardan voz kechishga majbur bo‘ldi. Endi alyansdagilar potensial a’zolar ichki siyosatda o‘zlarini qanday tutishlarini monitoring qilishning boshqa usullari bor, degan qarorga kelishgani ehtimoli bor.

Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi uchun Zelenskiy o‘rniga Ukrainaning sobiq prezidentlariga o‘xshash prezident kelib qolish xavfi jiddiy to‘siq bo‘lishi mumkin. Yangi prezidentning G‘arb va Rossiya bilan munosabatlar o‘rnatishda mutlaqo teskari qarashlari bo‘lishi mumkin. Lekin hozir buni tasavvur etish qiyin. Biroq, Zelenskiy o‘rniga rossiyaparast prezident kelishi o‘rniga, kelgusida ultrao‘ng yetakchi uning kursisini egallab, ravanshistik g‘oyalarni translatsiya qilish ehtimoli yuqori — ayniqsa, Ukraina 1991 yilgi chegaralarga chiqish maqsadiga erisha olmasa. Yodda tutishimiz kerak, NATOga a’zo bo‘lgan davlatni alyansdan quvib bo‘lmaydi.

Germaniya va AQSh Ukrainaga kelgusida alyansga a’zolikni kafolatlamayotganining sabablaridan biri Zelenskiy umrbod prezidentlik postida qola olmasligidir. Ular Ukraina kelgusida ham NATOni Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaroga itarmaydigan hozirgidek ishonchli hamkor bo‘lib qolishiga ishonch hosil qilishlari kerak.

Yana shuni yodda tutish kerakki, agar NATO Ukrainaning a’zoligini urush tugashiga bog‘laydigan bo‘lsa, bu Putinga urushni hech qachon tugatmaslikka kart-blansh beradi. Shunda urush qachon tugaydi, qachon tinchlikka erishiladi, bu tinchlik nechog‘lik barqaror bo‘ladi, degan savollar tug‘iladi. Fikrimcha, ko‘pchilik Ukraina o‘z maksimal maqsadlariga erisha olmasligidan xavotirda, AQSh va Germaniya esa keyin nima bo‘lishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqchi.

Lekin kimdir Ukrainaning kelgusida alyansga a’zo bo‘lishi uchun veto qo‘yishi haqida ochiqcha aytadi, deb o‘ylamayman. Menimcha hamma masala muhokama uchun ochiq ekanligiga rozi. NATOda qarorlar ko‘pchilik ovoz emas, yagona to‘xtam asosida qabul qilinadi. Agar kimdir kelgusida Ukrainaning a’zoligiga to‘sqinlik qilishga qaror qilsa, diplomatiya ishga tushishi kerak bo‘ladi.

— Biror mamlakat harbiy mojaro chog‘ida NATO a’zosi bo‘lishga uringan holatlar bo‘lganmi?

— Yo‘q. Lekin NATOga a’zo ikki davlat ikkitomonlama mojaroga tortilgan holat bo‘lgan. 1974 yilda Turkiya qo‘shinlari Shimoliy Kiprga kirgan va Gretsiya bilan qurolli to‘qnashuv holatiga kelib qolgan. Ya’ni NATOning ikki davlati jangovar harakatlar olib borgan, biroq alyans bu holda hech narsa qila olmagan. 

Varshava shartnomasi davlatlarida ro‘y bergan voqealarni ham eslash mumkin: ulardan o‘z hududlaridagi etnik mojarolar tartibga solingan bo‘lishi, mamlakat kelib chiqishi turlicha bo‘lgan insonlarni diskriminatsiya qilish siyosatini olib bormaslik kafolati olingan.

— Gap kelganida, Turkiya haqida. Anqara Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zoligi va sanksiyalarni yechish boshlansa, Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Biroq, oradan bir sutka ham o‘tmasdan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Shvetsiyaning arizasini qo‘llashini e’lon qildi. U nima uchun fikrini o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin?

— Bu taxminlarga yo‘g‘rilgan savol. Fikrimcha, Bayden administratsiyasi uzoq vaqtlardan buyon muhokama qilib kelinayotgan, Turkiyaga F-16 qiruvchi uchoqlarini sotish bo‘yicha bitimni tezlashtirish uchun barcha vositalarni ishga solishni, bu mavzuni Kongress bilan muhokama qilishni zudtar boshlashini to‘g‘ridan to‘g‘ri aytgan. Baydenning pozitsiyasi prinsipial tarzda o‘zgarmagan, lekin u bu masalada AQSh tezroq harakat qilishini tushuntirib qo‘ygan.

Ehtimol, Turkiya uchun u hamon YeIga a’zo bo‘lishga oshufta ekanini bildirib qo‘yish muhim bo‘lgandir. Chunki Erdo‘g‘anning maqsadlari shu paytgacha biroz tushunarsiz bo‘lib kelgan: u panturkizm siyosati haqida ko‘p gapirardi, endi esa ohangi o‘zgardi. Turkiyada o‘tgan saylovlardan so‘ng Erdo‘g‘anning NATOga nisbatan o‘zini nokonstruktiv tutishi uchun ichki siyosiy sabablari qolmadi. Bundan tashqari, Putin o‘z ojizligini namoyish qildi va Erdo‘g‘an Turkiya siyosati va iqtisodiyoti manfaatlari uchun Rossiyadan uzoqlashib, o‘zining Yevropaga mansubligini bildirib qo‘yish kerak, degan qarorga kelgan bo‘lishi ham mumkin.

— Turli ssenariylarda Rossiyaning sammit yakunlariga reaksiyasi qanday bo‘lishi mumkin?

— Putin o‘z manfaatlarini ilgari surish uchun yana qanday harakatlarni qo‘llashi mumkinligi ravshan emas. Unda allaqachon tinch ukrainaliklarni bombalash tajribasi bor. Bu borada nimadir o‘zgaradi, deb o‘ylamayman. Kaxovka GESi to‘g‘oni buzib yuborildi — ehtimol, bu urushdagi eng dahshatli harakat bo‘lishi mumkin. Amalga oshirish mumkin bo‘lgan bundan-da tahdidli harakat Zaporijjya AESini portlatib yuborish bo‘lardi. Lekin u bunga jazm qilsa, uning qarori NATO sammiti yakunlariga bog‘liq bo‘lardi, deb hisoblamayman.

Sammitga javoban ko‘p ohanglar, gap-so‘zlar, mediada shovqin bo‘ladi. Biroq Rossiya o‘zi qilayotgan ishni davom ettiraveradi. U mojaroning global ko‘rinish olishidek ulkan risk ostiga tushib qolmaslik uchun, frontda ko‘p narsa amalga oshira olmaydi. 

Mavzuga oid