AQSh Ukrainaga kassetali o‘q-dorilar berdi. Bu nimasi bilan xavfli?
AQSh prezidenti Jo Bayden uzoq ikkilanishdan keyin Ukrainaga kassetali o‘q-dorilar yuborilishiga rozilik berdi. «Bu juda og‘ir qaror bo‘ldi, ammo ukrainaliklarning snaryadi tugamoqda», dedi Bayden. Ular tinch aholi uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Bu faktni Oq uyda ham rad etishmayapti.
AQSh mudofaa vazirligi rasmiysi, Birlashgan shtabning operatsiyalar bo‘yicha direktori, general-leytenant Duglas Sims 13 iyul kuni Vashington Ukrainaga kassetali o‘q-dorilarni yetkazib berganini ma’lum qildi.
Ukraina QK «Tavriya» guruhi qo‘mondoni Oleksandr Tarnavskiy ham shu kuni CNN nashriga bergan izohida ukrain qo‘shinlari o‘q-dorilarni qabul qilib olganini tasdiqladi, ammo ulardan hali foydalanilmaganini aytdi.
«Biz ularni endigina qo‘lga kiritdik, biz ularni hali jangda qo‘llamadik, ammo ular jang maydonidagi vaziyatni keskin o‘zgartirishi mumkin. <…> Raqib ham biz bu o‘q-dorilarni qo‘lga kiritish orqali ustunlikka ega bo‘lishimizni tushunmoqda. Raqib bu o‘q-dorilar qo‘llanishi mumkin bo‘lgan pozitsiyalardan chekinmoqda», — degan u.
«Juda qiyin qaror bo‘ldi»
AQSh Ukrainaga kassetali o‘q-dorilar yuborishga rozi bo‘lgani haqida oldinroq qator nashrlar yozgandi. Baydenning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivanning so‘zlariga ko‘ra, qaror qabul qilish oson bo‘lmagan, ammo hamma bir ovozdan bu eng to‘g‘ri yo‘l degan to‘xtamga kelgan. Baydenning barcha maslahatchilari bir ovozdan Ukrainaga bunday o‘q-dorilar yuborilishi kerakligini maslahat bergan. Amerikaliklar Ukrainani to‘liq artilleriya snaryadlari bilan ta’minlash imkonsizligi sababli ham shunday qarorga kelgan.
«Kassetali o‘q-dorilar portlamay qoladigan snaryadlar sabab tinch aholi uchun xavf tug‘dirishi mumkinligini tushunib turibmiz. Aynan shu sabab biz bu qarorni imkon qadar kechiktirib kelayotgandik.
Ammo bir narsani unutmaslik kerak, Rossiya Ukraina pozitsiyalarini yorib o‘tib, yanada ko‘proq hududlarni bosib olishi ham ukrain xalqi uchun xatar hisoblanadi. Bu narsalar artilleriya snaryadlari yetishmovchiligi sabab yuzaga kelishiga esa yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», degan Sallivan.
AFP nashrining yozishicha, AQSh Ukrainaga bunday snaryadlarni o‘z armiyasi zaxiralaridan olib yuboradi. Ukraina tomoni Rossiya 2022 yil dekabr oyidan buyon jang maydonida kassetali o‘q-dorilardan foydalanayotgani sabab AQShdan xuddi shunday snaryadlarni yuborishni so‘rab keladi.
Avvaliga Bayden administratsiyasi bunday snaryadlarni Ukrainaga yuborishni keskin rad etgan, bunga sabab sifatida ulardan foydalanish xalqaro konvensiya bilan taqiqlanganini keltirgandi. Ammo bunday konvensiyani Rossiya ham, AQSh ham imzolamagan. AQSh boshqa ittifoqchilari Fransiya, Britaniya va Germaniya kassetali o‘q-dorilarni taqiqlovchi konvensiyani imzolagani sabab ularni Ukrainaga yuborishga ikkilanib turgandi.
«Bu men tomonimdan qabul qilingan juda qiyin qaror bo‘ldi. Aytgancha, masalani ittifoqchilar bilan ham muhokama qildik. Ukrainlarning o‘q-dorilari tugamoqda, buni ham unutmaslik kerak», dedi Bayden bu borada.
New York Times nashrining yozishicha, Kongressdagi demokratlar Ukrainaga kassetali o‘q-dorilar yuborilishini qoralagan. Ularning fikricha, bunday snaryadlar ayniqsa bolalar uchun xavfli hisoblanadi. Bir necha demokrat yerdan turib yerdagi nishonga otiladigan snaryadlar janglar tugagach ham portlab, tinch aholiga zarar yetkazishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Bu qanday snaryad o‘zi?
Kassetali o‘q-dori bu – artilleriya snaryadi va aviabomba bo‘lib, uning ichida bir nechta kichik o‘q-dorilar bo‘ladi. Ularning bir qismi otilgan vaqtda portlamay qoladi va jang tugaganidan keyin, hatto bir necha yildan keyin ham portlashi mumkin. Jyeyk Sallivanning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Ukrainaga yuborayotgan kassetali o‘q-dorilar ichidagi 2,5 foiz kichik o‘q-dorilar portlamaydi xolos. Taqqoslash uchun, Rossiyaning xuddi shunday turdagi snaryadlarida 40 foizgacha kichik snaryadlar otilgan vaqtda portlamaydi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQShga yangi harbiy paket uchun minnatdorlik bildirdi.
«AQSh juda kerakli harbiy yordamni o‘z vaqtida yubormoqda. Ukrainani dushman ustidan, demokratiyani diktatura ustidan g‘alabaga yaqinlashtiradigan qat’iyatli qadam uchun AQSh xalqi va prezident Baydendan minnatdorman. Ukraina harbiy salohiyatining oshirilishi yerlarimizni qaytarib olishga yordam berib, bizni tinchlikka yaqinlashtiradi», dedi Ukraina yetakchisi NATO sammiti yakunida.
AQSh Ukrainaga kassetali o‘q-dorilar yuborishi ma’lum bo‘lgach, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova o‘z Telegram-kanalida Oq uy sobiq matbuot kotibi Jyen Psakining 2022 yil 28 fevralda yozib olingan videosini e’lon qildi. Videoda Psaki «Kassetali o‘q-dorilardan foydalanish – harbiy jinoyat» deb aytgan.
Aslida o‘sha video kesib olingan brifingda Psaki ehtiyotkorlik bilan gapirgan va kassetali o‘q-dorilar tinch aholiga qarshi ishlatilgani tasdiqlansa, bu shubhasiz harbiy jinoyat bo‘lishi, AQSh bu borada o‘z bahosini berishda xalqaro jamoatchilik fikriga asoslanishini aytgan. Zaxarova e’lon qilgan videodagi Psakiga berilgan savolda ham kassetali o‘q-dorilardan bosqinning ilk kunlarida aynan Rossiya foydalanayotgani haqida munosabat so‘ralgandi. Bayden administratsiyasi ham bu faktga bir necha bor e’tibor qaratdi.
Rossiyaning AQShdagi elchisi Anatoliy Antonovning aytishicha, bunday snaryadlar Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan «maxsus harbiy amaliyoti»ni (Rossiyada urushni shunday atashadi) to‘xtata olmaydi. «Vashingtonning Kiyevga falokatli qurol berishdagi shafqatsizligi va bezbetligi hayratlanarli. Bayden administratsiyasi ekspertlar, huquq himoyachilari va qonunchilarning bunday harakatning gumanizmga qarshiligi haqida chiqishlariga mutlaqo befarq bo‘ldi. Endi aynan AQSh sabab uzoq yillar tinch aholi vakillari subsnaryadlar portab ketishi ehtimoli ko‘rinishidagi xatar bilan yashashga majbur», dedi Rossiya elchisi.
Kassetali o‘q-dorilarni ishlatish va ularni saqlash to‘g‘risida 2008 yilda tuzilgan konvensiya 123 ta davlat, xususan, NATOning aksar davlatlari tomonidan qabul qilingan. AQSh, Rossiya va Ukraina bu kelishuvga qo‘shilishni rad etgan, ammo AQShda o‘sha yilning o‘zida 1 foizdan ko‘proq qismi portlamay qoladigan kassetali o‘q-dorilarni ishlab chiqarish, foydalanish va yuborishni taqiqlovchi qonun qabul qilinadi.
Hal qiluvchi omil
Washington Post'ning yozishicha, bunday snaryadlarning «portlamaslik chastotasi», ya’ni katta snaryad ichidagi kichik subsnaryadlar portlamay qolish foizi uning asosiy faktori hisoblanadi. Pentagon tomonidan 20 yil avval e’lon qilingan hujjatlarda bunday snaryadlarning «portlamaslik chastotasi» 6 foizni tashkil etishi aytiladi. Ya’ni katta o‘q-dori ichidagi 72 ta kichik o‘q-doridan 4 tasi 4 ta futbol maydoniga teng maydonga sochilib ketib, portlamaydi.
Juma kuni Pentagonda Ukraina navbatdagi harbiy yordam paketi doirasida qo‘shimcha artilleriya tizimlari va o‘q-dorilar, xususan «qo‘shnishonli mukammallashtirilgan o‘q-dorilar» ham yuborilishi e’lon qilindi. AQShda kassetali snaryadlarni shunday atashadi. Amerikalik genaral Pet Rayderning aytishicha, bunday snaryadlarni zirhli texnikalarni yorib o‘tuvchi o‘qlar yoki parchalanuvchi o‘q-dorilar bilan to‘ldirish mumkin. Ular hujum qilayotgan tomon uchun samarali hisoblanadi va asosiy vazifasi dushman tomonning ko‘proq askarlarini o‘ldirishdan iborat.
Washington Post bilan suhbatlashgan harbiy ekspertlarning fikricha, bayonotlarda bunday snaryadlar «portlamaslik chastotasi» juda past ekani aytilayotgani ular noreal sharoitda sinovdan o‘tkazilgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Jang maydonida esa ularning qanchasi portlamay qolishi aniq emas. WP nashriga ko‘ra, amerikalik artilleriyachilar bunday o‘q-dorilarning qanchasi portlamasligi u ishlatilgan hudud va snaryad tushish burchagiga ham bog‘liqligini aytgan.
«Qanday harakatlanishi noma’lum rasvo qurol»
BBC’ning xavfsizlik masalasidagi muxbiri Frenk Gardnerning aytishicha, kassetali o‘q-dorilarni yuborish Vashingtonning urushdagi ruhiy ustunligiga salbiy ta’sir qiladi. Urush boshidan buyon Rossiyani ko‘plab harbiy jinoyatlarda ayblab kelishmoqda. Xususan, jang maydonida kassetali snaryadlardan foydalanishda. Bu qarordan keyin esa AQShni ikkiyuzlamachilikda ayblashlari mumkin.
Gardnerning fikricha, kassetali o‘q-dorilar qanday harakatlanishi noma’lum bo‘lgan rasvo qurol hisoblanadi. Shu sabab undan foydalanish dunyoning ko‘plab mamlakatlarida taqiqlangan. Bu qarori sabab AQSh va ittifoqchilari o‘rtasida tushunmovchilik kelib chiqishi mumkin. NATO ichidagi har qanday parchalanish esa Putin xohlaydigan narsa hisoblanadi.
Ukriananing va’dalari
Ukraina hukumati kassetali o‘q-dorilardan maksimal darajada ehtiyotkorlik bilan foydalanishini aytib keladi.
«Rossiya bizdan 3-4 baravar ko‘p artilleriya snaryadi ishlatmoqda. Kassetali snaryadlar samaraliroq, ular oradagi katta farqni bildirmaslikka xizmat qiladi. Rossiya bizga qarshi bunday o‘q-dorilardan foydalanayotgan ekan, biz ham ulardan foydalanishga to‘liq haqlimiz», deb Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikovning so‘zlarini keltirgan Washington Post.
Reznikov Ukraina bu snaryadlarni shaharlar ozod qilinganidan keyin tinch aholiga zarar yetkazmasligi uchun faqat ochiq maydonlardagi janglarda foydalanishini aytmoqda. Ukrainalik deputat Aleksandr Ustinov Ukraina jang maydonlarini baribir minalardan tozalashi, shunday ekan, Vashington kassetali snaryadlarni ham berishi kerakligini aytgandi.
Xalqaro huquq tashkilotlari qarshi
Urush boshidan buyon xalqaro huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar Rossiyani kassetali o‘q-dorilardan doimiy tarzda, xususan, odamlar yashaydigan rayonlarda ham foydalanishda ayblab keladi. Ba’zi huquq tashkilotlari Ukrainani ham urush davomida kassetali snaryadlardan foydalanishda ayblagan. Gap sovet davridan qolgan eski snaryadlar haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra Ukrainaga Turkiyadan bunday turdagi yangi snaryadlar yuborilgan bo‘lishi ham mumkin.
O‘tgan haftada Human Righs Watch ukrainalik tinch aholi vakillari asosan Rossiya, shuningdek, Ukraina tomoni foydalangan kassetali o‘q-dorilardan zarar ko‘rayotgani haqida yangi hisobot e’lon qildi. Unda Rossiya va Ukraina kassetali o‘q-dorilardan foydalanmaslikka, AQSh esa ularni Ukrainaga yubormaslikka chaqirilgan. Ukraina prezident devoni vakili Mixaylo Podolyak bu hisobotni tanqid qildi.
Ittifoqchilar ham qarshi
AQSh tomonidan Ukrainaga kassetali o‘q-dorilar yetkazib berilishi shu vaqtgacha kam kuzatiladigan holatga sabab bo‘ldi – AQSh va ittifoqchilarining fikri bir joydan chiqmay qoldi. Litvadagi NATO sammiti oldidan Britaniya, Kanada, Yangi Zelandiya va Ispaniya bunday qurol Ukrianaga yuborilishidan xavotirda ekanini bildirdi.
Yangi Zelandiya bosh vaziri Kris Hipkins bunday o‘q-dorini «qayerga harakatlanishi noma’lum» deb atadi va u nafaqat urush vaqtida, balki undan keyin ham tinch aholiga zarar yetkazishi mumkinligini aytdi. Ispaniya mudofaa vaziri Margarita Robles ham mamlakat Ukrainaga bunday qurol yubormaslik kerak deb hisoblashini aytdi. «Ukraina o‘zini himoya qilishi kerak, lekin bunday o‘q-dorilar yordamida emas», dedi Robles xonim.
Kanada tomoni esa portlamay qolgan snaryadlar bir necha yil o‘tib portlashi oqibatida bolalar jabrlanishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Rasmiy Ottava kassetali o‘q-dorilarni taqiqlovchi konvensiyadagi majburiyatlariga jiddiy yondashishini bildirdi.
Germaniya esa o‘zi bunday o‘qdori yubormasa-da, AQShning bu borada pozitsiyasini tushunishini ma’lum qildi. «Amerikalik do‘stlarimiz bunday qarorni mas’uliyatini his qilgan holda qabul qilganiga ishonamiz», deyiladi rasmiy Berlin bayonotida.
Mavzuga oid
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
17:55 / 23.11.2024
WSJ: Ukraina o‘zining ballistik raketasini yaratish ustida ish olib bormoqda
13:12 / 23.11.2024