Bog‘cha va maktabga qabul yoshi o‘zgartirilishi kerakmi? Ekspertlar bilan suhbat
Hozirgi davr bolalari, o‘tgan asrdagi tengdoshlaridan farqli, to‘qchilikda va axborot muhitida ulg‘ayyapti, shunga ko‘ra tezroq sotsiallashyapti. Shunga qaramay, O‘zbekistonda hatto yanvar oyida tug‘ilgan bolalar ham 7 yoshga to‘lmay turib maktabga qabul qilinmayapti. Kun.uz buning sabablari va oqibatlari haqida ta’lim eksperti, psixolog va iqtisodchi bilan suhbat uyushtirdi.
YuNESKOning o‘tgan yilgi o‘rganishlariga ko‘ra, bola tug‘ilganidan to 8 yoshgacha miya rivojlanishining eng gullagan vaqtidan o‘tadi. Ya’ni aynan shu yosh oralig‘ida bolalarning ta’lim olishi uchun bor salohiyati namoyon bo‘ladi. Bu esa ularning keyinchalik ulg‘aygach jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, iqtisodiy, ijtimoiy, fuqarolik hayotida samarali ishtirok etishi uchun zamin bo‘ladi. Demak, bu jarayonda bog‘cha hamda maktabga qaysi yoshda chiqishning ham ahamiyati bor.
O‘zbekiston hukumati 2019 yil may oyida davlat bog‘chalariga qabul qilish yoshini 3 yosh deb belgiladi. Ilgari davlat bog‘chalari bolalarni 2 yoshdan boshlab qabul qilardi.
Oradan bir o‘tib, bu borada maktablarga qabul qilish yoshi ham o‘zgardi. 2020 yilda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritildi va 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar birinchi sinfga 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadigan bo‘ldi.
Maktablarga qabul davom etayotgan ayni kunlarda Kun.uz muxbiri ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov, psixolog Zebiniso Ahmedova va iqtisodchi Otabek Bakirov bilan bog‘cha va maktabga qabul yoshi masalasida suhbatlashdi.
– Bolani bog‘chaga 3 yoshdan, maktabga 7 yoshdan qabul qilinayotganiga munosabatingiz qanday? Aslida ularni necha yoshdan qabul qilish kerak, sizningcha?
Komil Jalilov: Bu borada xalqaro tajribaga qarasak, bunda aniq bir konsensus, ya’ni yosh belgilanmagan. Ko‘p davlatlarda maktab yoshi 5 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan oraliqda olingan. Shunday ekan, shartli ravishda mamlakatlarni 3 ta guruhga bo‘lish mumkin. Ya’ni 5 yoshdan qabul qiladigan, masalan, Buyuk Britaniyada shunday. Lekin ota-ona bola ta’limini bir yilga kechiktirish huquqi ham bor. Bunda oldin maktabga qabul qilish haqidagi arizani yozish, bola ta’lim muassasasiga qabul qilingach, uning ortidan ta’limni kechiktirish haqidagi arizani ham yozishi kerak bo‘ladi. Ammo Buyuk Britaniyada doim ham bu imkoniyatdan foydalanishmaydi, bolalarni asosan 5 yoshdan maktabga beraverishadi. Yana ayrim davlatlarda, misol uchun, Italiyada 6 yoshdan, Finlandiyada 7 yoshdan qabul qilinadi. Ya’ni bolani maktabga qaysi yoshdan berishda yagona bir konsensus mavjud emas. Ammo bolaning ta’lim olishida ko‘p omillar hisobga olinishi kerak. Bolaning rivojlanishi, ruhiyati bilan bir qatorda, iqtisodiy-ijtimoiy omillar ham hisobga olinishi lozim.
Suhbatga tayyorlanish davomida o‘quvchining maktabga [kech] qabul qilinishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi bilan bog‘liq ayrim tadqiqotlarni ko‘rib chiqdim. Masalan, Italiyada o‘tkazilgan tadqiqotda ma’lum bir sondagi o‘quvchilarning 4-sinfining so‘ngida topshiradigan PIRLS va TIMSS hamda PISA imtihoni natijalari, shuningdek, bolalarning yoshi o‘rtasidagi korrelyatsiyasi tahlil qilingan. Va shu bilan shunday xulosaga kelishganki, maktabga biroz kechroq borgan bola yuqoriroq natija ko‘rsatgan. Aniqroq qilib aytsam, ular 6 yoshli bolalarning oy bo‘yicha [bu yerda 7-8 yoshlilar emas, 6 yil-u 1 oylik hamda 6 yil-u 12 oylik bolalar haqida gap ketmoqda] taqsimotini analiz qilishgan. Kanadadagi tadqiqotlarda ham shunga yaqin xulosaga kelingan. Lekin boshqa tadqiqotlarga qaraydigan bo‘lsak, ayrim davlatlarda bunday natija olinmagan. Masalan, Germaniyadagi tadqiqotlarda o‘quvchilarning yoshi maktabda ta’limni o‘zlashtirishiga ta’siri katta emasligi aniqlangan. Shuning uchun bu borada o‘zimizda ham tadqiqotlar olib borish kerak. Chunki yuqorida Italiya va Kanadada olingan natijalar Germaniyanikiga mos kelmayapti. Bunda faqat yosh emas, boshqa omillar ham hisobga olinishi kerak. Hozirgi aytilgan qonun (Ta’lim to‘g‘risidagi qonun)dagi yosh qandaydir ilmiy asoslarga ko‘ra belgilangan deyolmayman.
– Zebiniso opa, psixolog sifatida bolalar necha yoshdan ta’limga jalb etilishi kerak deb hisoblaysiz? Bolalarni bog‘cha va maktabga berayotganda ularning ruhiyatida qanday o‘zgarishlar kuzatiladi? Bu jarayonda nimalar inobatga olinishi kerak?
Zebiniso Ahmedova: “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun yangilanganida juda ko‘p ota-onalar farzandini nima uchun 6 yoshdan bera olmayotgani yuzasidan murojaat qilishgandi. Bolani o‘qishni va yozishni bilishi maktabga tayyor degani emas. Uning ijtimoiy, emotsional, intellektual tayyorgarligining hammasi jamlansagina, bola maktabga tayyor hisoblanadi. Men maktabda o‘qigan vaqtlarda, taxminan 1970 yillarda umuman boshqacha edi, hozir esa bolalar turli ko‘rsatkichlar tufayli ijtimoiy, fiziologik jihatdan erta tayyor bo‘lyapti. Va bolalar bir-ikki yil ijtimoiy nofaol bo‘lib qolyapti. Bolada ertaroq ijtimoiy faollashsa, uning hayotda maqsad qo‘yishi, jamiyat bilan munosabatga kirishishi erta shakllanadi. 8 yoshgacha bo‘lgan bolalarning tarbiyasi butun umrga ta’sir qilishiga ham qo‘shilaman. Sababi bolalarning miyasida “yacheyka”lar paydo bo‘ladi. 8 yoshgacha uy, tog‘larni, mollarni ko‘rib, telefon o‘ynab qolishi oqibatida mana shu “yacheyka”lar bo‘sh bo‘lib qoladi.
Xulosa qilib aytsam, [xorij mamlakatlari] Germaniyada bolani qabul qilishda psixologik, fiziologik jihatdan tekshirish sistemasi yaxshi rivojlangan. Ota-ona ariza bilan tayyormas desa ham, bolani tekshirib aniqlashadi. Bizda esa bu tizim rivojlanmagan.
Komil Jalilov: Bola qachon maktabga borishga aqliy jihatdan tayyor bo‘lishini aniqlash maqsadida ham ba’zi tadqiqotlar o‘tkazilgan. Mana shu tadqiqotda “mental age” degan termini ham kiritishgan, ya’ni bolaning jismoniy yoshi emas, balki aqliy yoshi muhim ahamiyatga ega. Natijaga ko‘ra, maktabga qabul qilishdagi eng maqbul yosh 5,8 yoshdan 6,6 yoshgacha bo‘lgan davr ekan. Olimlar yana shunday fikrlarni aytadi: bolalar har qanday yoshda o‘rganishga tayyor bo‘ladi, faqat ularga nimani va qanday o‘rgata olish masalasiga aniqlik kiritish lozim.
– Otabek aka, Telegram'dagi shaxsiy kanalingizda bolani bog‘cha, maktabga berish yoshi o‘zgartirilishini taklif qilgansiz. Sizningcha, hozirgi tartibda bola ta’lim olishga kechikyaptimi? Bola ta’limining bir necha yillarga kechikishi qanday iqtisodiy oqibatlarni yuzaga keltiradi, bu nimalarga ta’sir qilishi mumkin?
Otabek Bakirov: Mening e’tirozim nimadan iborat? 2020 yil ayni pandemiya paytida hech qanday muhokamasiz, jamoatchilik fikrini so‘ramasdan, Ta’lim to‘g‘risidagi qonun o‘zgartirilgan. Odamlar maktab yoshi 7 yosh bo‘lganini sentabr oyining oxirida eshitgan. Qonun qabul qilinib, imzolanib, lex.uz bazasida paydo bo‘lganidan keyin.
Biz qaysidir masala bo‘yicha bir qarorga keladigan bo‘lsak, bu ijtimoiy kelishuv bo‘lishi, bunda jamoatchilik shartnomasi bo‘lishi lozim. Shundagina bu ishlaydi. Bu — muhim ijtimoiy masala. Biz 2020 yilda avgust-sentabr oylarida na parlamentdagi ochiq muhokamalarsiz mana shu qonunga o‘zgartirish kiritdik, biror bir o‘zbekistonlikdan, ota-onalardan so‘ramadik, na so‘rovnomalar o‘tkazildi, na ilmiy tadqiqotlar va na psixologik o‘rganishlar amalga oshirildi. Sentyabrning oxirida gazeta va lex.uz bazasida bundan buyon maktabga qabul qilish yoshi 7 yoshdan bo‘lishi aniq bo‘ldi.
Hech kim bu qarorni iqtisodiy, sotsial, ijtimoiy asoslarini, mavjud resurslardan kelib chiqib izohlab bermadi. Bu pojarni o‘chirish uchun qabul qilingan qaror edi xolos. O‘zbekistonda yildan yilga maktab yoshiga yetayotganlar bitiruvchilar sonidan ikki barobarga ko‘payib boryapti. Menimcha, faqatgina shu sonlarni kamaytirish uchun qilingan ish bo‘ldi. Bu – shoshmashosharlik bilan qabul qilingan qaror. Bog‘chaga bormagan bolalar 6 yoshdan tayyorlov guruhiga borishi kerakligi belgilandi, lekin shu ham ishlayotgani yo‘q. 2018 yilgi qarorga ko‘ra, 2022-2023 yilgi o‘quv yilida tayyorlov guruhlari butun O‘zbekiston maktablarining 90 foizini qamrab olishi kerak edi. Necha foizga qamrab ololdik? Shu bo‘yicha kimdir savol berib ko‘rdimi o‘zi? Toshkent shahrida 15 foizga yetgani yo‘q, viloyatlarni-ku gapirib o‘tirish shartmas.
Shavkat Mirziyoyev yiliga 500 ming o‘quvchi o‘rni yaratilishi haqida gapirdi. Shu yerda bir savol bor: o‘sha qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratish 1 yillik tayyorlov guruhlari ehtiyojini ham nazarda tutganmi? Shu narsalar hisob-kitob qilinyaptimi?
Hozirda bolalarimiz to‘q, ko‘proq axborot muhitida yashayapti, sotsiallashyapti. Shu nuqtayi nazardan olib qaraganda, juda ko‘pchilik bolalar maktabga tayyor. Shuning uchun 6 yoshdan ixtiyoriy, 7 yoshdan majburiy maktabga borish tizimiga o‘tish kerak, fikrimcha. Qonunlarimiz ham shunga taqalyapti, 6 yoshdan majburiy boshlang‘ich tayyorlov guruhlari bo‘lishi kerakligi aytilgan. E’tirozim shu: o‘zlari yozgan narsalarga o‘zlari amal qilmayapti mas’ullar.
- Intervyuning to‘liq qismini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Mavzuga oid
15:42 / 28.10.2024
O‘zbekistonda maktablarda kuzgi ta’til 4 noyabrdan boshlanadi
19:45 / 09.10.2024
O‘qituvchilarning paxta terimiga jalb etilishi noqonuniy - MMTV
19:28 / 03.10.2024
“Men bolalardan o‘rgangani kelganman” - Andijondan Qashqadaryoning chekka hududiga borib ishlayotgan o‘qituvchi
14:52 / 03.10.2024