O‘zbekiston | 15:27 / 19.07.2023
13918
3 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchilar malakasini oshiruvchi institutda milliardlab pullar “yeb ketilgani” aytilmoqda

Antikorrupsiya agentligi o‘rganishlari davomida A.Avloniy nomidagi Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish instituti mansabdorlari 8,4 milliardlik shartnomani tuzishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygani aniqlandi. Institut prorektoriga aloqador ko‘rilgan firmaga esa 2,8 milliard so‘m mablag‘ ortiqcha to‘lab berilgan.

Foto: Getty Images

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ma’lum qilishicha, A.Avloniy nomidagi Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish institutida korrupsion holatlar aniqlangan.

Xususan, institut vazirlikning “Zo‘r” loyihasi doirasida hududlardagi maktab o‘quvchilariga rus tilini o‘rgatish uchun 150 nafar rossiyalik mutaxassisning tashrifi va ularning uy ijarasi uchun “Araks Trade Business” MChJ bilan 8 mlrd 473,4 mln so‘mlik shartnoma imzolagan. Kompleks ekspertizadan o‘tkazilmagan ushbu shartnomani tuzishda esa manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan.

Ya’ni “Araks Trade Business” MChJning 2013-2021 yillardagi ta’sischisi K.F. bo‘lib, u 2018 yildan buyon Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish bo‘yicha milliy tadqiqot institutida o‘quv-metodik ishlar bo‘yicha prorektor lavozimida ishlaydi.

Bundan tashqari shartnomaning o‘zida ham qo‘shib yozish va ortiqcha to‘lovlar bo‘lgan.

Xususan, shartnomaga muvofiq, 149 ta uy-joy ijarasi va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haqiqatda sarflangan mablag‘lardan kelib chiqib, institut tomonidan xarajat qilingan summa 4 mlrd 858 mln so‘mni tashkil etgan. Biroq 2021 yil sentabr — 2022 yil iyun oylarida Rossiyadan amalda kelmagan 31 nafar o‘qituvchiga 4 oydan 10 oygacha yashamagan ijara uy-joylari uchun 569,4 mln so‘m ortiqcha to‘langan.

Shuningdek, uy-joy ijarasi va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun 4 mlrd 858 mln so‘m to‘lanishi lozim bo‘lgan bo‘lsa-da, institut tomonidan 7 mlrd 52 mln so‘m mablag‘ o‘tkazib berilishi hisobiga “Araks Trade Business” MChJga 2 mlrd 194,2 mln so‘m mablag‘ ortiqcha to‘lab berilgan. Bu mablag‘lar keyinchalik o‘zlashtirib yuborilgan.

O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijalari bo‘yicha Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Malaka oshirish instituti hamda “Araks Trade Business” MChJ mansabdorlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olmazor tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borildi. Ayni paytda holat bo‘yicha sud jarayonlari davom etmoqda.

Ayni paytda institut rasmiy saytida ikkita prorektor lavozimi vakant bo‘lib turibdi. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, institut prorektori sifatida 2020 yil 30 oktyabrda Karimov Farhod Erkinovich “Onlayn maktab” ruknidagi darslarni tasvirga olishda faol qatnashgani uchun “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda «Araks Trade Business» MChJ ta’sischisi va direktorlari ham o‘zgarganini ko‘rish mumkin.

 

Mavzuga oid