O‘zbekiston | 17:37 / 20.07.2023
10319
5 daqiqa o‘qiladi

Shaharlarning «o‘pkasi» – yashillikni qanday qilib ko‘paytirish mumkin?

2050 yilga borib dunyo aholisining 68 foizi shaharlarda yashashi prognoz qilingan. Shaharlarga hamma sig‘ishi mumkin, lekin kislorod hammaga yetishi, ekologiyaning ahvoli xarob bo‘lmasligi uchun nimalar qilish kerak?

O‘zbekistonning yirik shaharlarida yashillik qisqaryapti. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistonda shaharlarning kengayishi va buning atrof-muhitga ta’sirini tahlil qildi. Unga ko‘ra, Toshkentdagi qurilishlar sabab yashillik qisqarib borgan. Yashillik 2022 yilda 2017 yildagiga nisbatan Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida 26 foiz, Yakkasaroyda 23 foiz, Olmazorda 33 foiz, Mirzo Ulug‘bekda 18 foizga qisqargan. Bunday holat respublikaning boshqa hududlarida ham aniqlangan. Buxoro shahrining markaziy qismida yashillik darajasi 37 foizga kamaygan.

Lekin ekosevar davlatlar allaqachon ekologiya salomatlik uchun o‘ta ahamiyatli ekanini, buning uchun yashil zonalar muhimligini tushungan. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi muammolari yiriklashib borayotgan bir paytda yashillik qancha ko‘p bo‘lsa, uning ta’siri kamroq his qilinadi.

Ekologiya – davo

Tabiatning inson ruhiy va jismoniy salomatligi uchun foydasi katta. 18 ta davlatdan 16 ming odam qatnashgan tadqiqotda yashil va qirg‘oqbo‘yi hududlarda yashovchi ishtirokchilarning umumiy holati boshqalarnikidan yaxshiroq ekani ma’lum bo‘lgan. Bundan tashqari, yashil zonalar va suv bo‘yiga tez-tez borib turadiganlarning sog‘ligida ham muammolar kam, stressga kamroq yo‘liqishadi.

Yaponlarda tabiatdan davo olish usuli – “O‘rmon dushi” mavjud. Bu terapiyaga ko‘ra, inson o‘rmon yoki daraxtlar orasida chuqur nafas olgan holda piyoda sayr qiladi. Tabiatni his qilish va daraxtlar isini tuyish bilan qon bosimi tushadi, stress kamayadi.

Shuning uchun ham olimlar haftasiga kamida 2 soatni yashil zona yoki qirg‘oq bo‘yida sayr qilib o‘tkazishni maslahat berishadi.

Shaharlarni cho‘llantirish emas, yashillantirishning qanday tajribalari bor?

Yirik va aholi zich yashaydigan shaharlarda yashillik yaratishyapti yoki saqlab qolishyapti. Qanday qilib?

Mo‘l-ko‘l parklar yaratish: shaharlar ichida yashil bog‘lar o‘pka vazifasini bajaradi. Ular shahar aholisiga nafaqat toza havodan to‘yib nafas olish imkonini beradi, balki issiq shaharlarning sovitkichi bo‘lib xizmat qiladi.

Masalan, Nyu-York shahridagi Central Park 1858 yildayoq odamlarga shahar hayotidan biroz chekinib, tabiatni to‘la his qilishlari uchun imkon beruvchi zona sifatida qurilgan. Hozir ham bu vazifani bajarayotgan parkka har yili 42 mln atrofida odam keladi.

Central Park. Nyu-York

Samarali jamoat transportining bo‘lishi. Yuqori texnologiyalarga asoslangan, arzon va tezkor, odamlarga shaxsiy mashinalaridan foydalanishga ehtiyoj tug‘dirmaydigan jamoat transporti shahar tozaligi uchun muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari, elektrokarlar ham shahar ifloslanmasligiga yordam beradi.

Masalan, jamoat transporti eng rivojlangan davlatlardan biri Shveytsariyada transportlar tanlovi turlicha. Jamoat transportiga oid turli ilovalar ham odamlarga maksimal qulaylik yaratadi.

Noyob dizaynga ega transport. Shveytsariya.

Veloyo‘laklar tashkillashtirish. Tirband shaharlarda velosipedlarda harakatlanish ancha noqulay. Ammo maxsus yo‘laklarga ega, odamlarni velosipedlarda harakatlanishga rag‘batlantirish bilan shahar havosi toza saqlanib qoladi.

Masalan, dunyo bo‘yicha velotizimi eng yaxshi rivojlangan shahar Kopengagenda aholining 62 foizi kundalik qatnovlarini velosipedda amalga oshiradi.

Yuqori profilli yashil binolar qurish. Odamlar zich yashayotgan shaharlarda turli parklar qurish bilan birga yashil zona yaratishda ko‘p qavatli binolarni ham yashillikka uyg‘un holda qurish kislorod manbaini yaratishga yordam beradi. Yashillik binolarda faqatgina deraza bezagi vazifasini o‘tamaydi.

BMT tahlillariga ko‘ra, 2050 yilga borib dunyo aholisining 68 foizi shaharlarda yashay boshlaydi. Iqlim o‘zgarishi ta’siri esa ortib boryapti. Gorizontal yashil zonalardan tashqari vertikal binolarda ham yashillikning yaratilishi shaharliklarga iqlim o‘zgarishi ta’sirini kamroq his qilishga yordam beradi.  

Dunyoning eng top yashil binolari

Toronto daraxt minorasi. Kanada.
Park Royal mehmonxonasi. Singapur.
Yashil minoralar – Xitoy.
Bosko vertikal osmono‘par binosi. Milan, Italiya.

Yashil liderlik. Ekologiyaga e’tibor beradigan rahbarlarning shaharlarda asosiy vazifalarga biriktirilishi uning obod bo‘lishida anchayin ahamiyatli.

Lekin faqat yashil zonalarning borligi, yaxshi jamoat transportining o‘zi shaharlarning yashil va ko‘rkam bo‘lishi uchun yetarli emas. Jamiyatdagi odamlarning ekoparvar bo‘lishi ham ahamiyatli.

Mavzuga oid