O‘zbekiston | 15:23 / 21.07.2023
3791
3 daqiqa o‘qiladi

Arxeolog va restavratorlarni tayyorlashda Fransiya bilan hamkorlik qilinadi

Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan Fransiyada bo‘ldi. Tashrif doirasida O‘zbekiston-Fransiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar, ijtimoiy, madaniy-gumanitar, parlamentlararo hamkorlik masalalari bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazilgan.

Foto: Senat.uz

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Fransiyaga bordi. Tashrif doirasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazilib, muhim kelishuvlarga erishilgan. 

 Xususan, “Rothschild&Co” Kuzatuv kengashi a’zosi A.Rotshild bilan suhbat chog‘ida tomonlar xalqaro investitsiyalar sohasidagi joriy tendensiyalarni, ularni amalga oshirish istiqbollarini, shu jumladan O‘zbekistonning asosiy aktivlarini xususiylashtirish dasturlarini amalga oshirishda kompaniyaning tajribasini samarali qo‘llashni muhokama qilgan. O‘z navbatida, Baronessa Ariel Malar de Rotshild “Rothschild&Co” moliyaviy guruhi O‘zbekistonda boshlangan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga, iqtisodiyotni isloh qilishda, jumladan, kambag‘allikni tizimli qisqartirish masalalarini hal etishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirgan.

Uchrashuv yakunida “Rothschild&Co” kompaniyasi ishtirokida davlat obektlari va korxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish maqsadida doimiy o‘zaro aloqalarni davom ettirishga kelib olingan.

Delegatsiya tashrifi doirasida “Total Eren” ijro etuvchi vitse-prezidenti Faben Demol bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Unda O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Samarqand viloyati Nurobod tumanida 100 MVt quvvatga ega fotoelektr stansiyasini muvaffaqiyatli ishga tushirgan “Total Eren” kompaniyasi yangi yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish orqali O‘zbekistondagi ishtirokini kengaytirishga intilayotganini ma’lum qilgan. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi Fransiya milliy merosi instituti direktori Sh.Personnaz bilan ham muloqot o‘tkazgan. Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar sohasida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilingan.  

 Muloqot chog‘ida O‘zbekistondagi madaniy meros obektlarini restavratsiya qilish sohasida Fransiyaning ilg‘or tajribasini tatbiq etish muhimligi ta’kidlangan. Xususan, Fransiya Milliy meros institutining yetakchi mutaxassislarini jalb etgan holda mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirish, ikki mamlakat yetakchi ekspertlari ishtirokida madaniy merosni rivojlantirish yuzasidan qo‘shma amaliy seminarlar o‘tkazishga urg‘u berilgan.

Uchrashuv yakunida O‘zbekistonda madaniyat va san’at hamda moddiy-madaniy meros obektlarini muhofaza qilish sohasida kadrlar salohiyatini oshirish, o‘zbek arxeologlari va restavratorlarini maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish va ularning Fransiya Milliy meros institutida ilmiy-texnik bilim olishlari borasida kelishuvga erishilgan.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid