Zelenskiy nima uchun tarixiy shaxs?
Bosqinning ilk kunlarida, dunyo Ukrainaning qulashini kutayotgan bir vaqtda Kiyevni tashlab ketmagan Volodimir Zelenskiy, qat’iyatli videobayonotlari orqali o‘zidagi ishonch va jasoratni ukrain xalqiga yuqtirgani bilan, urushdagi birinchi qahramonga aylanib ulgurgan edi.
Insoniyat tarixi – katta voqea va hodisalardan, tub burilishlardan iborat. Bundan yirik voqea-xodisalar, tub burilishlar esa, o‘sha davrdagi muhim qarorlarni qabul qilayotgan shaxslar va ularning shaxsiyatlariga borib taqaladi.
Bugun dunyoda yirik urush ketmoqda. Rossiya Federatsiyasining Ukraina hududiga bostirib kirganiga salkam bir yarim yil bo‘lyapti. Bu urush – ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik va noqonuniy agressiyalardan biri. Bu urush nafaqat butun dunyoni, eng avvalo, post-sovet hududini, jumladan Markaziy Osiyoni larzaga soldi. Bu urush dunyo ekspertlari tomonidan “21-asrdagi imperiyachilik urushi” deb nomlandi.
Urush cho‘zilib ketdi. Avvaliga, uzog‘i bir-ikki haftada Rossiyaning mutlaq g‘alabasi bilan tugashi taxmin qilingandi. Lekin Moskvaning rejalari to‘liq buzilib ketdi. Bu rejalarning amalga oshmasligiga ko‘plab omillar sabab bo‘ldi. Bu omillar ichida eng muhimlaridan biri – urush boshlangan kunlari katta jasorat va matonat ko‘rsata olgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning shaxsiyati bo‘ldi.
Tarix – shaxslar va ularning rollaridan iborat. Rossiya Ukrainaga to‘satdan bostirib kirganida, AQSh va Angliya Zelenskiyga boshpana taklif qildi. Qolaversa, unga tezda Kiyevdan yoki Ukrainadan chiqib ketish ham maslahat berilgan edi. Ya’ni AQSh boshchiligidagi g‘arb davlatlarining ishonchi komil ediki, Zelenskiy boshchiligidagi Ukraina hukumati uzoq yashay olmaydi, Rossiyaning harbiy bosimlariga dosh bera olmaydi. Lekin kutilmaganda Zelenskiy boshpana taklifini qabul qilmadi. Aksincha, tarixda qolgan jumla bilan javob berdi: “Siz menga boshpana emas, qurol-yarog‘ bering”.
1978 yil yanvarida Ukrainada tug‘ilgan Volodimir Zelenskiy professional siyosatchi emas. 2019 yil 21 aprelda o‘tgan prezidentlik saylovida sobiq prezident Poroshenko ustidan 73,22 foizlik katta farq bilan g‘alaba qozongan edi. Unga qadar, Zelenskiy hech qachon davlat ishida ishlamagan, biron marta ham saylanadigan lavozimlarda bo‘lmagan edi. Zelenskiyni Ukraina xalqi hajvchi aktyor sifatida tanir edi xolos.
U o‘zining saylov kampaniyasini “Rossiya bilan tinchlik sulhiga erishish”, “tinch yashash” shiorlari ostida olib bordi. Qolaversa, u korrupsiya bilan qattiq kurashishni va’da berdi. Biroq, saylovlar o‘tgach, Putin u bilan ko‘rishishni istamadi. Kutilmaganda, 2022 yilning 24 fevralida, Putin Ukrainaga vajohat bilan bostirib kirdi.
Urushning birinchi soatlari va kunlarida Zelenskiy Ukrainadan qochmadi. Hattoki, Kiyevni ham tark etmadi. Aksincha, tan soqchilari qarshiligiga qaramay, Kiyev ko‘chalariga chiqib, video oldi va aholiga tarqatdi. Zelenskiyning jasorati butun Ukraina xalqiga yuqdi. Dunyo hayratlandi.
Jasorat – insonlardagi ruhiy xolat. Jasorat va matonat kabi xislatlarni soxtalashtirib bo‘lmaydi. Bu xislatlar insonda yoki bo‘ladi, yoki bo‘lmaydi. Urush boshlangan kunlari, Kiyevni juda ko‘plab siyosatchilar va davlat mulozimlari tark etgan edi. Lekin, Zelenskiy Kiyevda qoldi, va bu bilan, urushning o‘zgarishiga eng katta hissa qo‘shdi. Faraz qiling, agar Zelenskiy ham urush boshlanishidayoq Ukrainani tashlab qochganida edi, Ukraina bu urushni yutqazish ehtimoli katta bo‘lardi. Urushda g‘alaba qozongan Rossiya post-sovet hududidagi boshqa davlatlarga imperiyachilik bosimini, balki loyihalarini amalga oshirayotgan bo‘larmidi?
Urush boshlangach, Ukraina prezidenti urushdagi davlatni boshqarayotgan bosh qo‘mondonga aylandi. Kuzatuvchilarning xulosasiga ko‘ra, Zelenskiy juda katta mahorat bilan kuchli komanda to‘pladi va ularning fikriga quloq solish qobiliyatini ko‘rsatdi. Bir tomondan, prezidentlik salohiyatini yo‘qotmaslik, boshqa tomondan, hammani eshita olish va eng to‘g‘ri qarorlarni tanlab, qabul qilish – baribir katta tajriba va mahorat talab qiladi. Garchi Zelenskiyda davlat boshqaruvi tajribasi bo‘lmasa-da, u jamoa bilan ishlash va to‘g‘ri qarorlar qabul qilish malakasini ko‘rsata oldi.
Zelenskiyning uchinchi yutuqli xarakteri – u qat’iyatlikni va mo‘’tadillikni saqlay olishi. Urush davrida davlatni boshqarish og‘ir mashaqqat ekanini tasavvur qilish mumkin. Har kuni yuzlab, minglab odamlar halok bo‘lishini ko‘rish, anglash – odatda ruhiy iztiroblarga, siyosiy ekstremizmga sabab bo‘lishi tayin. Lekin, Zelenskiy, Poroshenkodan farqli ravishda, imkon qadar mo‘’tadillikni saqlab qolishga harakat qildi, va bu bilan dunyo hamjamiyati oldida ratsional, vazmin va ishonchli siyosatchi sifatida qabul qilindi.
Maqsadga intilish bobida Ukraina yetakchisi bilan bellashish qiyin. Urush boshlangan bir yil ichida, Zelenskiy Ukraina xalqi va dunyo hamjamiyatiga 500 dan ortiq murojaatlar yo‘lladi. Bugungi kunga kelib, jami murojaatlari 700 dan oshdi. Har bir xalqaro tadbir, konferensiya va forumlar, Zelenskiy nazarida, Ukraina g‘alabasi uchun imkoniyat sifatida ko‘rildi.
2022 yilda dunyoga mashhur Time jurnali, Financial Times gazetasi va boshqa xalqaro nashrlar Zelenskiyni “yil odami” deb e’lon qildi. Bir vaqtlar odamlar uchun shunchaki askiyachi va aktyor sifatida ko‘rilgan Zelenskiy, urush davridagi davlat rahbari vazifasini bajarishga majbur bo‘ldi.
Uning matonati hamda professionallikka intilishi, nafaqat Ukrainaning g‘alabasi, balki post-sovet hududidagi imperiyachilikning mag‘lubiyati uchun misli ko‘rilmagan ulkan hissa qo‘shdi.
Zelenskiyning hikoyasi hali tugagani yo‘q. Lekin uning jasorati va matonati, unga tarixiy haykal qo‘yishga imkon berib bo‘ldi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Mavzuga oid
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024