Jahon | 09:48 / 26.07.2023
4625
2 daqiqa o‘qiladi

Bryusseldagi teraktlar ishi bo‘yicha olti kishi aybdor deb topildi

2016 yilning mart oyida Belgiyada sodir etilgan qator teraktlar oqibatida 30 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, yuzlab odamlar jarohatlangan edi. Hakamlar hay’ati 18 kunlik muhokamadan so‘ng sud qarorini e’lon qildi. 

Foto: AFP

25 iyul, seshanba kuni Bryusseldagi hakamlar hay’ati Belgiyada 2016 yilda sodir etilgan teraktlar ishi bo‘yicha qaror chiqardi

Belgiyaning Belga axborot agentligi xabariga ko‘ra, ushbu shov-shuvli sud jarayonida o‘n nafar ayblanuvchidan olti nafari terrorchilik sababli odam o‘ldirishda aybdor deb topilgan. Bu modda bo‘yicha yana uch nafar sudlanuvchi oqlandi. 2016 yilgi teraktlar bo‘yicha ish bo‘yicha oxirgi, o‘ninchi ayblanuvchi Suriyada sud qaroridan oldin vafot etgan. Jinoyatchilarga berilgan jazo turi sentabr oyida ma’lum bo‘ladi.

2016 yilning 22 mart kuni IShID terrorchilik guruhining uch nafar a’zosi dastlab Bryussel xalqaro aeroportida, so‘ng Belgiya poytaxtining eng gavjum hududlaridan biri - Maelbeek metro bekatida portlashlar uyushtirdi. Natijada 32 kishi halok bo‘ldi, yana 340 kishi jarohat oldi. 

Ish bo‘yicha ayblanayotgan o‘n nafar sudlanuvchidan sakkiz nafari dastlab terroristik sabablarga ko‘ra 32 kishini o‘ldirish, terroristik sabablarga ko‘ra 695 kishini o‘ldirishga urinish, terrorchilik guruhi faoliyatida ishtirok etishda ayblangan. Yana bir shaxs faqat terrorchilik guruhiga a’zolikda gumonlangan. 

Belga agentligi xabariga ko‘ra, o‘n nafar sudlanuvchidan sakkiz nafari terrorchilik tashkiloti faoliyatida ishtirok etganlikda aybdor deb topilgan. Shu bilan birga, rasmiy ayblovda terrorchilar qurbonlari soni 35 kishigacha ko‘tarildi - hujumda jabrlangan yana uch kishi jarayon davomida kasallik yoki o‘z joniga qasd qilish natijasida vafot etgan. 

Mavzuga oid