Nukus shahri hokimi o‘zgardi
Nukus shahrining oldingi hokimi Utemurat Panayev amaldor bo‘lganidan keyin ham tadbirkorlik bilan shug‘ullanishda davom etgani ma’lum bo‘lgandi.
Abatbay Daniyarov Qoraqalpog‘iston Respublikasi markazi Nukus shahriga yangi hokim etib tayinlandi.
Abatbay Saparbayevich Daniyarov 1987 yilda tug‘ilgan, 2016 yildan «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi bo‘lgan, keyinroq Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
2020 yil yanvaridagi saylovlarda senatga saylanib, senatning eng yosh a’zolaridan biriga aylangandi. 2022 yil yanvarida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan va hozirgacha shu lavozimda faoliyat yuritayotgandi.
2021 yilda «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan.
Nukus shahriga bungacha, 2020 yil noyabridan buyon Utemurat Panayev hokimlik qilayotgandi. Biroz avvalroq Kun.uz saytida ushbu hokim yog‘och va qurilish materiallari ulgurji savdosi bo‘yicha agentlar faoliyati bilan shug‘ullanuvchi «Pragama Up» MChJ ta’sischisi hisoblanishi, hokimlikka tayinlanganidan keyin ham kompaniyaga egalik qilishda davom etayotganiga e’tibor qaratgandi.