O‘zbekiston | 18:50 / 28.07.2023
20959
3 daqiqa o‘qiladi

Jahongir Ulug‘murodovga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi

Oliy sud kassatsiya instansiyasi ajrimi bilan Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilib, unga yengilroq jazo tayinlashni qo‘llagan holda – 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Jazoni ijro etish joylarida qamoqdan darhol ozod qilinishi belgilangan Ulug‘murodov jazosini yashash joyida tungi vaqtlarda ko‘chaga chiqmasdan o‘taydi.

Oliy sud matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, birinchi instansiya sudi jazoni yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olgan bo‘lsada, ish holatlariga, uning sodir etgan jinoiy qilmishi, o‘zining shaxsi va sodir etilgan ijtimoiy qilmishga nisbatan keyingi munosabatlariga yetarlicha e’tibor qaratmasdan, J. Ulug‘murodovni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatish mumkin emas, deb ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo tayinlagan. 

“Jinoyat-protsessual kodeksining 509-9-moddasi (kassatsiya instansiyasi sudining vakolatlari) da kassatsiya instansiyasi sudi jinoyat ishini ko‘rib chiqishda birinchi instansiya sudining hukmini va apellyatsiya instansiyasi ajrimini o‘zgartirish to‘g‘risida ajrim qabul qilishga haqli ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Shu sababli kassatsiya sudlov hay’ati, ish bo‘yicha J. Ulug‘murodovga nisbatan chiqarilgan sud qarorlarini o‘zgartirib, uning yoshligi, talaba ekanligi, muqaddam sudlanmagani, o‘qish joyidan ijobiy tavsiflangani, oilaviy sharoiti, qilmishidan pushaymonligi, shuningdek jinoyat sodir etgandan keyingi xulq-atvori kabi holatlarni e’tiborga oldi.

Shu tariqa Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2023 yil 28 iyuldagi ajrimiga muvofiq J. Ulug‘murodovga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilib, unga Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan ushbu Kodeksning 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) ni qo‘llagan holda 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi”, - deyiladi Oliy sud bayonotida.

Ulug‘murodovning qamoqda saqlangan davri chegirilib, o‘tash uchun 2 yil 6 oy 26 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi. U ozodlikni cheklash jazosini yashash joyi bo‘yicha o‘taydi: soat 22:00 dan soat 06:00 ga qadar yashash joyidan chiqish taqiqlandi. Shuningdek, Oliy sud ajrimi bilan Jahongir darhol jazoni ijro etish joylarida qamoqdan ozod qilish belgilandi.

Advokat A. Abdullayevning himoyasi ostidagi J. Ulug‘murodovni oqlash haqidagi shikoyati esa qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

Jahongir Ulug‘murodov sinfdoshlariga YouTube'dagi nashida (diniy ashula) havolasini yuborgani 2023 yil yil 8 may kuni JIB Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan JK 244-1-moddasi 3 qismi “g” bandida nazarda tutilgan harakatni sodir etishda aybdor, deb topilgan. Unga JK 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanib, 3 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.

17 iyul kuni Toshkent viloyat sudi JIB sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining ajrimi bilan birinchi instansiyasining chiqargan hukmi o‘zgarishsiz, shikoyatlar esa qanoatlantirilmasdan qoldirgan edi.

19 iyul kuni Jahongir Ulug‘murodovning ota-onasi va advokati Oliy sudga borgan holda, kassatsiya arizasini kiritgan edi.

Mavzuga oid